Shaytoniy shisha (4-sahifa)
kechibdimi, uning oʻrniga mening oxiratim kuya qolsin!»
Kokua chaqqon-epchil ayol edi, bir zumda kiyinib boʻldi. Keyin chaqa tangalarni oldi – bu bebaho santimlarni ular doimo tayyor holda saqlashardi. Bu tangalar muomalada kam yurgani uchun ularni bankdan zaxira qilib olishgandi. Kokua koʻchaga chiqqanida osmonda shamol bulutlarni haydab yurar, ular esa Oy yuzini toʻsib qoʻyishgan edi. Butun shahar uyquda, ayol qayerga borishni bilmasdi, shu payt daraxtlar ostidagi qorongʻilikda kimdir yoʻtalayotganini eshitib qoldi.
– Qariya, – dedi Kokua, – havo aynigan shunday kechada siz bu yerda nima qilayapsiz oʻzi?
Chol betinim yoʻtalar, qiyinchilik bilan soʻzlardi, lekin har qalay Kokua u qashshoq va keksaligini, bu yerlarda musofir ekanligini tushuna oldi.
– Menga bir yordam koʻrsata olmaysizmi? – deb soʻradi Kokua. – Bu yerlarga ikkalamiz ham begona ekanmiz. Gavayi qizidan koʻmagingni darigʻ tutmang...
– E, bu senmiding – sakkizta oroldan kelgan jodugar? – dedi qariya. – Hatto mendek bir keksa odamni ham tuzogʻingga ilintirishni xohlab qoldingmi hali? Biroq men sen haqingda allaqachonlar eshitganman va yovuz jodularingdan qoʻrqadigan joyim yoʻq.
– Kel, birpas oʻtiraylik va men senga bir voqeani hikoya qilib beray, – dedi Kokua va Keavening boshiga tushgan baloyu kulfatlarni boshdan-oyoq aytib berdi.
– Xullas, men uning xotiniman va u bechora menga yetishish uchungina abadiy barhayot ruhini shaytonga sotishga majbur boʻlgan. Xoʻsh, endi men nima qilishim kerak? Shishani menga sotishini oʻzim soʻragudek boʻlsam, u albatta rozi boʻlmaydi. Lekin shu taklifni agar sen aytsang, u jon-jon deb koʻnadi. Men esa seni shu yerda kutib turaman. Sen shishani toʻrt santimga sotib olasan, men uni sendan uch santimga sotib olaman. Men baxtiqaroga Parvardigorning oʻzi madad bersin!
– Mabodo meni aldagudek boʻlsang, Xudo joningni olsin, – dedi qariya.
– Mayli, ola qolsin! – deya qichqirdi Kokua. – Va’damdan aslo shubhalanma, qariya! Seni aldashimga Parvardigorning oʻzi yoʻl qoʻymaydi.
– U holda menga toʻrt santim bergin-da, shu yerda kutib tur.
Biroq koʻchada yolgʻiz oʻzi qolganidan keyin Kokuani qoʻrquv bosdi. Shamol daraxtlar tepasida uvillar, bu esa ayolga doʻzax alangasining guvillashi boʻlib eshitilardi. Koʻcha fonusi yogʻdusida soyalar tebranar, bu esa ayol nazarida shaytonning dahshatli changallari u tomonga choʻzilayotgandek boʻlib tuyulardi.
Kokuaning madori yetganida dod solib qochib qolgan boʻlardi, ammo nafasi qaytib ketdi. Na qichqirishga va na joyidan qoʻzgʻalishga majoli bor, koʻcha oʻrtasida xuddi qoʻrqib ketgan goʻdakdek dagʻ-dagʻ qaltiraganicha turardi.
Shu paytda u qariya qaytib kelayotganini va qoʻlida shisha borligini koʻrdi.
– Men iltimosingni bajardim, – dedi chol. – Uyda chiqib ketayotganimda ering azbaroyi quvonganidan yosh boladek yigʻlab yubordi. Bu kecha u endi xotirjam uxlaydi. – Qariya shunday deb shishani Kokuaga uzatdi.
