erouy.ru

Alkimyoga (6-sahifa)

O‘qish davrida

boʻladimi yoki hayotimizmi— yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqamiz. Biroq bu qoʻrquv vaqtinchalik, ammo bir narsani tushunib yetish lozimki, bizning qismatimizni ham, olam taqdirini ham bitta qoʻl bitgan.

Ba’zan yoʻlda ikkita karvon duch kelib qolardi. Shunda bir karvondagi yoʻlovchilarda ikkinchisidagi odamlar muhtoj boʻlgan narsalar topilmay qolmasdi. Chindan ham bu olamdagi kechmishlar bari bir qoʻl bilan bitilganday goʻyo. Tuyakashlar bir-biriga qum boʻronlari haqida gapirib berishar va gulxanni qoʻrgʻalab oʻtirishib, oʻzlari kuzatgan sahroning injiqliklaridan gurunglashardi.

Gohida gulxan atrofidagi gurungga chetdan gʻalati-gʻalati badaviylar ham kelib qoʻshilardi, ular karvon borayotgan yoʻlni ipidan ignasigacha bilishardi. Ular qaerda qaroqchilardan va johil qabilalardan ehtiyot boʻlish kerakligini uqtirishar, keyin esa qanday paydo boʻlishgan boʻlsa, xuddi shunday zim-ziyo tunga singib jimgina gʻoyib boʻlishardi.

Shunday oqshomlardan birida Santyago bilan angliyalik oʻtirgan gulxan oldiga tuyakash keldi.

— Qabilalar oʻrtasida urush boʻlayotganmish, xabar kelayapti, — darakladi u.

Oʻrtaga choʻkkan ogʻir jimlikdan Santyago chindan xavotir paydo boʻlganini his etdi. U yana bir bor soʻzsiz Umum Tilini tushuna olishiga ishonch hosil qildi.

Jimlikni, bu xatar karvon uchun qanchalik xavotirli ekanini aytib, angliyalik buzdi.

— Sahro ichkarisiga kirganingdan soʻng, tamom, orqaga yoʻl yoʻq, — javob qildi tuyakash. — Demak, faqat oldinga yurish kerak. Qolgani Ollohning qoʻlida, Uning oʻzi bizni balo-qazodan asraydi. Maktub, — deb gapiga sirli soʻzni qoʻshib qoʻydi-da, nari ketdi.

— Karvonning ahvoliga e’tiborsiz qarab, sen notoʻgʻri qilayapsan, — dedi Santyago angliyalikka. — Zehn solib qara: qancha aylanma yoʻllardan yurmasin, karvon baribir manzildan chalgʻimay ketayapti.

— Sen esa kitob oʻqimay bekor qilayapsan, dunyo nima,

dunyoda nimalar boʻlayapti — bexabar qolayapsan, — javob qildi angliyalik. —Bu ma’noda kitoblar karvonlarga oʻxshaydi.

Odamlar endi, xuddi ulovlarday, qichab yurishardi. Agar oldinlari ular kunni jim yurib oʻtkazishgan, faqat dam olishga qoʻnishganda gulxan atrofida gurunglashgan boʻlsa, endi oqshomlari ham churq etishmasdi. Sarbon gulxan yoqishni man etdi: olov qaroqchilar e’tiborini tortishi mumkin.

Sovuqdan saqlanish uchun yoʻlovchilar tuyalar va otlarni qoʻrgʻalab terib qoʻyishar, oʻzlari esa shu doiraning ichida uymalashib choʻzilishardi. Sarbon qoʻriqchilar tayinlardi, ular qoʻllarida qurol bilan qoʻnalgʻani qoʻriqlashardi.

Bir oqshom angliyalikning uyqusi qochdi. U Santyagoni chaqirdi va ular qoʻnalgʻa atrofida aylanib yurishdi. Toʻlishgan oy nur sochib turardi va Santyago unga oʻzining butun kechmishini aytib berishga qaror qildi.

Uning koʻrgan-kechirganlaridan angliyalikka, ayniqsa, billur sotiladigan doʻkonda savdo-sotiqning boʻzbola ishlay boshlagach qizib ketgani juda ma’qul boʻldi.

— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb ataladi. Agar biror narsani butun borligʻing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga uygʻunlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.

Shunday deb u qoʻshib qoʻydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.

— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo oʻzgarib turadi, chunki yerning oʻzi — tirik va qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun oʻzimizga, uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, oʻsha doʻkonda ishlagan paytingda billur omadingga imkon tugʻdirganini tushunishing kerak edi.

Santyago miq etmay goh oyga, goh oppoq qumga qarab qoʻyib, uning gaplarini eshitdi.

