Alkimyoga (11-sahifa)
Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.
Boʻzbola Olam Qalbiga uygʻunlashdi va koʻrdiki, Olam Qalbi — Tangri Qalbining bir boʻlagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning oʻzining qalbi. Va, demak, u moʻ'jizalar yaratishga qodir.
Oʻsha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan boʻzbola va bu shamolning butun qoʻnalgʻani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila boshligʻining oʻzini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga oʻtib yuradi.
Shamol tingach, hamma boʻzbola turgan joyga qaradi, biroq u yoʻq edi. U qoʻnalgʻaning narigi boshida, yarmi qumga koʻmilgan qoʻriqchining yonida oʻtirardi.
Sehrli Kuch hammani qoʻrqitdi. Faqat ikki kishi kuldi: shogirdidan koʻngli toʻlgan Alkimyogar va qabila boshligʻi — u boʻzbolaning Tangri taolo qudratini anglaganini tushundi.
Ertasi kuni u Santyago bilan Alkimyogarni toʻrt taraflaring ochiq, deya qoʻyib yubordi, ularni kuzatib qoʻyish uchun jangchilaridan birini qoʻshdi.
Ular otda kun boʻyi yoʻl bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini ortiga qaytardi va egardan tushdi.
— Naryogʻiga yolgʻiz oʻzing ketasan, — dedi u Santyagoga. — Ehromlargacha uch soatli yoʻl qoldi.
— Rahmat senga, — javob qildi boʻzbola. — Sen meni Umum Tiliga oʻrgatding.
— Men senga oʻzing biladigan narsani eslatdim, xolos.
Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar Santyagoni ichkariga taklif qildi.
— Seni menga yordam beradi, deb aytdim.
Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar oʻchoqqa oʻt yoqdi. Ruhoniy bir boʻlak qoʻrgʻoshin olib keldi va Alkimyogar qoʻrgʻoshinni temir idishga solib, olovga qoʻydi. Qoʻrgʻoshin erigach, u choʻntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan toʻgʻnogʻichning boshiday boʻlakchani ushatib mumladi va erigan qoʻrgʻoshinga tashladi.
Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun chetga qoʻyib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.
— Uzoq davom etar-ov, deb qoʻrqaman, — dedi u.
Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri Gʻizoda turib qolishdi. «Bari Tangrining irodasi bilan», — qoʻshib qoʻydi u itoatkorona ohangda.
— Toʻgʻri, — dedi Alkimyogar.
Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda doira shaklida qotgan qoʻrgʻoshin oltinga aylangan edi.
— Nahotki bir kun kelib men ham shunga oʻrgansam? — soʻradi boʻzbola.
— Bu mening Yoʻlim edi — mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini koʻrsatgim keldi, xolos.
Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni toʻrt boʻlakka boʻldi.
— Bu senga, — dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. — Doim ziyoratchilarni ochiqkoʻngillik bilan kutib olganing uchun.
— Oʻzimning ochiqkoʻngilligim uchun juda koʻp olayapman men, — e’tiroz bildirdi ruhoniy.
— Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulogʻi bor, hayot keyingi safar ulushingni kamaytirib qoʻyishi mumkin, — javob qildi Alkimyogar va Santyagoga oʻgirildi. — Mana bu esa senga, qabila boshligʻi olib qoʻygan pullaring evaziga.
Boʻzbola ham bu oltin juda koʻpligini aytgisi keldi, biroq jim boʻldi.
— Bu menga, — davom etdi Alkimyogar. — Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa urush davom etayotir.
Toʻrtinchi boʻlakni qoʻliga olib, u yana ruhoniyga dedi:
— Bu — tagʻin Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.
— Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! — qichqirdi u. — Juda yaqin qoldim ularga!
— Men ham ishonaman, sen ularni topasan, — dedi Alkimyogar.
— Unda menga oltinning nima keragi bor?
— Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi, ikkinchisida qabila boshligʻi shildi. Men keksa irimchi arabman, oʻzimizning maqolimizga ishonaman. Maqol shunday:
«Bir boʻlgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor roʻy bergan hodisa, albatta, uchinchi marta ham roʻy beradi».