– Shoshmay tur, – ayol nafasi boʻgʻilib, arang gapirardi. – Modomiki shaytoniy kuchga bogʻlanib qolibsanmi, bu ishing behuda ketmasligi uchun senam biron foyda ol. Shishani menga berishingdan avval unga seni yoʻtaldan qutqarishini buyur.
– Men bir keksa odam boʻlsam, – dedi chol, – bir oyogʻim goʻrda turgan paytda iblisning marhamatiga muhtoj emasman. Xoʻsh, senga nima boʻldi? Shishani nega olmayapsan? Yo fikringdan qaytib qoldingmi?
– Yoʻq-yoʻq, qaytganim yoʻq! – deya xitob etdi Kokua. – Shunchaki bir zaifa ayolman. Andak sabr qilgin. Shu la’nati shisha qarshisida boshdan-oyoq qoʻrquvdan titrayapman, uni olgani qoʻlim bormayapti aslo. Yana biroz kutib turgin, men oʻzimga kelib olay.
Qariya Kokuaga achinish bilan qaradi.
– Ha bechoragina-ya! Butun borligʻingni dahshat qamrab olgan, yuraging baloyu kulfatlarni sezayapti chogʻi. Boʻpti, shisha menda qolaversin. Oshimni oshab, yoshimni yashab boʻldim, bu dunyodan kutadigan quvonchlarim ham qolmagan, endi u dunyoga kelsak...
– Ber menga uni! – deb qichqirib yubordi Kokua. – Ol pulingni. Meni shunchalik pastkashlikka boradi, deb oʻylaganimiding hali? Shishani uzat menga.
– Seni Parvardigor oʻz panohida saqlasin! – dedi qariya.
Kokua shishani xolokusi ostiga yashirib, chol bilan xayrlashgach, boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Chunki endi unga hamma yoʻllar baribir – bari doʻzaxga olib borardi. Ayol goh yurib, goh yugurar, ba’zan musibatga toʻlugʻ faryodi tun bagʻrini tilkalab oʻtar, ba’zan esa yoʻl yoqasida yerga yuztuban tushib yotgancha ohista yigʻlardi.
Jahannam haqida shu paytgacha nimalarniki eshitgan boʻlsa, hamma-hammasi koʻz oʻngida gavdalanardi. U alanganing olov tillarini koʻrar, oltingugurt hidini sezar, choʻgʻlar otashi guldek badanini jizgʻanak qilayotganini his etardi.
Faqat tong saharga boribgina u hushini yigʻishtirib oldi va uyiga qaytdi. Bu yerda barcha narsa qariya aytganidek ekan: Keave xuddi beshikdagi chaqaloqdek shiringina uxlab yotardi. Kokua unga qaraganicha turib qoldi.
«Mana endi, erjonim, xotirjam uxlash uchun sening galing keldi, – deb oʻyladi u. – Uygʻonganingda esa istaganingcha oʻynab-kulishing mumkin. Biroq boyaqish Kokua uchun – garchi u hech kimga yomonlik qilmagan boʻlsa ham! – endi na halovat, na farogʻat bor. Endi u yerda ham, osmonda ham roʻshnolik koʻrmaydi».
Kokua shu oʻy-xayollar bilan erining yoniga choʻzildi va gʻam-tashvish ezib tashlagan chogʻi, shu lahzadayoq chuqur uyquga ketdi.
Er xotinini uygʻotib, ajoyib yangilikdan xabar berganida kun peshinga yaqinlashib qolgan edi. Keave quvonch-shodlikdan naq telbalanib qolgandek edi. Kokuaning tili aylanmas, ammo buning ahamiyati yoʻq: eri har ikkovlari uchun ham betinim soʻzlardi. Ayolning tomogʻidan bir luqma ham oʻtmadi, lekin buni kim ham payqardi deysiz! Keave yolgʻiz oʻzi barcha taomni paqqos tushirib qoʻydi.