— Men karvonning sahroda qanday yurishini koʻrdim, — dedi u nihoyat. — Karvon sahro bilan bir tilda muomala qiladi, shuning uchun ham sahro uning yoʻlini ochib qoʻyadi. Sahro uning har bir qadamini nazorat qiladi va sinovdan oʻtkazadi, agarda oʻzi bilan uygʻunligiga ishonch hosil qilsa, uni vohaga oʻtkazadi. Bu tilni bilmagan kishi, qanchalik jasur boʻlmasin, safarning boshidayoq halok boʻladi.

Endi ular ikkalasi ham oyga qarashardi.

— Bu oʻsha belgilar sehrining ayni oʻzi, — davom etdi Santyago. — Men tuyakashlarning sahro belgilarini qanday uqishlarini koʻrdim — karvon qalbining sahro qalbi bilan sirlashishi bu.

Uzoq jim turganidan soʻng, nihoyat angliyalik soʻz qotdi:

— Ha, aftidan, karvonga zehn solib qarashim kerakka oʻxshaydi.

— Men esa sening kitoblaringni oʻqishim kerak, — javob qildi boʻzbola.

Bu kitoblarni tushunish qiyin edi. Ularda simob va tuz, podshohlar va ajdaholar haqida yozilgandi, biroq harchand urinmasin Santyago hech nimani tushunmadi. Shunday esa-da, baribir, hamma kitoblarda takrorlanadigan bir fikrni u anglab yetdi: olamdagi barcha mavjud unsurlar — ayni bir narsaning turli-tuman koʻrinishlaridir.

Bitta kitobdan u alkimyo haqidagi eng muhim ma’lumotlar — zumrad sathiga chizilgan sanoqli satrlarda ekanini bilib oldi.

— Bu «Zumrad Lavhasi» deyiladi, — dedi angliyalik, yoʻldoshiga bilmagan narsalarni oʻrgata olishidan mamnun boʻlib.

— Unda buncha kitobning nima keragi bor?

— Mana shu sanoqli satrlarni tushunish uchun, — dedi angliyalik oʻziga unchalik ishonqiramagan ohangda.

Santyagoni, ayniqsa, mashhur alkimyogarlar haqida hikoya qilingan kitoblar qiziqtirdi. Ular laboratoriyalarda metallarni tozalashga umrlarini bagʻishlagan kishilar edi: agar biror-bir metalga uzoq yillar mobaynida ishlov berilaversa, oxir-oqibat oʻz xususiyatini yoʻqotadi va bu unsur Olam Qalbiga molik boʻladi, deb ishonishardi ular. Va shunda donishmandlar yer yuzida mavjud har qanday unsurning mohiyatini anglab yetadilar, zotan, Olam Qalbi bu unsurlar oʻzaro muloqot qiladigan oʻsha tilning ayni oʻzi. Ular bu kashfiyotni Ulugʻ Ijod deb atashadi, u esa ikki: qattiq va suyuq unsurlardan tarkib topgan.

— Bu tilni egallash uchun odamlar va belgilarni oʻrganishning oʻzi yetarli emasmi? — bilgisi kelib soʻradi Santyago.

— Yuzaki qarashga bunchalik oʻch boʻlmasang! — toqatsizlanib javob qildi angliyalik. — Alkimyo — jiddiy fan. Bu fan har bir harakating donishmandlarning yoʻl-yoʻriqlariga toʻla-toʻkis muvofiq boʻlishini talab qiladi.

Boʻzbola Ulugʻ Ijodning suyuq unsuri Obi-hayot deb atalishini, u alkimyogar umriga umr qoʻshishidan tashqari, hamma kasalliklarga davo ekanini bildi. Qattiq unsur — bu Iksir.

— Uni topish oson emas, — dedi angliyalik. — Alkimyogarlar koʻp yillar laboratoriyalarida metalga ishlov berish uchun ter toʻkishadi. Ular mudom olovga tikilishadi, oʻz mashgʻulotlari bilan band boʻlib, tiriklik tashvishlarini unitishadi va bir kun kelib metalni tozalab oʻzlari ham poklanishganini payqashadi.

Shunda Santyago billur sotuvchining: idishlarni yuvganingda oʻzingning ruhing ham ortiqcha illatlardan tozalanadi, degan gapini esladi. Boʻzbola alkimyoga kundalik turmushda ham oʻrgansa boʻlishiga tobora ishonch hosil qilardi.

— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir gʻaroyib xususiyatga ega: uning bir ushogʻi ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.

