Josuslar (kamolov) copy
KIRISh
Men bugun vrachlarning so'nggi tashhisini aniqladim. Rak kasaliga uchrabman. E, yo'qotadigan hech narsam yo'q. Hech kimga ziyon ham yetkaza olmayman. Yaqin qarindoshlarim yo'q. Umrim bo'lsa, uzog'i bilan bir necha oy qolgan xolos. Shuning uchun butun hayotimni gapirib beraman.
Maxsus bo'linmada yigirma yildan ortiqroq xizmat qildim. O'shanda na harbiy biletim, na pasportim, na mehnat daftarcham, na diplomim bor edi. Aniqrog'i, unaqangi hujjatlarning bir necha o'nlab nusxalari yonimda edi. Lekin birontasiyam o'zimning familiyamda, nomimda emas. Meni ota-onamdan yagona meros qolgan familiyam, ismim, yaqinlarimdan, hayot yo'limdan mahrum etishdi.
Shu yigirma yil ichida o'zim xohlab-xohlamay odamlarga yomonliklar qildim. Endi ana o'sha gunohlarimdan forig' bo'lishni istayman. Faqat bir narsadan qo'rqqanim uchun ham asl ismimni, manzilimni, umuman kim ekanimni o'zgartirib yozmoqchiman. Toki, mening qo'lyozmamni sizlarga yetkazgan odam kulfatlar, ta'qiblar girdobida qolmasin. O'sha sirlarim o'zim bilan birga boqiy dunyoga ravona bo'la qolsin.
BIRINChI YoZUV.
O'QUV MAShG'ULOTLARI
Josuslar kursiga armiyada olti oygina xizmat qilganimdan so'ng tushib qoldim.
— Narsalaringni yig'ishtir, — dedi menga harbiy qism navbatchisi. — Ko'rpalarni starshinaga topshir. Tozaroq yoqa tikib ol. Qara, qorayib ketibdi yoqang. Undan keyin yigirma daqiqa ichida markaziy darvoza oldiga yetib bor!
Aytilganidek, men yigirma daqiqa o'tib-o'tmay darvoza ro'parasida hozir bo'ldim.
— Senmi ko'rikdan o'tishga boradigan? — so'radi xat tashuvchi mashina yonida turgan haydovchi. — Tez mashinaga o'tir.
Mashina o'rnidan qo'zg'aldi va unga qo'shilib hayotim ham noma'lum tomonga yo'l oldi.
— Chekishdan bormi? — yo'l-yo'lakay so'radi mendan haydovchi.
Men «yo'q» ishorasini qildim. Haydovchi og'ir xo'rsinib qutichadan o'zining sigaretini chiqarib tutatdi.
Biz ancha yo'l yurib kazarmani eslatuvchi bir bino qarshisida to'xtadik. Bu binoda tibbiy ko'rikdan o'tkazishlarini ichkariga kirgandan keyingina anglab yetdim.
Yo'lakda yosh yigitlar ko'p edi. Ular yechinib, o'z ismlarini aytib chaqirishganda baland ovoz bilan «Men!» deb javob qaytarishar, qolganlari nimalardir to'g'risida gaplashishar, ba'zilari sigaret tutatishardi. Men ham vrachlar qarshisiga bordim. Boshqalar singari yechindim, kiyindim…
— O'tiring. Turing. Engashing. — buyurardi vrachlar.
— Tatuirovka, hol, chandiqlaringiz bormi?
— Orqangizni o'giring. Yana. Qo'llaringizni ko'taring. Tushiring. Hammasi joyida.
— Balandlikdan, qorong'ilikdan qo'rqasizmi? Tor joyda qisilib o'tirishdan-chi? Divan ostida bolalikda ota-onangizdan qo'rqib uzoq vaqt o'tirib ko'rganmisiz?
— Uyqu orasida gapirasizmi, xurrak otasizmi?
— Bilmayman. Uyqu orasida faqat uxlayman xolos.
Bu komissiyasi xuddi xizmatga chaqirilgandagi holatni eslatardi. Biroq yigitlarga qarab turib bir narsani payqay boshlagandim. Hammasi o'rta bo'yli, hatto ko'rinishi ham bir xildek. Bular ham harbiy xizmatda olti oydan ko'p bo'lmagan. Xuddi menga o'xshab hech qanday ogohlantirishlarsiz bu yerga olib kelingan.