Kokua unga qarab turar, gaplarini goʻyo tushida eshitayotgandek edi. Qanday dahshatli hodisa yuz berganini ayol ba’zan bir soniyaga unutib qoʻyar, ba’zan esa hech narsa sodir boʻlmagandek tuyula boshlar va u qoʻlini peshanasiga olib borardi. Kokua abadiy azob-qiynoqlarga mahkum etilganini bilar, bu ham yetmagandek, eri xuddi yosh boladek boʻlar-boʻlmas gaplarni valdirashiga toqat qilishi kerakligini ham tushunar va bulardan dardi-dunyosi tamom qorongʻi boʻlib ketardi.
Keave esa shodon yeb-ichar, tinmay valaqlar, uyga tezroq qaytish orzusida rejalar tuzardi. Uni qutqarib qolgani uchun Kokuaga minnatdorchilik bildirar, uni suyib-erkalab, xaloskorim deb atardi. Keyin esa azbaroyi ahmoqligidan shishani sotib olgan chol ustidan kula boshlardi.
– Avvaliga menga tuppa-tuzuk qariyadek koʻrinuvdi, – derdi u. – Ammo hech qachon odamning tashqi koʻrinishiga qarab baho berib boʻlmas ekan. Bu qari badbaxtga shisha nima uchun kerak boʻlib qolganikan-a?
– Balki uning niyatlari yaxshi boʻlgandir, – ohista e’tiroz bildirdi Kokua.
Biroq Keave zaharxanda kulib qoʻydi:
– Bema’ni gap! Senga aytayapman-ku, u nafaqat qari tulki, balki gʻirt eshak ham ekan! Shishani toʻrt santimga sotishning oʻzi qanchalik azob boʻldi, uni uch santimga oladigan telba umuman topilmasa kerak. Negaki xavf-xatar nihoyatda katta! Undan u yogʻiga esa jahannam otashi ufurib turibdi! – deb qichqirib yubordi u va keyin yelkalarini qisib qoʻydi. – Toʻgʻri, men oʻzim uni bir tsentga sotib olganman, lekin oʻshanda bundan ham maydaroq tangalar borligini xayolimga keltirmagandim. Keyin esa tentakdek qiynalib yurdim. Ammo endi boshqa ahmoq topilmasligi aniq, chunki shisha kimning qoʻliga tushsa, uni toʻgʻridan-toʻgʻri doʻzaxga sudrab ketishi shak-shubhasiz!
– O, erjonim! – dedi Kokua. – Odam oʻzini qutqarib, boshqa birovni abadiy azob-uqubatlarga duchor qilishi dahshatli emasmi, axir? Nazarimda, men bu holdan kula olmasdim, uyalgan boʻlardim. Gʻam-tashvishga tushib, shu shisha qoʻlida qolgan shoʻrpeshananing haqiga duoi iltijolar qilardim.
Uning soʻzlari haqiqat ekanligini sezgan Keave yanada jahllanib ketdi.
– Hali sen shunaqamisan? – deb baqirdi u. – Agar koʻngling tusayotgan boʻlsa, mayli, xohlaganing uchun gʻam-tashvish chekaver. Lekin har qalay, eriga mehribon ayol uchun shu ish yarashadimi, munosibmi? Menga salgina boʻlsa ham joning achiganida shu soʻzlaringdan oʻzing xijolatga tusharding!
U shunday deb uydan chiqib ketdi va Kokua yolgʻiz oʻzi qoldi.
Shishani ikki santimga sota olishdan u qanday ham umid qilsin endi? Buning hech qanaqa iloji yoʻqligini oʻzi yaxshi tushunadi. Hatto shunday umid-ilinji boʻlgan taqdirda ham bunga fursat qani? Eri bu yerdan tezroq joʻnab ketish payida, boradigan joylarida esa tsent-dan maydaroq tangalar muomalada yoʻq. Ayol-ku oʻzini qurbon qildi, lekin shundan nima naf boʻldi? Mana, ertasiga ertalaboq eri uni siltab tashlab, uydan chiqdi ketdi.
