erouy.ru

Alkimyoga (9-sahifa)

O‘qish davrida

soʻradi. Ular tashqariga birga chiqishdi va Santyago unga minnatdor boʻlganidan qoʻy sotib olishi uchun pul berdi.

Keyin qizni uygʻotishini soʻrab, qaerda kutishini aytdi. Arab bola uning bu iltimosini ham bajardi va yana bitta qoʻyga pul oldi.

— Endi bizni xoli qoldir, — dedi Santyago va bola kimsan Maslahatchiga yordam berganidan gʻururlanib, boz ustiga, endi qoʻy sotib olish uchun puli borligidan quvonib, chodirga qaytdi va uxlagani yotdi.

Fotima chiqdi. Ular xurmozor oralab ketishdi. Santyago urf-odatga zid ish tutayotganini bilardi, biroq hozir bu hech qanday ahamiyatga ega emas edi.

— Men joʻnayapman, — dedi u. — Biroq sening ishonishingni xohlayman: men, albatta, qaytaman. Men seni sevaman, chunki...

— Gapirish shart emas, — uning soʻzini boʻldi qiz. — Odam yaxshi koʻrgani uchun ham sevadi. Sevgi dalil-isbotlarga muhtoj emas.

Biroq Santyago gapini davom ettirdi:

— ... chunki men avval tush koʻrdim, keyin podshoh Malkisidqni uchratdim, billur sotdim, sahroni kesib oʻtdim, vohaga kelib qoldim jang boshlanganda va quduqning oldida sendan Alkimyogarning qaerda yashashini soʻradim. Men seni yaxshi koʻraman, chunki butun Olam bizning uchrashuvimizga xayrixoh.

Ular quchoqlashishdi va vujudlari ilk bor bir-biriga tegdi.

— Men qaytaman, — takrorladi Santyago.

— Avvallari men sahroga orzumand boʻlib qarardim, endi esa umid bilan termulaman. Mening otam ham bir necha bor sahroga ketgan, biroq har safar onamning yonlariga qaytgan.

Boshqa biror-bir soʻz aytilmadi. Ular yana xurmozor tagida biroz yurishdi, soʻng Santyago Fotimani chodirgacha kuzatib qoʻydi.

— Men qaytaman, otang qaytib kelganiday.

U qizning koʻzlarida yosh yiltiraganini koʻrdi.

— Yigʻlayapsanmi?

— Men sahro ayoliman, — dedi Fotima, yuzini yashirib. — Biroq avvalambor men — oddiy ayolman.

Qiz chodir ichiga gʻoyib boʻldi. Tong oqarib kelardi. Odatdagi kun boshlangach, Fotima necha yillardan beri shugʻullanib kelayotgan ishi bilan mashgʻul boʻladi, biroq endi hammasi boshqacha kechadi. Voha endi qizning nazdida burungi qimmatini bir qadar yoʻqotadi, chunki vohada Santyago yoʻq. Avval boshqacha edi — yaqinginada bu joy ellik ming tup xurmo daraxti gurkirab turgan, uch yuzta quduqli, sahro kezib chanqagan yoʻlovchilar oroyish topadigan maskan edi. Endi qizning nazarida voha boʻshab, huvillab qoldi.

Bugundan boshlab sahroning qadri ortadi. Fotima endi sahroga umid koʻzi bilan termiladi, xazinalarini qidirib ketgan Santyagoning qaysi yulduzni moʻljalga olib yoʻl bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali oʻzining qaynoq oʻpichlarini yoʻllab, ular Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab oʻzining sogʻ-salomat ekanini, uni kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga aylanadi: u yoqdan Santyago yoniga qaytadi.

— Ortda qolganlar haqida oʻylama, — dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yoʻlga tushishganda. —Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu saqlanadi.

— Odamlar ketishdan koʻra qaytish haqida koʻproq oʻylashadi, — dedi Santyago, sahroning sukunatiga tagʻin koʻnika boshlarkan.

— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan boʻlsa, unga hech qanday insu jins daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan boʻlsa, qaytgan chogʻingda ham hech nimaga ega chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni koʻrgan boʻlasan. Demak, bu boshdan kechirishga arzirli hol.

