erouy.ru

Yoz oqshomi

Boshqalar

O’tib ketdi qanchalar bahor,

Topolmadim bir yor vafodor!

O’zing dilkash, o’zing beg’ubor,

Bolaligim seni sog’indim!!!....

Dushanbadan yana otpuskaga chiqaman, shu sabab chala ishlarimni hammasini bugun kechgacha tugatishni niyat qilib bor g’ayratim bilan ishga tushdim. Mana soat milllari ham oltiga yaqinlashib qoldi: bu ish deganni oxiri ko’rinmaydigandek edi go’yo, mana nihoyat oxirgi dokumentni pechat qilib hisobotimga tikdim va o’zimga tanish shkafimga joyladim. Endi 15 kunga xayr meni tebratma bo’lmasada yumshoqqina ish kreslom. Bugun kech qolib ketishimni gumon qilib shafyorimga olib ketishga kelmasligini aytgandim, bir studentlikni eslay deb ishxonam ro’parasidagi avtobus bekatiga yo’l oldim. Hamma ishdan o’qishdan chiqqan, kimdir uyiga yana kimdir allaqayoqlarga oshiqadi, shovqun-suron avjida: mashina signallari, odamlarning baqir-chaqiri. Hali kunduzgi issiqning tafti qaytmagan, havoda qaynoq asfaltning chuchmal isi.

Bularning barchasini kuzatib turib anchadan beri yodga olmagan xotiralar yana jonlana boshladi: Uyimizning kungay tomonidagi devor ortida kattagina maydon bo’lardi, undan narida kichikroq anhor va o’tloqzor. Yoshlikning eng shirin damlari butun qishloq bolalari bilan mol-qo’y boqib shu maydon va soy bo’yida o’tgan. O’sha paytlarda ham kechki salqin tushmasdan mollarni o’tloqqa haydab futbol, chillak yoki lankani jonini chiqarib o’ynardik. Juda bo’lmasa uydan otamizni qartasini o’g’irlab chiqib yutqizgan molni qaytarib kelish sharti bilan durakni bosardik…

Kutulmaganda yangragan konduktorning shang’illagan ovozi hammasini to’zitib yubordi

- Qozog’iston kinoteatr, Georazvedka, Metro Bodomzor…

Tanish manzilni eshitdimu ko’pchilik qatori avtobusga o’zimni urdim. Har doimgiday tiqilinch yana ur sur – stidentlikka qaytganday bo’ldim xuddi. Pattachining ovozi ham ilgari zamonlardagidek:

- Qani ichkariroq o’tamiz, turmanglar eshikni oldida… Mana o’rtada kopto o’ynasa bo’ladi!!! Surilamiz. Proyezdnoy bilaetlarni ko’rsatamiz, yo’l haqini uzatamiz… Qani sizlarda nima ekan?!

Yonimda turgan ikkki yigitchaning studentligi ko’rinib turardi:

- Zato Mersda ketyapmiz,- deb bir biriga tasalli bergancha kulishadi.

Uyga ham yetib keldim. O’zim yoqtirgan qo’shiqni hirgoyi qilgancha kvartiram joylashgan etajga ko’tarilarkanman dimog’imga tamaki hidi urildi. Zina ustida bir odam chekib turardi, oyoqlari ostidagi xo’jalik xalatasidan qilingan sumkalardan va kiyinishidan qishloqlik ekani ma’lum. Tutatishga topgan joyingni qaraya degandek kinoya bilan yuziga ham qaramay o’tib ketdim. Eshigimga kalitni solishim bilan ortimdan juda-juda tanish do’rildoq ovoz yangradi:

- Jo’rajon, odamni tanimaysan ham-ey!

Bu ovozni ming yil eshitmasam ham, million odam bir vaqtda gapirganda ham aniq ajratib olardim:

- Qovunjon?! – deb laqabini aytib yubordim beixtiyor. (Aslida bu yigitning ismi Quvon bo’lib, u bilan 11 yil bir partada o’tirib o’qiganmiz – agar bitta do’stim bo’lsa xuddi shuning o’zi!). Og’zimdan chiqqan gapdan hijolat tortdim kap-katta, ko’rgan odam 3-4 ta bolasi bor deydigan kishini laqabi bilan chaqirsaya?! Duv qizardim.

- Ha adashmadingiz, Tarvuzboy,- Quvon ham darhol kaminaning taxallusini aytib chaqirdi.

Shu o’rinda bu g’alati ismi sharifday bo’lib qolgan laqablarning tarixini aytib bersam:

Birinchi sinfda barcha xarflarni o’zlashtirib olgach o’qituvchi opamiz tomonidan bir betni to’ldirib ism-familiyamizni yozishimiz topshiriq qilib berildi. O’quvchilarni barchasi berilgan topshiriqni bajarib topshirishdi, ishlarni tekshirib o’tirgan opamiz negadir piqirlab kulib yubordi va ovozini chiqarib bir varaqni o’qiy boshladi:

- Ochilov Qovunjon?