Kokua uning ixtiyorida qolgan vaqtdan foydalanib qolishga hatto urinib ham koʻrmadi. Uyda yolgʻiz oʻzi oʻtirgan koʻyi goh shishani olib, unga dahshat-vahima bilan qarar, goh yana titrab-qaqshab koʻzdan pana joyga olib qoʻyardi.
Nihoyat, Keave uyga qaytib, xotiniga sayr qilib kelishni taklif etdi.
– Hozir tobim qochib turibdi, – deya javob berdi Kokua. – Meni kechirasan-u, lekin yuragimga qil ham sigʻmaydi, oʻyin-kulguga hushim yoʻq.
Bu gapdan Keavening battar jahli chiqib ketdi. Xotinim qariyaga achinayapti degan xayolda unga zahrini sochdi, ammo u toʻgʻri gapirayotganini koʻrib turgani, oʻzining nooʻrin shodligidan uyalayotgani uchun oʻz-oʻzidan ham nafratlanib ketdi.
– Hali shumi sening vafo-sadoqating! – deya hayqirdi u. – Hali shumi sening muhabbating! Ering senga boʻlgan muhabbati uchun oʻzini abadiy azob-uqubatlarga giriftor qilgan edi, ulardan arang qutulib qolganida esa sen hatto eringning quvonchiga sherik boʻlishga ham yaramayapsan! Beburd, bevafo ekansan, Kokua!
Keave yana qahr-gʻazabda uydan otilib chiqdi va kun boʻyi shaharda daydib yurdi. Doʻstlarini uchratib, ular bila birga kayf-safo qildi. Keyin ular ekipaj yollab, shahar tashqarisiga yoʻl olishdi va u yerda ziyofatni yana davom ettirishdi. Biroq Keave xotini uyda gʻam-tashvishda ezilib oʻtirgan bir paytda oʻzi yallo qilib yurganini unuta olmas, bundan behad iztirob chekardi. U xotini haqligini yurak-yuragidan his etib turar, lekin shuni tushungani uchun ham bor alamini ichkilikdan olishga urinardi.
Ularning davrasida bir keksa xaole, nihoyatda pastkash va qoʻpol bir odam ham bor edi. Bir paytlari u kit ovlovchi kemada botsman boʻlib xizmat qilgan, keyin daydi-sayoqlik bilan kun kechirgan, soʻngra oltin konlarida omadini sinab koʻrgan, turmada ham oʻtirib chiqqan edi. Yuragi qora, ogʻzi shaloq bu kimsa ichkilikka mukkasidan ketgan, boshqalarni ham ichirishga urinar, Keaveni hadeb ichishga qistayverardi. Tez orada davradagilarning birontasida ham sariq chaqa qolmadi.
– Menga qara! – dedi u shunda Keavega. – Sen axir boy-badavlatsan-ku, oʻzing doim maqtanib yurasan. Har xil hunar koʻrsatadigan shishang bor, axir!
– Ha, – dedi Keave, – men boy-badavlatman. Hozir uyga borib xotinimdan pul olaman, negaki pul uning qoʻlida turadi.
– Gʻirt ahmoq ekansan-u, oshna, – dedi botsman. – Qaysi tentak pulni xotin kishiga ishonib berib qoʻyadi! Ularning bari xiyonatkor, makkor, oqar suvdek beqaror-ku, axir. Sen ham xotiningga doimo koʻz-quloq boʻlib yurishing kerak.
Bu soʻzlar Keavening yuragiga zaharli nishdek sanchildi, mastligida boshi gʻuvillab, hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib ketdi.