U alkimyo haqida gapirayotganga oʻxshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib gapirayotganday tuyuldi.

Ortda qolganlar haqida oʻylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang koʻrinishi eslashga, orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning koʻz oʻngidan xurmozor, quduqlar va suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan uchratdi, Tuyakashni — Oʻzining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni uchratdi. «Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir», — Oʻyladi u.

Alkimyogar sal oldda yoʻrtib borayotir, uning kiftida qirgʻiy oʻtiribdi — qush sahro tilidan toʻla voqif — ular toʻxtashgan chogʻda oʻlja izlab havoga koʻtariladi. Birinchi kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.

Tunda ular koʻrpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi bilan qorongʻulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi haftasida yoʻldoshlar, gurunglashgan boʻlishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni chetlab oʻtish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq boʻlmagan joyda jang borardi va shamol boʻzbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til koʻz koʻra olmaydigan narsalardan xabar berishga tayyor ekanini eslatdi.

Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan koʻra barvaqtroq, dam olish uchun qoʻnishga qaror qildi. Qirgʻiy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni Santyagoga uzatdi.

— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen Oʻz Yoʻlingdan chetga chiqmading.

— Sen esa yoʻl boʻyi churq etmading. Men boʻlsam, bilganlaringni oʻrgatarsan, deb oʻylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib oʻtgandim. Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.

— Anglashning faqat bitta yoʻli bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq. Sayohat seni zarur boʻlgan narsalarning barisiga oʻrgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing kerak boʻlgan.

Santyago uning nima ekanini soʻradi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan koʻzini uzmasdi — u oʻzining qirgʻiyini kuzatardi.

— Nega seni Alkimyogar deyishadi?

— Chunki men Alkimyogarman-da.

— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?

— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yoʻlda bekitilgan xazinalarni izlash bilan ovora boʻlib, yoʻldan chetga chiqib ketishgan.

— Xoʻsh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi boʻzbola.

Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirgʻiy oʻlja bilan qaytdi. Ular qumloqda oʻchoq qazib, chetdan qaraganda koʻzga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.

— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari bobomdan oʻtgan, unga — uning bobosidan va olam paydo boʻlgandan beri shunday. Oʻsha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo boʻlgan. Biroq odamlar oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan. Qayoqqa qarab yurish lozimligini oʻshalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb oʻylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.

— Unda nima yozilgan? — qiziqib soʻradi boʻzbola.

Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida keksa podshohni qanday uchratganini esladi, oʻshandan beri juda koʻp yillar oʻtganday tuyuldi unga.

— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib boʻlib.

Santyago yaqin kelib, oʻqidi.

— Axir, bu shifr-ku! — norozi boʻlib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.

— Yoʻq. Bu ayni qirgʻiylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib boʻlmaydi. Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan dunyo jannatga qiyosan, unga oʻxshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu dunyoning mavjudligi oʻzi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb koʻzi bilan koʻrib ruhlari kamol topsin va oʻz aqllarining moʻ'jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat deb atayman.

— Men ham Zumrad Lavhasini oʻqishim kerakmi?

— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida boʻlganingda, uni anglashning eng yaxshi usulini oʻrganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uygʻunlash. Sahro jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda koʻmaklashadi. Sahrodagi hamma narsani bilishning hojati yoʻq, Buyuk ijod moʻ'jizalarini koʻrish uchun bir qum zarrasi kifoya.

— Men qanday qilib sahroga uygʻunlashaman?

— Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi bilan tugʻishgan va vaqti kelib unga qaytadi.

Ular churq etishmay yana ikki kun yoʻl yurishdi. Alkimyogar tashvishli koʻrindi: ular shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Boʻzbola esa hanuz yuragining ovozini eshitishga urinardi.

Uning yuragi esa oʻjar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday boʻlmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yoʻgʻrilgan voqealarni hikoya qilsa, ba’zan koʻtarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod boʻlib ketadiki, Santyago pana joyga oʻtib yigʻlab oladi. Xazinalardan gap ochilganda yuragi tez urib ketar, boʻzbolaning koʻzlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa tinchib qolardi.

— Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? — soʻradi u, dam olish uchun qoʻnishganda.

— Yurak qaerda boʻlsa, xazina ham oʻsha joyda.

— Mening yuragim limmo-lim, — dedi Santyago. — U orzu qiladi, hayajonlanadi, sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida oʻyladim deguncha tamom — tun boʻyi uyqu bermaydi.

— Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.

Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan koʻrinish berdi.

Santyagoning yuragi qoʻrquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yoʻlga chiqqan, biroq uni topa olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u boʻzbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol, sahroda oʻlib ketishi xayoli bilan qoʻrqitardi. Ba’zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning sevgan qizi va bir talay oltin tangasi boʻlsa, yana nimasi kam.

— Yuragim xiyonat qilayapti, — dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyogʻini sovutish uchun toʻxtashgandi. — Mening yoʻlni davom ettirishimni xohlamayapti.

— Bu yaxshilik alomati, — takrorladi u. — Demak, yuraging bir boʻlak goʻshtga aylanib qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging tashvishlanayapti.

— Unday boʻlsa, quloq solib nima qilaman?

— Baribir uni tinchlantirish qoʻlingdan kelmaydi. Hatto oʻzingni unga quloq tutmayotganday qilib koʻrsatsang-da, u sening koʻksingda urib turaveradi va hayot haqida, dunyo haqida oʻylaganlarini aytaveradi.

— Va menga xiyonat qilaveradimi?

— Xiyonat — kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.

Ular sahro boʻylab yoʻl yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi. Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi — uni boricha tushunib qabul qila boshladi. Boʻzbola qoʻrquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan xalos boʻldi — endi vaqt oʻtgan, yuragi ham xotirjam edi.

«Agar gohida men nolinsam, nachora, axir, men odamning yuragiman, bu menga xos xususiyat. Hammamiz ham oʻzimizning eng aziz orzu-oʻylarimizni amalga oshirishga choʻchiymiz, chunki biz oʻzimizni ana shu orzularga noloyiq yoki har qanday holda ham baribir ularga erisholmaymiz, deb oʻylaymiz. Biz, odam yuragi, ma’shuqadan umrbod ajralib qolish xayolidan, xushbaxt kechishi lozim boʻlgan, biroq noxush daqiqalar, topilishi mumkin esa-da, qumlar ostida koʻmilganicha qolib ketgan xazinalar haqidagi oʻylardan oʻlguday qoʻrqamiz. Chunki ana shunday hollar roʻy berganda biz azob chekamiz».

— Mening yuragim azob chekishdan qoʻrqadi, — dedi u Alkimyogarga bir oqshom, qop-qorongʻu, oysiz osmonga tikilib turib.

— Sen unga uqtir, azob chekishdan qoʻrqish, azobning oʻzidan koʻra yomonroq. Oʻz orzularini izlab yoʻlga chiqqan biror-bir yurak azob chekmaydi, zero, bunday izlanishning har bir daqiqasi — bu Tangri va Abadiyat bilan uchrashuv.

«Har lahza — bu diydor, — dedi Santyago yuragiga. — Qachonki men oʻz xazinamni izlabman, kunlarning bari sehrli yogʻdu bilan yorishgan, zero, men bilardimki, soat sayin oʻz orzuimning amalga oshmogʻi yaqinlashardi. Qachonki men oʻz xazinamni izlabman, men yoʻlimda hech qachon oʻy-xayolimga kelmagan narsalarni uchratdimki, bundayin uchrashuvlar choʻponlardan jasorat talab etardi».

Shundan keyin uning yuragi tinchlandi. Oqshom Santyago xotirjam uxladi, uygʻonganidan soʻng yuragi unga Olam Qalbi haqida gapira boshladi. Aytdiki, Tangrini qalbida olib yurgan odam baxtlidir. Baxtni esa, Alkimyogar gapirgan, oʻsha bir dona gʻaroyib qum zarrasida topish mumkin. Zotan, ana shu zarrani bunyod etish uchun Olamga milliard yil kerak boʻldi.