Ular otlarga minishdi.
— Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, — dedi Alkimyogar. — Baqamtiroq yur.
Boʻzbola boʻysundi.
— Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab oʻtgan, uning ikki nafar oʻgʻli boʻlgan. Ulardan biri jangchi boʻlib, saltanatning uzoq chet hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she’rlar yozgan.
Kunlardan bir kun chol tush koʻradi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning oʻgʻillaridan birining soʻzlari butun dunyoda mashhur boʻlishi va bir necha yuzlab yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol yigʻlab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib etavermaydigan oliy sevinchni in'om etgandi.
Oradan koʻp oʻtmay u halok boʻladi — ogʻir aravaning gʻildiragi tagidan bir yosh bolani qutqaradi, biroq oʻzi gʻildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi toʻgʻri samoga yoʻl oladi va samoda tushida koʻrgan farishtani uchratadi.
— Sen yaxshi, ezgu inson eding, — deydi unga farishta. — Hayoting mehr-muhabbatga toʻlugʻ edi, qazoying — izzatli boʻldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.
— Hayot ham mendan ezguliklarini darigʻ tutmadi, — javob qiladi qariya. — Sen tushimda koʻringaningda, qilgan barcha sa’y-harakatlarim behuda emasligini his etdim. Zotan, oʻgʻlimning she’rlari avloddan-avlodga oʻtadi. Men oʻzim uchun hech nima soʻramayman, har qanday ota ham oʻzi tarbiyalagan, oʻqitgan farzandi shuhrati bilan gʻururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda oʻgʻlimning she’rlari qanday jaranglashini bir eshitsam, degandim.
Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi koʻz ochib yumguncha uzoq kelajakda — katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida paydo boʻlishadi.
Qariya quvonganidan yana koʻziga yosh oladi.
— Men oʻgʻlimning she’rlari asrlar osha yashashini bilardim, — deydi u koʻzlarida yosh bilan. — Ayt-chi, bu odamlar uning qaysi satrlarini takrorlashayotir.
Farishta mehribonlik bilan uni oʻrindiqqa oʻtirgʻizadi va oʻzi ham uning yoniga oʻtiradi.
— Sen aytayotgan she’rlar butun Rimda shuhrat qozongan edi, ularni hamma yod bilar, aytib huzur qilardi. Biroq Tiberiyaning podsholigi tugagan va she’rlar ham unutilgan. Odamlar sening boshqa oʻgʻlingning—jangchi oʻgʻlingning soʻzlarini takrorlashayotir.
Qariya farishtaga taajjublanib tikilib qaradi.
— U uzoq bir hududda xizmat qildi, — davom etdi farishta. — Yuzboshi boʻldi. U ham adolatparvar va bagʻrikeng inson edi. Bir safar qullaridan biri kasal boʻlib qoladi — Oʻlim holatiga tushadi. Sening oʻgʻling qaerdadir bir tabib borligini eshitib, oʻsha odamni izlab ketadi. Yoʻl-yoʻlakay bu odam — Xudo Oʻgʻli ekanini biladi. U davolagan odamlarni uchratadi. Uning ta’limotini eshitadi va garchi oʻzi rimlik yuzboshi esa-da, Uning e’tiqodiga oʻtadi. Va bir kuni ertalab Uning qoshida hozir boʻlib, xizmatkori kasal ekanini aytadi. Va Ustoz — bu odamni shunday atashardi — uning bilan birga borishga chogʻlanadi. Biroq yuzboshi dindor kishi edi, Ustozning koʻziga qarab olib tushunadiki, hozir u Xudo Oʻgʻlining roʻparasida turibdi. Ana shunda sening oʻgʻling abadiy unut boʻlmaydigan soʻzlarni aytadi. U shunday degan:
«Tashvishlanma, Tangrim, men munosib emasmanki, Sen mening qavatimga qoʻshilsang. Biroq soʻzingni aytgin va mening xizmatkorim sogʻaygay».