«Balki u chindanam menga xiyonat qilar, qayerdan bilib oʻtiribman? – deb oʻyladi u. – Men najot topganimda suyunish oʻrniga ku-yunishiga balo bormi boʻlmasa? Biroq bunaqa qiliq-nayranglari menga oʻtmaydi, unga koʻrsatib qoʻyaman hali. Hozir toʻgʻri boraman-da, naq jinoyat ustida qoʻlga tushiraman!»
Keave mana shu gumon-shubhalarda shaharga qaytdi, botsmanga uni muyulishda, qadimgi qoʻrgʻon yonida kutib turishni buyurdi va oʻzi uyiga qarab yoʻl oldi. Bu orada kech kirgan, derazalarda chiroqlar koʻrinar, ammo uydan tiq etgan tovug eshitilmasdi. Keave binoni aylanib oʻtib, orqa eshikka biqinib bordi va uni ohista ochib, ichkariga nazar tashladi.
Xona oʻrtasida, yonib turgan lampa yonida Kokua oʻtirar, uning oldida esa sutrang-oqish tusli va uzun boʻyinli baqaloq shisha turar, ayol unga qarab yum-yum yigʻlar edi.
Keave bu manzarani koʻrib ostonada mixlangandek turib qoldi, uzoq vaqtgacha joyidan siljiy olmadi. Avvaliga u haykaldek tosh qotdi, hech narsani oʻylayolmay turaverdi, keyin esa uni qoʻrquv qamrab oldi. U nima uchundir bitim amalga oshmay qolgan-u, shisha xuddi San-Fransiskoda boʻlganidek yana yonimga qaytib kelgan, degan xayolga bordi. Shu lahzadayoq tizzalaridan mador ketib, kayfi ham baayni daryo tepasidagi tuman tong saharda erib ketganidek, bir zumda tarqadi qoldi. Lekin birdaniga xayoliga yangi, juda gʻalati bir fikr keldi-yu, uyat-nomusdan yuzlariga qon tepdi.
«Buni tekshirib koʻrish kerak», – deb oʻyladi u.
Keave eshikni ohista yopdi, uyni yana astagina aylanib oʻtdi, keyin esa goʻyo endigina qaytib kelayotgandek tapir-tupur qilib ortiga yurdi. Xoʻsh, nima boʻldi u yogʻiga? U katta eshikni ochib ichkari kirganida shishaning qorasi ham koʻrinmasdi, Kokua esa oromkursida oʻtirgan koʻyi uni koʻrganida bir seskandi va goʻyo uyqudan uygʻongandek boʻldi.
– Men butun kunni kayf-safo bilan oʻtkazdim, – dedi Keave. – Ajoyib doʻstlarim davrasida edim, hozir esa pul olgani keldim – ziyofatimizni yana davom ettirmoqchimiz.
Uning chehrasi ham, ovozi ham mudhish tusda edi, ammo oʻz yogʻiga qovurilib oʻtirgan Kokua hech nimani payqamadi.
– Toʻgʻri qilasan, erjonim, chunki bu yerdagi hamma narsa seniki, – dedi u siniq ovozda.
– Ha, men doimo toʻgʻri ish qilaman, – dedi Keave va toʻgʻri sandiqcha yoniga borib, ichidan pul oldi. Ayni paytda u sandiqchaning shisha turadigan burchagiga koʻz tashlashga ulgurdi, ammo u koʻrinmasdi.
Shu asnoda Keavening birdan koʻzi tinib, boshi aylanib ketdi, nazarida butun olam ostin-ustun boʻlayotgandek edi. Chunki u endi hamma narsa barbod boʻlganini, bu yogʻiga hech qanday najot yoʻqligini anglab yetgan edi.
«Aynan ana shundan qoʻrqqandim, – deb oʻyladi. – Demak, shishani xotinim sotib olgani shubhasiz».
Nihoyat, u oʻziga kelib, chiqib ketmoqchi boʻldi, ammo yomgʻirdek serob va buloq suvidek sovuq ter tomchilari yuzlaridan quyilib kelardi.