«Yerda yashayotgan har qaysi odamni uning xazinasi kutib yotadi, biroq biz — yuraklar sukut saqlashga odatlanganmiz, chunki odamlar ularni qoʻlga kiritishni xohlashmaydi. Bu haqda biz faqat bolalarga gapiramiz, keyin esa hayot har kimni oʻz Taqdiriga peshvoz yoʻllayotganini koʻramiz. Biroq, baxtga qarshi, sanoqli kishilargina oʻzlariga buyurilgan Yoʻllaridan borishadi. Dunyo xavotirga soladi va shu boisdan ham xatarli tus oladi.

Shunda biz, yuraklar, past ovozda, shivirlab gapiramiz. Bizning ovozimiz hech qachon tinmaydi, biroq soʻzlarimizga quloq tutishlari uchun urinamiz: odamlarning yurakka quloq tutmay aziyat chekishlarini istamaymiz».

— Nega yurak kishiga oʻz orzularini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini aytmaydi? — soʻradi Santyago.

— U holda yurak azob chekishiga toʻgʻri keladi, yurak esa azob chekishni xushlamaydi.

Shu kundan boshlab boʻzbola oʻz yuragini tushuna boshladi. Va bundan keyin agar u oʻz orzulari yoʻlidan bir qadam chetga chiqsa, siqilib, ogʻrib tashvishdan ogoh etishini yuragidan soʻradi. Ogohni eshitgach, oʻz yoʻliga, albatta, qaytishga qasam ichdi.

Oʻsha oqshom u Alkimyogarga bu gaplarning hammasini aytdi. Alkimyogar Santyagoning yuragi Olam Qalbiga yuz tutganini tushundi.

— Endi men nima qilishim kerak?

— Ehromlarga qarab boraver. Belgilarni koʻzdan qochirma. Yuraging endi xazina qaerdaligini koʻrsatishga qodir.

— Oldinlari menga shu yetishmasmidi?

— Yoʻq. Bilasanmi, senga nima yetishmaganini, — dedi Alkimyogar va tushuntira boshladi:

— Orzu amalga oshishidan oldin Olam Qalbi orzumand kishi uning saboqlarini toʻla oʻzlashtirib olganini sinab koʻrishga qaror qiladi. Olam Qalbi biz oʻz orzularimiz bilan birga yoʻl-yoʻlakay oʻzimizga berilgan ilmu saboqlarni ola bilishimiz uchun shunday qiladi. Ayni shu nuqtada aksariyat odamlar jasorat koʻrsatishdan yuz burishadi. Sahro tilida buni «voha koʻzga koʻringan chogʻda chanqoqlikdan oʻlish», deyiladi. Izlanishlar doimo Xayrli Ibtido bilan boshlanadi. Va mana shu sinov bilan intiho topadi.

Santyago yurtida koʻp aytiladigan bir hikmatni esladi: «Eng qorongʻu payt — sahar oldi pallasi».

Ertasi kuni birinchi marta chinakam xavf-xatarning alomatlari yuz koʻrsatdi.Yoʻlovchilarga uch nafar jangchi yaqinlashib kelib, ular bu yerda nima qilishayotganini soʻrashdi.

— Qirgʻiy bilan ov qilayapman, — javob berdi Alkimyogar.

— Biz qurollaring yoʻqligiga ishonch hosil qilmogʻimiz kerak, — dedi uch jangchining bittasi.

Alkimyogar shoshilmay otdan tushdi. Santyago ham u kabi xotirjam otdan tushdi.

— Nega sen shuncha pulni oʻzing bilan olib yuribsan? — dedi boʻzbolaning toʻrvasini titkilayotgan jangchi.

— Bu pullar ehromlarga yetib olish uchun menga kerak.

Alkimyogarni tintuv qilayotgan arab uning yonidan qandaydir suyuqlik solingan kichkina shisha idish va sargʻish, tovuqnikidan sal kattaroq shisha tuxum topdi.

— Bular nima? — soʻradi jangchi.

— Iksir bilan Obi-hayot — alkimyogarlarning Buyuk Ijodi. Kimki Obi-hayotni ichsa, kasallikka chalinmaydi. Iksirning mayda ushogʻi har qanday metalni oltinga aylantiradi.