Alkimyogar otini niqtadi.
— Yerdagi har bir odam, u nima bilanki mashgʻul boʻlmasin, dunyo tarixida yetakchi ahamiyatga ega vazifani ado etadi. Odatda odamlar hatto bu haqda bilishmaydi ham.
Boʻzbola kuldi. Bir paytlar u hayotning mohiyati haqidagi muammolar choʻpon uchun bu qadar muhim boʻlishini xayoliga ham keltirmagandi.
— Omon boʻl, — dedi Alkimyogar.
— Omon boʻl, — dedi javoban boʻzbola.
Ikki yarim soat otda Santyago sahro boʻylab yoʻl bosdi. Yoʻl boʻyi yuragining aytganlariga diqqat bilan quloq tutdi. Aynan yuragi unga xazina bekitilgan joyni koʻrsatishi kerak edi.
«Xazina qaerda boʻlsa, sening yuraging ham oʻsha yerda», — degan unga Alkimyogar.
Biroq yuragi boshqa narsa haqida gapirdi. Yuragi gʻurur bilan ikki marta koʻrgan tushini oʻngga aylantirish niyatida qoʻylarini tashlab safarga chiqqan choʻpon tarixini hikoya qildi. Oʻz Yoʻlini va uni yengib oʻtganlar — yangi yerlarni yoki goʻzallarni qidirib safarga otlanganlar va oʻz zamondoshlarining koʻrsatgan yoʻl-yoʻriqlariga, aqidalariga jur'at bilan qarshi bora olganlar, buyuk oʻzgarishlaru kitoblar haqida hikoya qilardi.
Santyago barxanni yonbagʻirlab koʻtarilayotgan paytdagina yuragi shivirlab dedi:
«Hushyor boʻl. Sen yigʻlab yuboradigan joyda men boʻlaman, demakki, sening xazinang ham oʻsha joyda boʻladi».
Boʻzbola asta-sekin koʻtarildi. Yulduzlar sochilgan osmonda yana toʻlin oy koʻrindi — u sahro boʻylab bir oydan beri yoʻl yurayapti. Oy barxanni yoritdi va barxanlardan tushgan soyalar dengiz toʻlqinlariga oʻxshab tuyulardi, shunda Santyago Alkimyogar bilan xayrlashib, yuganni tashlab otini qoʻyib yuborgan kunni esladi. Oy sukutga choʻmgan sahroni va xazinani qidirayotganlar bosib oʻtgan yoʻlni yoritardi.
Bir necha soniya oʻtib, tepaga koʻtarilganda uning yuragi jon-jahdi bilan ura boshladi. Roʻparasida, oy nurida va oppoq qumlar shu'lasida ehromlar qad rostlab turardi.
Santyago tiz choʻkdi va yigʻlab yubordi. U Ollohga oʻz Taqdiriga ishonch uygʻotgani, uni Malkisidq bilan, billur Sotuvchi, angliyalik va Alkimyogar bilan duch keltirganiga shukronalar aytdi; muhimi, unga sahro ayoli bilan uchrashish nasib etdi, bu ayol esa sevgi hech qachon kishini Oʻz Yoʻlidan adashtirmasligiga uni ishontirdi.
Mingyilliklar ehromlar yuksakligidan boʻzbolaga qarab turardi. Endi u, agar xohlasa, vohaga qaytishi, Fotimaga uylanishi, qoʻy boqib yurishi mumkin. Sahroda Umum Tilini biladigan, qoʻrgʻoshinni oltinga aylantira oladigan Alkimyogar ham yashagan-ku. Santyago oʻz san'atini namoyish qiladigan, donoligi bilan lol qoldiradigan odam yoʻq: Oʻz Taqdiri yoʻlidan borib, u oʻziga kerakli hamma narsaga oʻrgandi, orzu qilganlarini boshidan kechirdi.