— Bizni qaerga olib ketisharkin? — o'zimizcha taxmin qilardik. — Suv ostigamikan?
— Ha, suvosti tankchiligiga. — kimlardir hazillashgan bo'lardi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga. Tanklarni yoqilg'i bilan to'ldirib dengizga tashlashadi. Ana undan keyin suzaver.
Bora-bora yo'lakdagi chaqiriluvchilar kamayib borardi. Kechga borib kursilarda faqat o'ttiz kishicha qoldik.
— Saflan! — buyurdi starshina. — Hamma kiyinib avtobusga chiqsin! Tez bo'l hammang!
— Qaerga boramiz? — so'radik biz.
— Karantinga.
— Axir, harbiy qismda karantindan o'tganmiz-ku!
— Bunisi boshqa karantin. Borganda bilasanlar. Boshqa savollar yo'qmi? Unda tez avtobusga!
Karantin borgan kunimizdanoq boshlandi. Kazarmada navbatchi askar yo'q edi. Karavotlar orasida bo'lgan fanerdan yasalgan bir yarim metrlik to'siqlar qo'yilgandi. Berilgan kiyimlarning pogoni yo'q. Hech kim erta tongda «Uyg'on!» deb baqir-chaqir qilmasdi. Har kim o'z xohishi bilan uyg'onar, bundan «biz haqimizda unutib yuborishdimi?», degan xayol ham qilib qo'yardik.
— Yo'q, armiyada bunaqangi tartibsizlik bo'lishini sira ko'rmagandik. — deyishdi bizdan bir-ikki oy ko'proq xizmat qilganlar.
Nihoyat starshina paydo bo'ldi.
— Turdilaringmi? — so'radi u. — Unda tez hammomga, keyin oshxonaga!
Keyingi kunlarda ham bizni harbiy xizmatda qiladigan yumushlarga umuman jalb etishmadi. Uzoq masofaga yugurmadik, quroldan o'q otmadik, jismoniy mashqlarni ham untib qo'yayozdik. Kun bo'yi oq xalatli, kamgap shaxslar bilan gaplashdik, ikki kunlab qorong'i, tovushsiz xonalarda berkinib o'tirdik. Oshxonadan tortib, hojatxonalargacha o'rnatib tashlangan yashirin kameralarga ham ko'nikdik. Har bir o'tgan kunimiz haqida hisob beradigan bo'ldik. Bir xillikdan shu qadar zerikkandikki, kelgusidagi sirli xizmatni ham umuman xohlamasdik. Ba'zan hech qanday ogohlantirishlarsiz, bahonalarsiz kursantlardan birini chaqirib ketishardi-yu, uni qaytib ko'rmasdik.
— Yana bir kishini ozodlikka chiqarishdi. — deya hazillashib qo'yardik bir-birimizga bo'sh qolgan karavotga qarab.
Nihoyat hammamizni bir kuni sinfxonaga yig'ishdi.
— Yigitlar, — dedi baland bo'yli, fuqaro kiyimidagi kishi. — Sizlar yetarlicha jiddiy saralash hamda ruhiy tayyorgarlikdan o'tdilaring. Demak, askarlik hayoti sizlar uchun tugadi. Sizlar bir martalik yeyishgagina mo'ljallangan yog'liq go'sht emas, aksincha, o'ta muhim, xavfli topshiriqlarni bajara oladigan haqiqiy askarsiz. Batafsil gapirib o'tirmayman. Vaqti kelganda o'zingiz bilib olaverasiz. Shuning uchun faqat o'qish-o'rganishni biling-u, ortiqcha savollar berib bu yerdagilarning boshini qotirmang. Baribir savolingizga hech kim javob bermaydi. Kim navbatdagi attestatsiya imtihonini muvaffaqiyatli topshira olsa, sheriklariga nisbatan oldinroq uyiga ketish imkoniga ega bo'ladi. Lekin buning uchun ko'p ter to'kish lozim.