– Kokua, – dedi Keave. – Bugun sening koʻnglingni ogʻritib qoʻyganim chakki boʻldi. Hozir doʻstlarimning quvnoq-shodon davrasiga qaytaman va bazmi jamshidni yana davom ettiramiz. – Shu oʻrinda u sal kulgandek boʻlib, qoʻshimcha qildi. – Lekin agar sen meni kechirsang, koʻngilxushligim ham sal tatirmidi.
Kokua unga otilib, tizzalarini quchoqlab oldi, bosh urib, koʻz yoshlari toʻkdi.
– O! – deyoldi u ogʻriqli ohangda. – Menga sening shirin soʻzlaringdan boshqa hech narsa kerak emas!
– Bundan bu yogʻiga bir-birimiz haqimizda yomon xayolga bormaylik aslo, – dedi Keave va uydan chiqib ketdi.
Ana endi keyin nima boʻlganini eshiting. Aslida Keave ular bu yerga kelishgan zahotiyoq zaxira qilib qoʻyishgan puldan atigi bir necha santim olgandi, xolos. Kayf-safo qilish shu tobda uning xa-yoliga ham kelmasdi. Xotiniki uni deb oʻzini doʻzaxga tutib beribdimi, endi uni deb Keave oʻzini jahannamga otishi kerak. Shu lahzalarda u bundan boʻlak hech narsani oʻylay olmasdi.
Botsman uni muyulishda, qadimgi qoʻrgʻon yonida kutib turardi.
– Shishani xotinim egallab olibdi, – dedi unga Keave. – Agar uni qaytarib olishimga sen yordam bermasang, bugun ikkalamiz uchun pul ham, ichkilik ham yoʻq.
– Shisha haqidagi gaplaring rostmi, hazillashmayapsanmi mabodo?
– Qani, fonus ostiga yur-chi, – dedi Keave. – Endi menga bir qara: hazillashayotganga oʻxshaymanmi, yoʻqmi?
– Gaping rost, – dedi botsman. – Arvohning qiyofasi ham senikichalik jiddiy boʻlmasa kerak.
– Unaqada quloq sol, – dedi Keave. – Mana senga ikki santim. Hozir xotinimning yoniga borasan-da, shishani shu pulga sotib olaman deysan. Agar men toʻgʻri tushungan boʻlsam, u oʻsha zahotiyoq beradi. Shishani bu yerga olib kelasan va men uni sendan bir santimga sotib olaman. Chunki qonun-qoidasi shunaqa: bu shishani faqat zarariga sotish mumkin. Ha, endi bir gap: seni men yuborganimni xotinimga aytib qoʻymagin-a, yana!
– Meni laqillatmayapsanmi ishqilib, oshna? – deb soʻradi botsman.
– Mabodo aldagan taqdirimda ham sen nima yoʻqotarding? – e’tiroz bildirdi Keave.
– Bu gaping ham toʻgʻri, – ma’qulladi botsman.
– Agar menga ishonmayotgan boʻlsang, tekshirib koʻrishing juda oson, – dedi Keave. – Uydan chiqqan zahoting choʻntaging pulga toʻlishini yoki eng yaxshi bir shisha rom paydo boʻlib qolishini soʻra. Yoinki, oʻzingga ma’qul kelgan, koʻngling tusagan istalgan narsani tilayver. Bu shishada qanday kuch-qudrat borligini ana oʻshanda koʻrasan.
– Boʻpti, doʻstim, – dedi botsman. – Sinab koʻrsam koʻribman-da. Ammo-lekin bir narsani bilib qoʻy. Mabodo ustimdan kulishni oʻylagan boʻlsang, men ogʻzini ochib qarab turadigan anoyilardan emasman. Boplab adabingni berib qoʻyish qoʻlimdan keladi.
Kit ovlovchi keksa botsman shunday deb, uy tomon ketdi, Keave esa uni kutib qoldi. Bu joy oʻtgan kecha Kokua qariyani kutgan yer yaqinida edi. Faqat, xotinidan farqli oʻlaroq, Keave qat’iyatga toʻliq, zarracha boʻlsin ikkilanmas, holbuki yuragi pora-pora boʻlib yotardi.