Biroq, eng muhimi, u oʻzining xazinasini qidirdi, zotan, har qanday ish maqsadga toʻla erishilgandagina bitgan hisoblanadi. Boʻzbola tepalikda turar va yigʻlardi, pastga qaraganida esa koʻrdi: koʻz yoshlari toʻkilayotgan joyda goʻng qoʻngʻizi oʻrmalab borayotgandi. Sahro boʻylab kezgan vaqt mobaynida Santyago buning Misrda tangri timsoli ekanidan xabardor boʻlgandi.
Unga yana bir belgi berildi va boʻzbola qumni kovlashga kirishdi, biroq avval billur Sotuvchini esladi va uning haq ekanini tushundi: umr boʻyi tosh qalagani bilan hech kimga oʻz hovlisida ehrom qurish nasib etmaydi.
Tun boʻyi u belgilangan joyda qumni kovladi, biroq hech narsa topmadi. Ehromlar tepasidan mingyilliklar unga sukut saqlab termulardi. Biroq u yon bermasdi — qumni oʻraga qaytarib urayotgan shamolga qarshi basma-bas tinimsiz qazirdi. Santyago holdan toydi, qoʻlini yaraladi, biroq yuragiga ishonaverdi, yuragi unga xazinani koʻz yoshi toʻkilgan joydan qidirishni uqtirardi.
U oʻradan toshlarni olib tashlayotgan daqiqada tuyqusdan qadam tovushi eshitildi. Santyago oʻgirilib, odamlarga koʻzi tushdi — ular bir necha nafar edi, yuzlarini tanitib qoʻymaslik uchun yorugʻga orqalarini berib turishardi.
— Sen bu yerda nima qilayapsan? — soʻradi ulardan biri.
Boʻzbola javob qilmadi. Uni qoʻrquv bosdi, chunki ayni paytda yoʻqotadigan narsasi bor edi.
— Bizlar urushdan qochdik, — dedi boshqasi. — Bizga pul kerak. Sen bu yerga nima yashirding?
— Hech nima yashirganim yoʻq, — javob qildi Santyago.
Biroq qochoqlarning biri uni oʻradan tortib oldi, ikkinchisi choʻntaklarini titdi va quyma oltinni topdi.
— Oltin! — qichqirdi u.
Endi oy uning yuzini yoritardi, Santyago qaroqchining koʻzlarida oʻzining ajalini koʻrdi.
— U yerda yana boʻlishi kerak! — dedi boshqasi.
Ular Santyagoni qazishga majbur qilishdi va u boʻysunmay ilojsiz edi. Biroq xazinadan darak boʻlmadi va qaroqchilar uni doʻpposlay boshlashdi. Doʻpposlash sahar pallasigacha davom etdi. Ustidagi kiyimi burda-burda boʻldi va ajali yetishiga ozgina qolganini his etdi.
Shu payt Alkimyogarning gapi yodiga tushdi: «Pulning senga nima keragi bor, agar oʻlishingga toʻgʻri kelsa? Pul ajalingni bir lahzaga ham kechiktirolmaydi».
— Men xazina qidirayapman! — baqirdi Santyago.
Yorilib, qoni qotgan lablarini zoʻrgʻa qimirlatib, u qaroqchilarga tushida ikki marta misr ehromlari poyiga bekitilgan xazinani koʻrganini gapirib berdi.
Qaroqchilar sardori uzoq jim turdi va keyin sheriklaridan biriga murojaat qildi:
— Uni qoʻyib yubor. Unda boshqa hech narsa yoʻq, bu quymani u biror joydan oʻmargan.
Santyago yiqildi. Qaroqchilar sardori uning koʻziga qaramoqchi boʻldi, biroq boʻzbolaning nigohi ehromlarga qadalgan edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi sardor sheriklariga, keyin oʻgirilib Santyagoga dedi:
— Men seni shuning uchun tirik qoldirayapmanki, sen bunaqa ahmoq boʻlish yaramasligini tushungin. Xuddi oʻsha joyda, hozir sen turgan joyda, mening oʻzim ikki yil burun ayni bir tushni bir necha marta koʻrdim. Tushimda koʻrinishicha, goʻyo men Ispaniyaga borishim kerak, u yerda bir vayrona cherkov bor emish, unga choʻponlar qoʻylarini qamab tunarmish, omborxonasida tutanjir oʻsib chiqqanmish, shu cherkovni qidirib topishim kerakmish. Biroq men tush koʻrdim, deb sahroda tentirab yoʻl kezadigan ahmoq emasman.