Bu gapni eshitgandan soʻng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa boʻladi, deb oʻyladi u. Axir, u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida oʻqigan, oʻqiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar oʻz Yoʻllarini oxirigacha bosib oʻtishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib boʻlmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun moʻ'jizalar yaratishgan, chunki — eng muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni oʻz qoʻllariga olish imkoniga ega boʻlishgan.

Biroq Santyago Ulugʻ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk koʻchaga kirib qoldi: ular koʻplab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi gaplar bilan ham toʻlib-toshgan edi.

— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — soʻradi boʻzbola bir kuni oqshom oʻzining kitoblarini oʻqiy olmay zerikib oʻtirgan angliyalikdan.

— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bogʻliq jarayonlarning butun mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib koʻr, agar xohlagan odam choʻyanni oltinga aylantiraversa nima boʻlishini. Tez orada oltinning qadri choʻyan bilan tenglashadi. Qat'iyatli va bilimdonlargagina Ulugʻ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning uchun men hozir bu yerda, sahroning oʻrtasidaman. Men sirli yozuvni oʻqiy oladigan chin alkimyogarni uchratishim kerak.

— Bu kitoblar qachon yozilgan?

— Koʻp asrlar burun.

— Axir, oʻsha paytlar bosmaxonalar boʻlmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega gʻalati?

Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan soʻng: necha kundan beri karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi. Faqat qabilalar oʻrtasida janglar boʻlayotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.

Oradan bir necha kun oʻtib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.

— Xoʻsh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida soʻradi angliyalik: tashvishli oʻy-xayollardan chalgʻishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi keldi.

— Tushunganim shu boʻldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga uygʻunlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tagʻin shuni tushundimki, koʻpgina alkimyogarlar oʻz Yoʻlini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf etishgan, — dedi Boʻzbola va biroz jim turgach, qoʻshib qoʻydi: — Eng muhimi, bular bari shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sigʻarkan.

Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na oʻzining uzoq vaqt oʻqiganiyu na timsollar, na dono kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi Santyagoda hech qanday taassurot uygʻotmagan edi.

«U juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi», — Oʻyladi angliyalik, keyin kitoblarini yigʻib, tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.

— Endi oʻzingning karvoning bilan shugʻullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zigʻircha zang yuqqani yoʻq.

Santyago tagʻin sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida toʻzgʻiyotganini kuzatmoqqa kirishdi.

«Har kimning oʻzining oʻqib-oʻrganish usuli bor, — Oʻyladi u. — Unga meniki toʻgʻri kelmaydi, meniki esa — unga. Biroq har ikkalamiz ham oʻz yoʻlimizni qidirayapmiz va faqat shuning uchungina uni hurmat qilmaslik qoʻlimdan kelmaydi».

Quyosh ufqdan bosh koʻtara boshlaganda Santyago uygʻondi. Tunda yulduzlar jilvalangan tomonda endi son-sanoqsiz xurmo daraxtlari koʻzga ilinar, goʻyo butun sahroni xurmozor bosib ketganday tuyulardi.

— Yetib keldik! — hayqirdi hozirgina uyqudan turgan angliyalik.

Santyago jim turdi. Buni u sahrodan oʻrgangandi, endi daraxtlarga jimgina qarashning oʻzi kifoya qilardi. Ehromlargacha hali uzoq. Vaqti kelib bu tong ham uning uchun bir xotiraga aylanadi. Biroq hozir, Sarbon oʻrgatganday, u ayni daqiqalar uchun yashayotir, shundan sevinayotir va bu xushbaxt onlarni u oʻtkan kunlar xotiralari, kelajak haqidagi orzu-umidlari bilan bogʻlashga urindi. Ha, hali bir kun kelib bu ming bir xurmo daraxti ham xotiraga aylanadi, biroq ayni lahzalarda xurmozor soya-salqinni, suv va xavfsizlikni va’da qilib turibdi. Xuddi tunda tuyaning oʻkirgani dushman yaqinlab qolganini daraklaganday, qator-qator xurmo daraxtlari azob-uqubatdan xalos etadigan moʻ'jizadan darak berardi.

«Dunyo koʻp tillarda tillashadi», — Oʻylardi Santyago.

«Vaqt tez oʻtayotgan paytda karvonlar ham jadal odimlaydi», — Oʻyladi Alkimyogar, vohaga kirib kelayotgan yuzlab odamlar va ulovlarga qarab.

Bu yerdagilarning va karvon bilan kelganlarning shovqini eshitildi, koʻtarilgan chang-toʻzon quyoshning betini qopladi, bolalar begonalarni koʻrib irgʻishlar, vijillashardi. Alkimyogar qabila boshligʻining Sarbonga yaqinlashib kelganini va u bilan uzoq suhbatlashganini kuzatib turdi.