Uning nazarida juda uzoq kutib qolgandek tuyuldi, lekin, mana, qorongʻilikdan xirgoyi tovushi eshitildi. Keave botsmanning sarxush ovozini tanib, ajablandi: shu bemahalda qayerdan yutib ola qoldi ekan?
Nihoyat, koʻcha fonusi yogʻdusida gandiraklab kelayotgan botsman koʻrindi. Shaytoniy shisha uning qoʻyniga yashirilgan, bushlatining hamma tugmalari qadalgan edi. Qoʻlida esa boshqa shisha, Keavega yaqinlashar ekan, undan hoʻplab-hoʻplab qoʻyardi.
– Koʻrinishingga qaraganda, ishingni bajarganga oʻxshaysan, – dedi Keave.
– Tort qoʻlingni! – deya oʻshqirdi botsman bir qadam ortga chekinib. – Yaqinlashadigan boʻlsang, urib abjagʻingni chiqaraman! Mening orqamda shu ochil dasturxonga egalik qilishni oʻylabmiding hali!
– Nimalar deyapsan oʻzi? – ajablandi Keave.
– Nimalar deyapman? – takrorladi botsman. – Bu shisha menga juda yoqib qoldi, ana shuni aytmoqchiman. Shunday xazinani atigi ikki santimga qanday qilib qoʻlga kiritdim, oʻzim ham hayronman. Ammo lekin sen uni bir santimga olaman, deb xomtama boʻlmay qoʻya qol.
– Uni... sotmoqchi emasmisan hali? – deb soʻradi Keave tili zoʻrgʻa aylanib.
– Yoʻq, ser! – deya xitob qildi botsman. – Lekin seni bir qultum rom bilan siylashim mumkin.
– Sen boshqa bir gapni tushun: bu shishaga egalik qilgan odam doʻzaxga tushishi muqarrar, axir!
– Oʻzi, shusiz ham boradigan joyim oʻsha yer, – deya e’tiroz bildirdi botsman. – Jahannamga sayohat qilishda esa manavi shishadan ham yaxshiroq hamrohni uchratganim yoʻgʻidi shu paytgacha, ser! – deya hayqirdi u yana. – Endi bu shisha meniki, sen esa yoʻqol, balki boshqasini topib olarsan.
– Menga qara, shu gaplarni chindan ham aytayapsanmi? – deb baqirib yubordi Keave. – Xudo haqi, sendan oʻtinaman – oxirating kuymasligi uchun sot uni menga!
– Oʻtinchingga tupurganim bor! – deya javob qildi botsman. – Sen meni shunchaki bir laqma, goʻl deb oʻylaganding, endi koʻrib turibsanki, tuzogʻingga ilinadigan haftafahmlardan emasman. Xullas, gap tamom, vassalom! Rom bilan mehmon qilishimni xohlamasang xohlama – oʻzim ichaman. Salomat boʻl, oshna!
U shunday deb shahar markaziga qarab yoʻl oldi, hikoyamizdagi shisha ham u bilan birga ketdi.
Keave esa Kokuaning yoniga qanot chiqargandek uchib bordi va shu kecha ularning quvonch-shodliklariga hech qanday chegara boʻlmadi. Ana oʻshandan buyon er-xotinning «Yarqiroq Uy»dagi hayoti tinchlik-osoyishtalik, shod-xurramlikda kechdi.
↑ Pinta – hajm oʻlchovi birligi.
↑ Bushlat – paxtalik nimcha, dengizchilar kiyimi.
↑ Shtopor – butilka poʻkagini ochadigan parma.
↑ Kubrik – kemada komanda joylashadigan xona.
↑ Shxuna – uncha katta boʻlmagan yelkanli kema.
↑ Kanaklar – Tinch okeandagi orollarning tub aholisi.