Shu gapdan keyin qaroqchilar ketishdi.
Santyago azob bilan oʻrnidan turdi va soʻnggi bor ehromlarga qaradi. Ular boʻzbolaga tabassum qildi, u ham javoban kulib qoʻydi va yuragi baxt-saodatga toʻlganini his etdi.
U oʻz xazinasini qoʻlga kiritdi.
XOTIMA
Boʻzbolaning ismi Santyago edi. U vayron boʻlib yotgan cherkovga yetib kelganida allaqachon qorongʻu tushgan edi. Omborxonada hanuz tutanjir koʻkarib turar, oʻyiq gumbazdan, xuddi burungiday, yulduzlar koʻrinardi. U bir oqshom otari bilan shu yerda tunaganini esladi, oʻshanda, koʻrgan tushini aytmaganda, tun xotirjam oʻtgandi.
Hozir u yana shu yerda. Biroq bu safar qoʻylarini haydab kelgani yoʻq. Uning qoʻlida belkurak bor edi.
U osmonga uzoq tikildi, keyin toʻrvadan vino olib, bir qultum ichdi. Bir safar oqshom sahroda yulduzlarga termilgani va Alkimyogar bilan vino ichgani yodiga tushdi. Orqada qancha yoʻl qolib ketganini va Tangri unga qanaqa gʻaroyib usul bilan xazinaga ishora qilganini oʻyladi.
Agar u tushlariga ishonmaganida, loʻli kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni uchratmaganida...
«Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yoʻl belgi-alomatlar bilan koʻrsatib qoʻyilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim», — Oʻyladi u.
U oʻzi sezmagan holda uxlab qoldi. Koʻzini ochganida quyosh tepaga koʻtarilib ketgan edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.
«Keksa sehrgar, — Oʻyladi u Alkimyogar haqida, — sen barini oldindan bilgansan. Men bu cherkovgacha yetib kelishim uchun oltin quymaning ikkinchi boʻlagini ham menga qoldirding. Ruhoniy meni kiyim-kechagim abgor, oʻzimni doʻpposlangan alpozda koʻrib kulib yubordi. Sen meni bundan xalos qila olarmiding?»
«Yoʻq, — u shamolning shitirlagan ovozini yaxshi eshitdi. — Agar men seni ogohlantirganimda, sen ehromlarni koʻrmasding. Ular chindan ham juda goʻzal, toʻgʻrimi?»
Bu Alkimyogarning ovozi edi. Boʻzbola kuldi va qazishni davom ettirdi. Yarim soatcha vaqt oʻtib, belkurak allaqanday qattiq narsaga urildi, tagʻin bir soatlardan soʻng Santyagoning oldida qadimgi tilla tangalar bilan liq toʻla chiroyli sandiqcha turardi. Sandiqchada tagʻin qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezatilgan oltin niqoblar, zumrad qoplangan tosh sanamlar bor ediki, jangu jadallarda qoʻlga kiritgan bu oʻljalarni gʻolib mamlakat allaqachon unutib yuborgan, oʻljalar egasi ular haqida farzandlariga ham hech nima demagan edi.
Santyago toʻrvadan Urim va Tumimni oldi. Ular faqat bir marta, ertalabki payt bozorda unga asqotgandi: hayot ularsiz ham boʻzbolaga ishonchli belgilarni koʻrsatib turdi.
Santyago ularni sandiqchaga soldi — bu ham uning xazinasining bir boʻlagi: toshlar unga endi hech qachon uchratmaydigan keksa podshohni eslatib turadi.