Biroq bu olatasir uni qiziqtirmasdi. Qancha odamlar kelib ketmadi, voha ham, sahro ham oʻsha-oʻsha — mangu va bir zayl. Bu qumlarga shohlarning ham, gadolarning ham qadam bosganini u koʻrgan, garchi shamolning kuchidan oʻz shaklini oʻzgartirib tursa-da, qumlar ham aslidagiday — Alkimyogar bolaligida qanday koʻrgan boʻlsa oʻshanday. Shunday esa-da, zangori osmon va sariq qumni koʻraverib zerikkan har qanday sayyohning koʻziga xurmo daraxtining yashil shox-barglari koʻringanda koʻngilga inadigan sevinch hozir uning ham yuragiga koʻchdi.

«Ehtimol, tangri sahroni yaratganda, odam daraxtlarga kulib, xursand boʻlib qarasin degandir», — Oʻyladi u.

Keyin u nigohini aniq narsalarga qaratishga chogʻlandi. U bilardi — buni belgilar unga ayon etgandi — ayni shu karvon bilan oʻzining pinhona bilimlarining bir qismini ulashishi lozim boʻlgan odam kelayotganini. Garchi Alkimyogar bu odam bilan tanish boʻlmasa-da, sinchkov nazari bilan olomonning ichidan uni tanib olishiga ishonchi komil edi va u oʻzining oʻtmishdoshidan kam emasligiga umidlanardi.

«Tushunolmayman, nima uchun bilgan narsalarimning hammasini unga sirli tarzda ma’lum qilishim kerak, — Oʻyladi u. — Buni aslida sir deyish ham qiyin, zotan, Tangri oʻzining sirlarini jamiki mavjudotga bemalol oshkor etadi».

Alkimyogar buning bitta izohini topdi: avloddan avlodga oʻtkazish lozim boʻlgan narsa — bu Sof Hayot hosilasidirki, uni soʻzlarda yoki rasmlarda tasvirlab boʻlmaydi. Odamlar esa, soʻzlar va rasmlarga berilib ketib, oxir-oqibat Umum Tilini unutishga moyil boʻlishadi.

Karvon bilan kelganlarni darhol mahalliy qabila boshliqlariga olib kirishadi. Santyago oʻz koʻzlariga ishonmadi: voha deganlari, tarix kitoblarida yozilganday, ikki-uchta xurmo daraxtiyu quduqdangina iborat emas, balki ayrim ispan qishloqlaridan koʻra xiyla katta joy ekan. Quduqlarning oʻzi bu yerda uch yuz chogʻli, xurmo daraxtlari — besh mingtacha, ularning orasida esa turli rangdagi son-sanoqsiz chodirlar bor.

— «Ming bir kecha», — dedi angliyalik, u Alkimyogar bilan uchrashishni toqatsizlanib kutayotgandi.

Shu zumdayoq ularni otlarga, tuyalar va odamlarga qiziqsinib qarayotgan bola-baqralar qoʻrgʻalashdi. Erkaklar yoʻlovchilardan sahroda janglarni koʻrdinglarmi, deb soʻrashsa, ayollar savdogarlardan qanday matolar, taqinchoqlar olib kelishganini bilishga oshiqardi. Sahroning oʻlik sukunati endi tushdagiday tuyular — Gʻala-gʻovur avj olgan, kulgi, qiyqiriqlar quloqqa chalinar, goʻyo yoʻlovchilar sahroda jonsiz-tansiz arvohlarday yurishgan boʻlsa, endi tagʻin etli, suyakli odamlarga aylanishganday. Ular mamnun va xushbaxt edilar.

Sarbon Santyagoga vohaning hech qachon tayin bir egasi boʻlmaganini, chunki bu yerda ayollar va bolalargina qoʻnim topishganini tushuntirdi. Ular biror-bir tarafning yonini olishmas, jangchilar esa sahro qumlarida jang qilishar, vohani chekinganda jon saqlaydigan pana joy, deb bilishardi.

Sarbon yoʻlovchilarni qiyinchiliksiz yigʻib, qabilalar oʻrtasidagi janglar tugaguncha karvon vohada qolishini e’lon qildi. Yoʻlovchilar, urf-udumga koʻra, qoʻnoq olishga hozir mahalliy kishilarning chodirlaridan joy topishadi, dedi u. Shundan soʻng Sarbon quroli borlar qurollarini topshirishini soʻradi. Oqshomlari karvonni qoʻriqlaganlar ham bundan chetda qolmadi.