Suvorilar oʻzlarini tutolmay, qah-qah urib kulishdi, Alkimyogar ham ularga qoʻshilib kuldi. Ular Alkimyogarning javobidan huzur qilishdi va hech qanday qarshiliksiz yoʻlovchilarga yoʻllarida davom etishga ruxsat berishdi.

— Aqldan ozdingmi? — soʻradi Santyago, jangchilardan xiyla uzoqlashgach. — Nega bunday qilding?

— Nega deysanmi? Senga dunyoda amal qiladigan oddiy qonunni koʻrsatish uchun, — dedi Alkimyogar. — Biz hech qachon oldimizda qanaqa xazina borligini tushunmaymiz. Bilasanmi, nega shunday? Negaki, odamlar umuman xazinaga ishonishmaydi.

Ular yoʻl yurishni davom ettirishdi. Kun sayin Santyagoning yuragi tobora sukut saqlashga odatlanib borayotgandi: uning na oʻtmish va na kelajak bilan ishi bor edi; u sahroni tomosha qilish bilan birga boʻzbola qatori Olam Qalbi chashmasidan bahra olardi. Ular oʻzaro haqiqiy doʻst boʻlib olishdi va endi hech qaysi bir-birini sota olmasdi.

Yurak tilga kirgan chogʻdayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati boʻzbolani juda toliqtirib qoʻyardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan, qoʻylaridan voz kechishga qaror qilganda jur'at koʻrsatgani va doʻkonda ishlab gʻayrat-ishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.

U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: oʻziga xavf solgan xatarlar haqida ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq haqida gapirdi, bu qurol bilan u oʻzini yarador qilib yoki otib qoʻyishi hech gap emasdi. Yana bir safar biyday dalada boʻzbola oʻzini yomon his etgani, koʻngli aynib qusa boshlagani, keyin esa hushini yoʻqotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni oʻsha paytda ikki nafar daydi oʻzini oʻldirib, qoʻylarini haydab ketish niyatida uni poylagan. Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular boʻzbola suruvini boshqa tarafga haydab ketgan boʻlishi kerak, deb joʻnab qolishgan.

— Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? — soʻradi u.

— Har kimga ham emas. Faqat oʻz Taqdiri yoʻlidan borayotganga. Va yana bolalarga, mastlar va qariyalarga.

— Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?

— Bu — atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.

Bir safar ular oʻzaro dushman qabilalar jangchilari qoʻnalgʻalari yonidan oʻtishdi. Toʻrt tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar koʻzga chalinardi. Ular chilim chekishar va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha e’tibor qaratmadi.

— Biz xavfdan xolimiz, — dedi boʻzbola lashkargohni ortda qoldirishgach.

— Yuragingga ishon, biroq oʻzingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma! Odamlar oʻzaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida roʻy berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, — Alkimyogarning ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi.

«Hammasi — bir butun», — Oʻyladi Santyago.

Shu payt, goʻyo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yoʻlovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori koʻrindi.

— Yoʻlni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu yerda urush ketayapti.

— Biz koʻp yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning koʻziga tik qarab.

Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yoʻlovchilarni oʻtkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.

— Sen ularni koʻzing bilan qotirdingmi?

— Koʻzning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.

«Ha, bu shunday», — Oʻyladi boʻzbola, lashkargohni yonlab oʻtishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto oʻsha jangchining yuzini payqab boʻlmasdi, biroq baribir Santyago oʻziga tikilgan nigohni his etdi.

Va nihoyat, ular ufqni toʻsgan toqqa koʻtarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yoʻl qoldi, deb aytdi.

— Garchi yaqin orada xayrlashadigan boʻlsak ham, meni alkimyoga oʻrgat.

— Sening oʻrganishingga hojat yoʻq. Bu ilm Olam Qalbiga uygʻunlasha bilishdan va u yerda oʻzingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.

— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qoʻrgʻoshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.

— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan koʻra uzoqroq rivojlanish, oʻzgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan soʻrama — bilmayman. Men faqat shunday boʻlganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning soʻzlarini