Butun sinfda kulgu yangradi, ma’lum bo’ldiki Quvonjon harflarning o’rnini almashtirib ismining o’rniga Qovunjon deb bir sahifani to’ldirib bergan ekan. Shu-shu do’stimning nomi poliz ekiniga aylandi qoldi.

Meni laqabim tarixi esa bunday: rangim zaxilroq bo’lgani bilan agarda sal uyalsam ham tarvuzdek qizarib ketadigan odatim bor edi. Shu sabab meni ham yoshligimdan Tarvuzboy - usti yashil ichi qizil deb atashardi.

Egizaklar kabi bir partada 11-yil yonma yon o’tirib Qovun – Tarvuz laqabini birga baham ko’rib katta bo’lagan do’stimni kulbayi vayronamga boshlab kirdim.

Doimgi hol ahvol so’rashishlardan keyin birga qozon kabobcha yasadik.

- Zo’ridan bor, yarimtani maydalaymizmi?- deb taklif qildim.

- Qo’ysangchi, yuz ko’rishmaganimizga ham 7 yil bo’libdi! Shu zormandani deb o’tirishimizni rasvo qilmaylik,- javob qaytardi Quvonjon.

Ovqatlanib o’tirib yana yoshlikdagi qiziq hangoma va voqealarni esga oldik. Faqat ikki inson bilan bog’liq narsalar aytilmadi. Gap ularga taqalganda mavzu boshqa tomonga o’zgartirilaverdi. Bu odamlar haqida keyinroq batafsil bilib olasiz.

Bir bo’lak kartoshkani sanchqiga ildirdimu Quvonga gap otdim:

- Eslaysanmi maydonda mol boqqanimizda qo’rga kartoshka ko’mib yerdik?- deb bolalikdagi ajoyib odatimiz haqida gap ochdim.

- Albbattada jo’rajon. – Quvon ham yoshlikni eslagandek entikib javob berdi.

Endi o’ylasam hali ham o’sha chala pishgan bir tomoni kuygan pachoq kartoshkadek totli taomni tatib ko’rmagan ekanman….

- Cheksam maylimi?- so’radi do’stim.

- Bemalol,- deya derazani ochdim.

Xonaga sokingina esgan shaboda kirdi. Saldin yoz oqshomi, tamaki tutuni va do’st diydori hayotimdagi mash’um kundan oldingi kechani yodimga tushirdi:

Bitiruvchilarga shahodatnomani topshirgani shaxsan hokim buvaning o’zlari kelarmush degan gap tarqaldiyu yangi maktab qurilgandek bo’ldi go’yo, hali ohak nimaligini ko’rmagan tashqi devorlar bo’yaldi, yumshatilmaganiga yuz yil bo’lgan yerlar ham chopiq qilindi, ko’chgan joylar suvaldi. Bu yog’I qo’ldan kelgancha hashar qilinib tozalab chinni chiroq qilindi. Kechki mahal esa ertaga katta hayotga qadam qo’yadigan bitiruvchi yigitlar va qizlar tanish maydon chetida yig’ilishdi. Barchasi xursand – endi katta odam bo’lishadi! Har kim kelajak rejalarini og’izlari to’lib maqtanib navbatma navbat aytishyapti:

- Men otamni do’konini katta shaharlardagidek magazinga aylantiraman,- kerilgancha gapni boshladi Sobir do’konchini o’g’li Maruf.

- Men yer olib o’zimni fermer xo’jaligimni tashkil qilaman.

- Men ustachilik qilaman…

Navbat menga yetganda hali yangramagan rejani aytib yubordim:

- Men o’qimoqchiman.

- Men ham,- deya gapimga qo’shildi Lola.

Yuqorida aytib o’tgan insonlarimdan biri shu edi - qishloqning eng lobar qizi, sindoshim Lola. Uni zimdan sevguvchi oshiqlar ko’p bo’lsada birortasi yurak yutib buni izhor qilolmagan . Sababi uning otasi Soli rais – maktabimizning homiysi va haqiqiy “direktori”, eng qattiqqo’l, qahrli odam. Hech kim tayinlamagan bo’lsa ham o’zini xuddi qishloq oqsoqolidek tutadi – bu men eslagan ikkinchi odam.

- Men ham o’qimoqchi edimu otam qo’y shu qishloqda ham kuning o’tadi, o’qib olim bo’larmiding ana bog’imizni yuritasan dedilar,- deb Quvon mavzuni tugatdi.

Erta tong mahal maktabda yig’ilishni kelishib tarqaldik.

Sahar mardondan maktabda ish qizg’in: minbar o’rnatilib atrof suv sepilib supirilgan. Ana hokim buva kelyaptila man kelyaptilar deya hamma zir yugurgan, o’rtada oqsoqol Soli rais sen uni qil sen buni qil deya buyruqni berib turibdi.

Uzoq kutulgan mehmon hokim buva ham keldilar. To’ladan kelgan pakanagina tepakal boshi issiqdan sal qizarib yatiragan bu inson ham minbarga chiqib bitiruvchilarni birma bir chaqirib shahodatnomasini berib qo’l siqib tabrikladi.

Endi navbat Soli “direktor”ga keldi, ikki kundan beri qo’liga tushgan kitob, gazetayu jurnalardan olgan hali tuzukroq talaffuz qilolmaydigan yoki umrida biror marta eshitmagan jumla-so’zlarga boy 3 bet ma’ruzasini o’qishni boshladi. Hamma jim bo’lgancha tinglar, hokim buva ham ora orada maqul ishorasini qilib boshini qimirlatib qo’yardi. Bu ma’ruza jarayonida qishloq iqtisodiyoti yaqin kelajakda modernizatsiya bo’lib keyin diversifikatsiya va yana allombalolar bo’lishi kerak edi.

Nutqi so’ngida ko’pchilikning taqdiriga bo’lmasada Lola va mening taqdirimga anchagina kata ta’sir ko’rsatgan qarorni aytdi:

- Bu yilgi 50 nafar bitiruvchimiz o’zlari oldiga katta maqsadni qo’ydilar,- hokimga qarata gapini davom ettirdi: qurilishi boshlangan qoramolchilikka ixtisoslashgan fermani bunyod qilib shu fermaning ishchisiga aylanish va vatan obodligiga hissa qo’shish!

Hokim buva ham bu ajoyib g’oyadan boshi osmonga yetganini ko’rsatib qarsakni shaxsan o’zlari boshlab berdilar. Majbulikdan ularga jo’r bo’ldik.

- Endi o’qish degan narsani tushlaringda ko’rasanlar - piching qildi Maruf.

- O’zi otangni do’konchasiga odam tugul pashsha ham kirmaydiku, yana magazin qilaman deb boshni qotirasan! – og’ziga urdi Quvon.

Menku bir amallarman lekin bir chekkada otasining ahmoqona taklifini deb kelajagi vayron bo’layotgan Lolaning piqqilllab yig’lashi yuragimni ezdi.

- Lola, otang shunchaki aytdi qo’ydi shekilli. Hech qisi yo’q albatta o’qishga topshiramiz,- dalda bermoqchi bo’ldim.

- Yo’q, gaplari qatiy emish…

Quvonch bilan kutilgan tadbir ham dilxiralik bilan oxirlab dastlab “xurmatli” mehmon – hokim va undan keyin boshqalar tarqalishdi.

Uyga kelib bor gapni otamga aytdim - o’qishimni, u fermada ishlamasligimni. Otam ham fikrimga qo’shilgandek edilar:

- Mayli hozir chiqib Soliga o’zim tushuntiraman, albatta o’qiysan, bolam!

Otamday yaxshi inson yo’qdek edi go’yo. “Oqsoqol”ning uyiga ketgan otam to’rvasini yo’qotgan gadoydek qaytib keldi.

- Menimcha qishloqda qolasanov, o’g’lim.

Shu payt darvozamiz qattiq qattiq taqqilladi, eshikni ochishim bilan tanish tarsaki yuzimga tushdi:

- Sen bilan otang xalq dushmanisanlar! Butun kollektiv rozi bo’lib qo’shilib turgan ishni orqaga tortyapsanlar, dayuslar….

Xaqoratlarning keti uzilmas agar ishdan qochsam qishloqda yashatishga qo’ymasligi, biror joydan tayinli ish topa olmasligim va hokazolarni yuzimga tupuk sachratgancha vaz qildi.

Meni esa qonim qaynab borar, oxirgi gapi esa xanjar misol ko’ksimga urildi:

- Sen hali shunaqa itni bola deb o’stirdingmi?!- otamga qarata baqirdi.

Musht bo’lib turgan qo’lim bilan shart basharasini olib tushurdim.

- Osmon qo’lingda bo’lsa tashlab yubor, - tez uyga kirdimda shaharga ketishga deb tayyorlab turgan chemodanimni qo’limga ilingan narsalar bilan to’ldirib, uydan chiqdim.

Otam va onam qo’limga yopishdi jon bolam to’xta deb, akamdan hali ham minnatdorman, traktorchi bo’lib ishlaganlari bilan o’qishimga doim etibor berardilar. Daladagi ishini tashlab mashmashaga yetib kelibdilar:

- O rais, nima desam qonun bo’ladi deb o’ylayapsanmi?! – do’q qildilar.

Menga to’xtab tur dedilar va uydan kiyinib chiqdilar.

- O’zim joylashtirib kelaman,- degancha meni yetaklab qishloqdan olib chiqib ketdilar.

Shaharda yashaydigan tanishining uyiga qo’yib o’qishim bilan bog’liq ishlarni ham hal qilib berdilar. Ketayotganlarida imtihon kuni albatta kelishini aytib ancha muncha pul tashlab qaytib ketdilar.

Imtihon ham o’tdi juda yuqori baho bilan bo’lmasada eplab kirib oldim, bu yog’i o’qish o’qish va yana o’qish.

Naqd 4 yil o’qishim davomida akam qishloqdan qatnab holimdan xabar olib turdilar. Nihoyat diplom ham qo’lga olindi, bilimim yaxshimidi yoki intilishimni hisobga olishdimi shahardagi katta bir tashkilotga yo’llanma berishdi. Keyin amal pog’onasidan asta sekinlik bilan ko’tarila boshladim – karyera qildim. Bir yarim yil o’tib bo’lim boshlig’i qilib ko’tarishdi. U yoq bu yoq qilib uy oldim, hayotim ham izga tushib ketdi. Lekin qaytib qishloqqa bormadim…

Keyin bildimki Soli rais talqinida qishloq kelajagi hisoblangan ferma aslida hokim buvaning jiyaniga qarashli ekan.

Shularni eslab og’ir xo’rsindimda Quvonjondan:

- Uylanmadingmi?

- Seni oldinga kelishimdan ham asli maqsadim shu edi: nasib qilsa bir haftadan keyin to’y, o’zing bormasang bo’lmaydi!

- Albatta boraman jo’rajon. Sendan bir narsani so’ramoqchi edim.

- Nimani?

- Soli rais nima qilyapti?

- Kelishimni ikkinchi sababi ham bor: uni ahvoli ancha og’ir, duxtirlar uyga qaytarib yubordi. Menimcha yozni oxiriga yetmaydiyov. Bir yo’qlasang bo’lardi, seni so’rab yotgan ekan.

- Lolachi? – deya so’radim yana o’yga tolgancha: uni oshiqlari orasida men ham bor edim. Ko’nglimdagilarni unga ochiq bayon qilmagan bo’lsamda unda ham menga nisbatan qandaydir tuyg’u borligini his qilardim. 11-sinfga yetibgina unga barchasini ochiq aytgandim, u bo’lsa uyalganidan uyiga qochib ketgandi, keyinroq menga ham yoqtirishini aytganda ko’klarga uchgandim. Shaharga kelgach undan ko’plab xatlar oldim, lekin birortasiga javob yozmadim – xudbinligimni qarang!

- Raisni ishlari ortga ketib, ferma kasod bo’lgach otasi tufayli unga hech kim sovchi qo’ymadi. Uyda o’tirib qolgan, Kelganlarini ham qaytarib yurgan edi. Menimcha sababi boshqa: Seni kutgan…

Ertasigayoq do’stim bilan birga qishloqqa jo’nadim. Tanish dalalar, tanish ko’chalar.

7 yil deganda kechga tomon uyimga kirib bordim. Xursandchlik boshlanib ketdi. Meni esa faqat bitta joy – qadrdon maydon o’ziga tortardi.Majburlikdanmi yoki qiziqishdanmi raisni yo’qlash uchun Lolalarnikiga ham chiqdim.

- Kelganing yaxshi bo’ldi, - xirillagancha so’z bosladi rais: Meni kechira olasanmi? Seni bevatan qilib nima degan odam bo’ldim, ko’zim ko’r ekan…

Qattiq yo’taldan gapi uzildi-yu lekin bir zamonlar kibr bilan hozir esa iltijoli boquvchi nigohlarini mendan uzmadi.

- Roziman, - bo’g’zimga nimadir tiqildi, shart o’rnimdan turib uydan chiqib ketdim.

To’y bo’lyapdi, kamina kuyov jo’ra. Hamma o’zi bilan o’zi ovora kimdir o’ynagan kimdir dasturxondan bosh ko’tarmaydi, men esa faqat bir insonni qidiryapman Lolani. Mana u – hali ham suluv yosh qizlardan qolishmaydi. Men esa qilgan xudbinligim sabab unga yaqinlashishga yuragim dov bermadi.

To’y shovqin suronidan qochib qadrdon maydonga yo’l oldim. Qancha o’tirdim bilmadim ortimdan kelgan sharpaning kimligini bilish uchun unga tilikildim. Lola ham ortimdan kelibdi.

- Otamni kechirganingiz uchun sizdan xursandman.

- Sen esa meni kechira olasanmi?

- …

- Meni kutdingmi?

- …

- Hali ham meni sevasan-a?

- …

Sukunatni rozi rizolik alomati deb bildim.

Bir zamonlardagidek yoz oqshomida yonma yon turibmiz…