«Hayot chindan ham Oʻz Taqdiri yoʻlidan boradiganlarni siylaydi, — Oʻyladi u va Tarifga borishi, loʻli kampirga xazinaning oʻndan birini berishi lozimligini esladi. — Loʻlilar chindan dono! Dunyo boʻylab koʻp kezishlaridan shunday boʻlsa kerak».
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu «livantinlik» edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar oʻzi bilan sahro boʻyini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi Santyago sekin yaqinlashib kelib, lablariga boʻsa boʻlib qoʻngan muattar boʻyni, mayin tovush va ta’mni farqladi.
Boʻzbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk oʻpichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.
T A M O M
Tarjimondan:
«Alkimyogar» Richard Baxning «Oqcharloq Jonatan» yoki «Sharpalar» asarlariga oʻxshamaydi. Ekzyuperining «Kichik Shahzoda»siga ham oʻxshash tomonlari juda kam. Biroq negadir «Alkimyogar»ni oʻqiganda beixtiyor oʻsha rivoyat-qissalar yodga tushadi. Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va «Alkimyogar»ning turli davlatlar arboblariyu, mashhur san'atkorlar hamda hozircha bir yuz oʻn yetti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib oʻqilishi shundan dalolatdir.
«Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tugʻiladi va ayni shuning oʻzi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir», deb yozadi P. Koelo.
Orzu yoʻlidagi toʻrt toʻsiq
«Sofiya» nashriyoti chop etgan «Alkimyogar» romanining birinchi nashrini qoʻlga olib, chin dildan quvondim. Bir necha yil mobaynida rossiyalik tashabbuskor kitobxonlar bu kitobni imkon darajasida yoyishga urinishdi— Internetga joylashdi, qoʻlbola kitob shaklida tayyorlab almashib oʻqishdi, asar matnining fotonusxasini chiqarishdi. Biroq barcha sa’y-harakatlarga qaramay, turli bahonayu sabablar bois, hozirgacha «Alkimyogar»ni kitob tarzida nashr etib, bozorga olib kirishning iloji boʻlmagan edi.
Mana, nihoyat uni nashr qilib, talab darajasida tarqatishga jur'at etadigan nashriyot chiqib qoldi. Romanda hikoya qilingan choʻpon bola Santyagoning sayohati bilan bogʻliq voqealar asosida yotgan tub ma’no-mazmun— bu «Oʻz Taqdiring» tushunchasidir. «Oʻz Taqdiring» nima degani? Bu Xudo tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz mobaynida ado etishimiz lozim boʻlgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib oʻtadigan oʻz yoʻlimizdir. Biz har safar biror-bir amalni quvonch va hafsala bilan bajarganimizda, Oʻz Taqdirimizga mos tarzda ish tutgan boʻlamiz. Biroq yorugʻ orzu-niyatlarga peshvoz chiqishday baxtga erishmoq uchun bu yoʻldan matonat bilan oʻtish har kimga ham nasib etavermaydi.
Xoʻsh, nima uchun hammaning ham istak va orzulari ushalavermaydi?
Bunga toʻrtta toʻsiq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, goʻdaklik paytdayoq, hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yoʻq, bu narsalarga erishib boʻlmaydi, degan gapni quloqqa quyib qoʻyishadi. Bola: harchand urinmay, baribir oʻzim xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulgʻayadi. Shu tariqa, yillar mobaynida qalbida turli xil shubha-gumonlar va qoʻrquvlar ildiz otadi, umidsizlik va aybdorlik tuygʻusi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, Oʻz Taqdirini yashash istagi shu ogʻir yuk ostida qolganini anglaganda, oʻziga in'om etilgan oliy imkonni yoʻqotib qoʻyganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan boʻladi.
Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga oshirishga bel bogʻlab kirishguday boʻlsa, uni yana bir sinov kutadi: bu— sevgi, mehr-muhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda oʻz yaqinlariga ozor yetkazib qoʻyishdan qoʻrqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yoʻlida toʻsiq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga ragʻbat uygʻotadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo koʻradigan, unga doimo yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻladi.
Kishi sevgining toʻsiq