— Urushning qoidasi shunday, — tushuntirdi u. — Voha askar yoki jangchilarni qabul qila olmaydi.

Angliyalik choʻntagidan xromlangan toʻpponchani chiqarib, qurol yigʻuvchiga berganda Santyago juda hayron qoldi.

— Toʻpponchaning senga nima keragi bor? — soʻradi boʻzbola.

— Odamlarga ishonishga koʻnikish uchun, — dedi angliyalik, uning kayfiyati chogʻ edi, chunki uzoq yoʻl bosib izlayotganini yaqin-orada topishiga ishonardi.

Santyago esa qidirayotgan xazinasini oʻylardi. Orzusiga yetishishga yaqin qolgani sayin yoʻlida qiyinchiliklar tobora ortib borayotir. Podshoh Malkisidqning «boshlovchilarga omad yor boʻladi», degan hikmati ham amal qilmay qoʻydi, najot faqat, uning tushunishicha, oʻz yoʻlini qidirayotgan insonning qat'iyati va jasurligiga bogʻliq. Shu bois, u shoshilishi befoydaligini bilar, sabr-toqatidan voz kecholmas, aksincha boʻlganda, Tangrining uning yoʻliga qoʻygan belgi-alomatlarini payqamay oʻtib ketishi mumkin edi.

«Tangri hammasini joy-joyiga qoʻygan», takrorladi u ichida, bu fikrdan ajablanib. Hanuzgacha unga bu belgilar, ocharchilik yoki tashnalik, sevgi azobi yoki mehnat kabi, olamning bir boʻlagiday tuyulardi. Tangrining u bilan muloqotga kirishadigani, undan nimani istayotganini bildiradigani shu til ekani uning xayoliga kelmasdi.

«Shoshilma, — dedi u oʻziga. — Tuyakashning gapi gap: ovqat mahali ovqatingni yegin, vaqt-soati yetganda — yoʻlga chiq».

Vohaga yetib kelishgach, birinchi kun yoʻlovchilar, angliyalik ham, uyqudan toʻyib oldi. Santyagoni oʻzi tengi besh nafar bola bilan bir chodirga joylashtirishdi. Ularning bari mahalliy bolalar edi, shu bois ular katta shaharlardagi hayotni soʻrab bilishga qiziqishardi.

U oʻzining qoʻy boqqanini aytib, endi billur doʻkonidagi ishlaridan gap ochmoqchi boʻlganida chodirga angliyalik kirib keldi.

— Ertalab seni rosa qidirdim, — dedi u, Santyagoni tashqariga olib chiqib. — Sen menga keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.

Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, oʻzlaricha uni boshqalardan farqli yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb oʻylashgandi. Bu yerdagi chodirlar ular chamalagandan koʻra bir necha baravar koʻp ekanini anglaguncha, ikkalasi vohani boshdan-oyoq izgʻib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.

— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida choʻnqayib oʻtirarkan.

— Odamlardan soʻrab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.

Biroq angliyalik ikkilandi — u oʻzining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat u bunga rozi boʻldi va arabchada yaxshi

gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni soʻradi. Boʻzbola meshini suvga toʻldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga soʻz qotdi.

— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak boʻladi? — soʻradi u.

Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap qotmasligini uqtirdi. Angliyalikning hafsalasi pir boʻldi. Shuncha yoʻl bosib kelsayu, hammasi yoʻqqa chiqsa! Boʻzbolaning ham uni koʻrib koʻngli sovidi — axir, yoʻldoshi Oʻz yoʻlini izlayotir. Bunday paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga koʻmakka keladi, orzuyi ushalishi uchun lozim boʻlgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan boʻlsa?

— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. — Bilganimda senga yordam qilishga urinib koʻrardim.

Angliyalikning koʻzlari chaqnadi.

— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb soʻrash kerak!

Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning iltimosiga qaramay, ularga soʻz qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi koʻrindi.

— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? — soʻradi boʻzbola.

— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga choʻchibroq alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?

U Qur'ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, oʻz yoʻliga qaytib ketdi.

Biroz oʻtgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulugʻroq, qoʻlida chelak bor edi. Santyago unga ham oʻsha savol bilan murojaat qildi.

— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi boʻlib soʻradi u.

— Mening oshnam uni koʻrish niyatida juda uzoq yoʻl yurib keldi.

— Agar bizning vohada shunday odam bor boʻlsa, u nihoyatda qudratli kishi boʻlishi kerak, — dedi oʻylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda uning huzuriga yoʻlay olmaydi. Ularni faqat oʻzi istagan paytda qabul qiladi u. Urush tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga aralashmaganlaring ma’qul.

Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik,