erouy.ru

Alkimyoga (7-sahifa)

O‘qish davrida

angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda quvondi.

Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida koʻza bilan bir qiz bola keldi. Boshiga roʻmol oʻragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi boʻlib, unga yaqinlashdi.

Va shunda — goʻyo vaqt toʻxtab qolganday boʻldi, Olam Qalbi uning koʻz oʻngida oʻzining butun kuch-qudrati bilan namoyon boʻldi. Qizning qop-qora koʻzlariga, goʻyo jilmayishni ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago bir lahza ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar soʻzsiz, faqat yurak orqali muloqot qiladigan tilning eng qadrli, eng aqlli boʻlagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u odam qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da koʻhna. Er yigit va boʻy yetgan qiz koʻzlari toʻqnashganda bu tuygʻu beixtiyor paydo boʻladi — hozir, quduq oldida shu hodisa roʻy berdi.

Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni oʻsha — Santyago oʻzi bilmagan holda uzoq kutgan, qoʻylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan qidirgan belgi edi.

Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yoʻl solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu izohga ehtiyoj sezmaydigan soʻzsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab yetgani shu boʻldiki, u oʻzining qalligʻi qoshida turar va qiz ham buni soʻzsiz anglab yetmogʻi kerak edi. Bunga u zigʻircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin soʻrab-surishtirib, sovchi qoʻyib, qolaversa, toʻyga oz-moz pul jamgʻarib, shundan soʻng uylangan ma’qul, deydiganlarning nasihatidan koʻra kuchli edi.

Biroq bunday maslahat beradigan kishi Umum Tilini bilmaydi, aksincha, bu tilga uygʻunlashganingda oʻz-oʻzidan ayon boʻladi: sahroning qoq oʻrtasidami yoki gavjum shahardami — doimo kimdir kimnidir kutadi, qidiradi. Ularning yoʻllari tutashganda, koʻzlari koʻzlariga tushganda oʻtmish ham, kelajak ham oʻz mohiyatini tamom yoʻqotadi, faqat mana shu bir lahza mavjud boʻladi va bu yorugʻ olamda kechadigan barcha kechmishlar faqat bitta qoʻl tomonidan yozilganiga cheksiz ishonch barqaror boʻladi. Bu qoʻl qalbda muhabbat alangasini yoqadi va har bir inson uchun, mehnat qilayotgani, dam olayotgan yoki xazina qidirayotganidan qat'i nazar, unga xuddi oʻzinikiday alangali qalbni muyassar etadi. Aksincha esa, odam qavmini iztiroblarga solguvchi orzu-niyatlarning zigʻircha ma’nisi qolmasdi.

«Maktub», — Oʻyladi boʻzbola.

Angliyalik oʻrnidan sakrab turdi va Santyagoni yelkasidan ushlab silkilay boshladi:

— Soʻrasang-chi, axir!

Santyago qizga yaqinlashdi. Qiz tabassum bilan u tomonga oʻgirildi va boʻzbola ham bunga javoban jilmaydi.

— Isming nima? — soʻradi u.

— Fotima, — uyalinqirab javob qildi qiz.

— Men yashaydigan oʻlkalarda koʻp ayollarning ismi shunday.

— Paygʻambarimizning qizining ismlari shunday ekan, — dedi Fotima. — Oʻsha uzoq oʻlkalarga bu ismni bizning jangchilarimiz eltishgan.

Bu ma’suma va koʻrkam qizning soʻzlari gʻururli jarangladi. Angliyalik betoqat boʻlib Santyagoni turtdi va boʻzbola qizdan har qanday kasallikni davolay oladigan odamni bilasanmi, deb soʻradi.

— Bu odam dunyoning hamma siridan boxabar, — dedi qiz. — U sahro jinlari bilan muloqot qiladi.

Jin — bu iblis. Qiz bola janubga ishora qildi — ular qidirayotgan odam oʻsha tarafda yashashini aytdi. Keyin koʻzasini suvga toʻldirib, ortiga qaytdi.

Angliyalik Alkimyogarni qidirib ketdi. Santyago esa quduq oldida uzoq xayol surib oʻtirdi. Bir vaqtlar, oʻzining yurtida yurgan paytlarda, sharqdan esgan shamol mana shu qizning muattar boʻyini unga olib kelar va u qizning mavjudligiga hecham shubha qilmay uni sevgan edi, bu sevgini, harqalay, yer yuzidagi borki xazinalardan ustun koʻrardi.

Ertasi kuni u tagʻin quduqning boshiga keldi va qizni kutdi. Biroq bu yerda angliyalikni uchratib ajablandi, u birinchi bor sahroga sinchiklab nazar tashlayotgan edi.

— Men qorongʻu tushguncha kutib oʻtirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa boshlaganda u paydo boʻldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U boʻlsa qoʻrgʻoshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb soʻradi. Niyatim ham shuni oʻrganish, deb javob qildim men. U tagʻin urinib koʻrishimni maslahat berdi. Xuddi shunday dedi: «Borgin va urinib koʻrgin».

Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir ogʻiz, oʻzi ham biladigan gapni eshitish uchun dunyoni kezib shuncha yoʻl yurganmidi? Shunda oʻzining qoʻylarini Malkisidqqa tekinga berganini esladi.

— Urinib koʻr-da! — dedi u.

— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.

Angliyalik ketdi, oradan hayal oʻtmay koʻza koʻtargan Fotima koʻrindi.

— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi boʻzbola qizga murojaat qilib. — Mening qalligʻim boʻlishingni xohlayman. Men seni sevaman.

Qiz qoʻlidagi koʻzani tushirib yubordi, suv toʻkildi.

— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi alqayapman, chunki urush sabab boʻlib men sening yoningga keldim.

— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.

Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u choʻpon edi, bu vohada esa qoʻylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz... Biroq qiz, goʻyo boʻzbolaning fikr-oʻylarini uqqanday, davom etdi:

— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan gʻururlanishadi.

Keyin u koʻzasini suvga liq toʻldirib, ketdi.

Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qoʻy boqqanlarini, Malkisidq bilan qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib olishdi. Qiz bilan oʻn besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun boʻzbola uchun bir yilday choʻzilardi.

Oradan bir oy oʻtgach, Sarbon yoʻlovchilarni jamladi.

— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yoʻlni davom ettirolmaymiz. Hali janglar toʻxtamaydigan koʻrinadi, bir necha yilga choʻzilsa ham kerak. Bir-biriga gʻanim boʻlgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri oʻz nomusini boy bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan urushayotgani yoʻq, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa bir boshlansa uzoq vaqt toʻxtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.

Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini yetkazdi.

— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding. Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men asta-sekin sening bir boʻla-gingga aylanib borayapman.

Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning mayin shitirlashidan-da goʻzal edi.

— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men oʻzimning oʻtkan kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar oʻzini qanday tutishlari kerakligi haqidagi koʻrsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovgʻa hadya etadi, deb orzu qilardim. Mana, men unga erishdim, bu sensan.

Santyago qizning qoʻlidan tutmoqchi boʻldi, biroq Fotima koʻzani qattiq quchoqlab oldi.

— Sen menga koʻrgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida, xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qoʻrqmayman, chunki seni menga ular yetkazdi. Men esa sening orzu-oʻylaringning, sening Taqdiringning bir boʻlagiman. Shuning uchun ham men sening bir joyda toʻxtab qolmasligingni, balki qidirayotgan narsangni izlayverishingni xohlayman. Agar urush tugashini kutishingga toʻgʻri kelsa, bu fojea emas. Biroq ertaroq joʻnashga imkon tugʻilsa, joʻna, oʻz Taqdiringni izlab yoʻlga chiq. Shamol qum barxanlarining shaklini oʻzgartiradi, xolos, sahro esa aslicha qolaveradi. Bizning sevgimiz ham aslicha qoladi.

Maktub.

Chindan men agar sening Taqdiringning bir boʻlagi esam, qachondir sen menga qaytasan.

Bu gaplar Santyagoning dilini ranjitdi. Boʻzbola yoʻl-yoʻlakay yodiga oldi: tanish choʻponlarning dashtu dalalarni — uzoq-uzoqdagi yaylovlarni kezmay yashay olmasliklariga xotinlarini ishontirishning oʻzi boʻlmasdi. Ha, sevgi doim suyganing yonida boʻlishni talab qiladi.

Ertasi kuni u Fotimaga bu haqda gapirdi.

— Sahro bizning mardumlarni olib ketadi va har doim ham qaytib bermaydi, — javob qildi qiz. — Biz buni bilamiz, shunga koʻnikkanmiz. Garchi ular qaytishmasa-da, biroq doimo biz bilan birga: ular yomgʻir boʻlib yogʻmaydigan bulutlar, togʻu toshlar orasiga bekingan

yirtqichlar, yer bizga in'om etgan zilol suv. Ular butun borliqning bir boʻlagi boʻlib qoladi... Ular Olam Qalbiga qovushib singadi.

Ayrimlariga qaytib kelish nasib etadi. Shunda ayollarning hammasiga bayram boʻladi, chunki mardumlari — ularning kutayotganlari ham bir kunmas bir kun uyiga keladi. Burunlari men bu ayollarga havas bilan qarar edim. Endi mening ham kutadiganim bor.

Men — sahro ayoliman va bundan gʻururlanaman. Istagim, mening erim, xuddi qumni toʻzdirgan shamolday, erkin boʻlsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri tushmasa.

Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Boʻzbola unga Fotima haqida gapirib berishni xohlardi, angliyalikni koʻrib ajablandi: u chodirining biqiniga oʻchoq oʻrnatib, ustiga shisha idish qoʻyibdi. Angliyalik oʻchoqqa oʻtin qalab, olovning yonishini toʻxtatmas va sahroga qarab-qarab qoʻyardi. Uning koʻzida uchqun paydo boʻlgan, kitobdan bosh koʻtarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.

— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qoʻrqmaslik zarur. Men shu kungacha qoʻrqib kelganim uchun Ulugʻ Ijodga qoʻl ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni oʻn yil burun amalga oshirish mumkin edi. Oʻn ikki yil emas, oʻn yil kutganim ham bir baxt.

Shunday deb u oʻchoqqa oʻtin joylab, sahroga tagʻin qarab-qarab qoʻydi. Santyago uning yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga boʻyaguncha oʻtirdi. Shunda uning yuragida oʻsha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.

U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani koʻzdan qochirib qoʻymadimmi deb, orqasiga burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qoʻydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyogʻining ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chigʻanoqlarga koʻzi tushdi — bir zamonlar, qadim-qadimda sahroning shu joyida dengiz boʻlgan. Keyin tosh ustiga oʻtirdi va xuddi sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta olmasdi, biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo boʻlsa, bu faqat sahroning sharofati tufayli.

Boʻzbola shu zayl, hech narsa haqida oʻylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib oʻtganini payqaguncha oʻtirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft qirgʻiyni koʻrdi.

Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib uchishayotganidan zavqlanib oʻtirdi. Aftidan, qirgʻiylarning charx urib uchishida biror-bir ma’noyu maqsad yoʻqday, biroq boʻzbola ularning parvozida qandaydir mazmun yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirgʻiylarning harakatini koʻzini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini tushunib olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.

Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: «Sen Umum Tilidan voqif boʻlishga yaqin turibsan, bu oʻlkada hamma narsaning, hatto qirgʻiylarning koʻkdagi parvozining ham mohiyati bor», derdi goʻyo. Santyago qalbiga muhabbat ato etgani uchun taqdiriga shukr qildi.

«Sevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada toʻlishadi», — Oʻyladi u.

Shu chogʻ qirgʻiylardan biri ikkinchisining tepasiga tik shoʻngʻib uchdi va tuyqusdan boʻzbolaning koʻziga qilichlarini yalangʻochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar koʻrinib ketdi. Bu koʻrinish lip etdiyu, koʻnglida xavotir uygʻotib nazaridan qochdi. U saroblar haqida koʻp eshitgan, ularni oʻzi ham bir necha bor koʻrgan, odamning xohish-istaklari sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon boʻlishini bilar edi. Biroq vodiyga qoʻshinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.

Santyago bu xavotirli oʻylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yigʻib olishga nimadir xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.

«Doimo belgilarga ergash», — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.

Boʻzbola Fotimani oʻyladi. Koʻziga koʻringan manzarani esladi va koʻngli sezdi: nimadir roʻy beradi.

U zoʻrgʻa hushini yigʻib oldi. Oʻrnidan turib ortga, xurmo

daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor koʻp tillarda tillashishini koʻrsatdi: endi sahro emas, vodiy xatarli edi.

Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib oʻtiribdi, uning nigohi ham magʻribga qadalgan. Shu payt barxanlar ortidan Santyago koʻrindi.

— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi boʻzbola. — Mening koʻzimga koʻrindi.

— Sahro erkak kishining koʻngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.

Biroq boʻzbola qirgʻiylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga uygʻunlashganini gapirdi.

Sarbon ajablanmadi — boʻzbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi. Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan xohlagan birini tanlab ol, qirgʻiyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni daqiqalarda kechayotgan hayotingga bogʻliq unsurlar bilan aloqani koʻrasan. Bu yerda gap unsurlarning oʻzida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib oʻzlari uchun Olam Qalbiga uygʻunlashish yoʻlini ocha bilishlarida.

Sahroda koʻp odamlar Olam Qalbiga uygʻunlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan choʻchishadi, ularni sohibkaromat, deb atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki oʻlishingni oldindan bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima boʻlishini oldindan bilmay qoʻya qolishni va urushning oʻzgacha shavqini tuyushni ma’qul koʻrishadi. Taqdir Tangrining qoʻli bilan bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining nafu manfaatini koʻzlaydi.

Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga toʻla, shu bois ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni qanday qaytarishing lozim.

Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga koʻp murojaat qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning eng keksasi (aynan undan qattiq qoʻrqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan bilmoqdan maqsadi nimaligini soʻradi.

— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz beradigan falokatning oldini olishga urinib koʻraman.

— U holda bu sening ertangi kuning boʻlmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.

— Ehtimol, men boshimga tushadigan koʻrgulikka tayyorlanarman.

— Agar xayrli voqea roʻy bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon hodisaga duch keladigan boʻlsang — uni ancha oldin koʻngling sezadi.

— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bogʻliq.

Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol koʻrmaslikka qaror qildi. Xivichlarni dastroʻmolga oʻrab, choʻntagiga bekitdi.

— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning koʻmagida odamlarning taqdiri yozib qoʻyilgan boshqa bir oʻlchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men oʻtmishni oʻqiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning belgilarini tanib olaman. Kelajakni men oʻqimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda jam boʻlgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham oʻnglay olasan. Kelajak uchun qaygʻurmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda buyurilganiday oʻtaversin. Biroq bilib qoʻy, Xudovand oʻz bandalari uchun hamisha qaygʻuradi. Har bir kun mangulikning bir boʻlakchasi.

Shunda tuyakash Tangri kelajakni koʻrishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani anglatishini bilgisi keldi.

— Faqat Uning Oʻzigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda koʻrsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qoʻyilgan taqdirni oʻzgartirish lozimligi sabab boʻladi.

«Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — Oʻyladi shu damda Tuyakash. — Xudovand uni oʻziga vositachi etib tanlagan».

— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qoʻshinning bizga yaqinlashib kelayotganini xabar qil.

— Ular ustimdan kulishadi.

— Yoʻq, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz qoldirishmaydi.

— U holda hammasi ularning oʻziga ayon boʻlgandir.

— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham koʻp marta shunday boʻlgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.

Santyago Fotimani oʻyladi va vohada joylashgan qabila boshligʻining qoshiga borishga qaror qildi.

—Meni boshliqlar oldiga oʻtkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni koʻrdim.

Soqchi bir soʻz demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga oʻziga koʻringan manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tagʻin ichkariga kirib ketdi.

Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Koʻp oʻtmay gulxanlar ham oʻchdi va vohaga asta-sekin jimjitlik choʻkdi. Faqat kattakon chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida oʻyladi, garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilgʻay olmagan boʻlsa-da.

Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qoʻyishdi.

Chodirda koʻrganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq oʻrtasida bunday joyni koʻraman, deb hech oʻylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari toʻrda gul tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab oʻtirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor boʻlib turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushboʻy hidi taraladi.

Santyagoning roʻparasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — Oʻrtada oʻtirgan zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bila gaplashgan yigit oʻtiribdi.

— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — soʻradi qabila boshliqlaridan biri.

— Menman, — javob qildi Santyago va koʻrganlarini aytib berdi.

— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning ajdodlarimiz yashab oʻtgan boʻlsa? — soʻradi boshqa bir qabila boshligʻi.

— Chunki mening koʻzlarim hali sahroga koʻnikmagan, bu yerliklar payqamagan narsalarni koʻradi, — dedi Santyago va koʻnglidan: «Boz ustiga menga Olam Qalbi ochilgan», degan gap oʻtdi.

Bu soʻnggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.

— Men faqat koʻrganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.

Chodirga ogʻir jimlik choʻkdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi. Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam tashlaganda soqchi qoʻlidan tutdi. Boʻzbola qoʻrqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u Tuyakashga