U odam aytgan imtihon nima ekanini ertasi kundan boshlab anglagandek bo'ldik. Darslar erta tongdan to qorong'i tushgungacha davom etar, nonushta, tushlik, kechki ovqatimizga juda kam vaqt ajratishardi. Bora-bora biz ovqatlanadigan joyimizni, yeydigan taomimizni almashtiradigan bo'lishdi. Goh katta maydonda o'tirgancha choy ichsak, goh buldozerning ustiga chiqib ovqatlanishga majbur qilishardi. Hozirgina muzlatkichdan olingan muzqaymoqni bir marta og'zimizga butunligicha solib yutib yuborishimiz, bundan tashqari, qurbaqalarni, chuvalchanglarni tiriklay yutishimiz talab etilardi. Ovqatni ham goh qoshiqda, goh qo'limiz bilan, goh sanchqida yerdik. Lablarimizni, qo'llarimizni sochiqda to'g'ri artishga o'rgandik. Hatto, stol atrofida o'tirib kekirsak ham chiqayotgan tovush yoqimli va to'g'ri bo'lishi lozim edi. Biz qaysi ovqat qaysi geografik hudud uchun foydali ekanini ham yaxshi bilishimiz talab etilardi.
Yana grimm usullarini ham o'rgana bordik. Pariklar, yasama mo'ylovlar olib ularni to'g'ri yopishtirishni, badanimizga turli chandiqlar, tatuirovkalar chizishni, kiyimlar tikishni, ayollar kiyimida, poshnasi baland tuflida yurishni yurishni o'zlashtirdik. Shu jumladan shevalarni, yoshlarga xos jargonlarni, kar-soqovlar tilini ham bilishimiz shart edi. Qolaversa, transportning har qanday turida bemalol yura bilishimiz zarur.
Vaqt o'tib borardi. Biz bildirmasdan bir-birimizning cho'ntaklarimizga tushardik va katmon, shunga o'xshash narsalarni egasiga sezdirmay olib qo'yishga urinardik. Har bir muvaffaqiyatli harakatimiz bizga qo'shimcha ochko olib berardi.
Eng dahshatlisi shu ediki, biz ko'rsatilgan muddatda, aytilgan joyda hozir bo'lishimiz shart edi. Masalan, oshxonaga 13: 03 da kirib kelishimiz kerak bo'lsa, shu vaqtda bir-ikki soniya farq bilan bo'lsa-da, kirishimiz kerak. Mabodo uch soniya o'tib ketsa, stol yig'ishtirib qo'yilardi. Natijada och qolib ketaverardik.
Xotiramizni, diqqatimizni ham charxlab borishardi. Har bir mayda-chuyda narsani tez ilg'ay olishimiz, xotiramizda kazarma tugul, hatto ko'chadagi buyumlarning har birini tez joylay olishimiz shart deb qo'yilgandi. Ba'zan bizdan aktyor yoxud ustamon jinoyatchilar tayyorlashyaptimi deb ham o'ylab qolardik.
Ha, misol uchun aytadigan bo'lsam, «Cho'ntakkesarlik» degan fanni haqiqiy qamalib chiqqan, o'g'irlik dunyosida juda mashhur odam o'tardi. U kal, uzun soqoli ko'ksiga tushadigan, barmoqlari xuddi musiqachilarniki kabi ingichka, tili o'tkir odam edi.
— Bolalar, men sizlarning asboblaringizni ko'rmoqchiman. — u biz bilan tanishishni shu gapdan boshladi. — Chunki, kimlar bilan ishlashim kerakligini bilishim lozim. Qani, barmoqlaringizni ko'rsatinglar-chi! Hamma qo'lini stol ustiga qo'ysin! Ie, shuyam barmoqmi? Nimaga yaraydi bular? Iltimos, barmoqlaringizni mana bunday holatga keltiringlar! Endi bunaqasiga. Xudoyim, qanday dahshat-a! Bu barmoqlar bilan faqat po'lat eritish, o'rmon kesish, g'isht terish, nihoyat karabindan otish mumkin xolos. Sizning ishingizda bu barmoqlar yordam bera olmaydi. Bilmadim…
O'qituvchimizni Mixaylich deb chaqirishardi. U o'z ishini yoshi yetmishga borib qolganiga qaramay, haqiqatan yaxshi bilardi.
— Mashg'ulot, mashg'ulot va yana mashg'ulot! — derdi u. — Men istaymanki, barmoqlaringiz narigi xonada kapalak uchsa shamoli tegayotganini his eta olsin. Ana shunda sizlar odamlarni yig'lata oluvchi ajoyib simfoniyalarni ham ijro eta oladigan bo'lasiz… Eh, o'z vaqtida mening barmoqlarim qanaqa edi-ya! Birontayam ayolda yo'q edi mendagi barmoqlar. Vey, nima qilyapsan? Bunday ishlab bo'lmaydi. Bu cho'ntak. Ayolning ko'ylagi emas. Siz ayol ko'kragiga emas, birovning cho'ntagiga qo'l solyapsiz. Yo'q, hozir sizlarga qoniqarli baho qo'ya olmayman…
Menga qaranglar, ishlayotganingizda ko'zingizni boshqa tarafga olib qochishga odatlanmang. Qo'rquv boshqalarning diqqatini oshiradi. Ochiqchasiga, qo'rqmasdan harakatlanishga o'rganing. Kulimsirang «mijoz»ning ko'zlariga boqib. Tabassum ishonchni oshiradi. Har qanday odam ham uning cho'ntagiga kulimsiragan holda tushayotganingizni ko'rsa, hazillashyapti deb o'ylaydi.
Agar qo'lga tushsangiz, shovqin ko'tarmang. Yutqazsangiz ham chiroyli qilib yutqazing. Sizdagi professional qobiliyat bir-ikki yillik turma azobidan yuqori turishini unutmang.
Hoy bola, men senga bu yumaloq matoni nima uchun berdim? Barmoqlaringni harakatlantir. Sen ertayu kech, hatto hojatxonada o'tirganingdayam ishlashing kerak. Mening qo'llarimga qara. Bu barmoqlar bir paytlar odamlarning tor shimlari cho'ntagidagi gugurt qutisini ochmasdan turib ichidan uchta-to'rtta gugurt donasini ustalik bilan chiqara olgan.
Agar siz sumkani xuddi kolbasa kesgandek kesish lozim deb o'ylasangiz, bu yerda qiladigan ishingiz qolmabdi deb hisoblayvering. Chunki, sumka kolbasa emas. Hoy, piskani qanday ushlayapsan?..
Qiziq, biz Mixaylichni sira jinoyatchiga o'xshatgimiz kelmasdi. U jinoyatchi, o'g'ri, retsidevist, ellik yil turmada o'tirgan odam edi.
— O'ylaysizki, manavi katmon menga kerakmi? — ba'zan faylasuflarcha fikrlay boshlardi Mixaylich. — Yo'q, menga vaziyat kerak, o'yin kerak. Men katmonning zo'rini bir paytlar militsiya bayramiga bag'ishlangan tantanali kechada qo'lga kiritganman. U yerda sovet puliga ellik so'm bor ekan. Eh, militsioner yig'lagan bo'lsa kerak. Yo'q, men pul uchun bunday qilmaganman. Ustaligimni yana bir marta namoyish qilganman…
Grimm, mimika, harakat muallimi ham juda dag'al odam, shunga yarasha o'z ishining ustasi edi.
— Bu bashara bilan seni birinchi uchragan militsioner qo'lga oladi. — derdi u. — Nima, qurbaqa yeganmisan? Mushaklaringni bo'shashtir sal. Ko'zlaringni ko'rsat. Hech narsadan qo'rqish shart emas. Sen boshqalar qatori qonunni hurmat qiladigan odamsan. Militsionerga tabassum bilan yaqinlash-da, poliklinika qaerdaligini so'ra. Soat nechaligini surishtir. Ketayotganingda qadamlaringni tezlatma. Esingda bo'lsin. Yuz ham xuddi kinokameraga o'xshaydi. Kallangda qaysi tasma aylanayotgan bo'lsa, basharang ham o'shani ko'rsatib turadi. Qoshlaringni ker. Sigaretni tish tozalaydigan cho'pga o'xshab ushlama.
Nima yurish bu? Yurish ham odamning kimligini, kim bo'lib ishlaydi, oilasi bormi-yo'qmi, xursandmi, xafami, sog'mi-nosog'mi, hammasini aytib bera oladi. Men o'nlab senga o'xshaganlarni bilaman. Ular birinchi kuniyoq qovun tushirishgan. Birlari qadahni noto'g'ri ushlagani, boshqasi kostyumining tugmalarini boshqacharoq qadagani uchun…
* * *
Bir yil o'tdi. Barcha muallimlar bizning yetarli tayyorgarlikka ega ekanimizga amin bo'lishgach, imtihon shartlari bilan tanishtirishdi. Bunaqasini kutmagandik.
— Sizlar uchun, — deyishdi. — Yegan nonlaringni oqlash payti yetdi. Biz «ochiq eshiklar kuni»ni e'lon qilamiz. Erta-indin barchangiz o'sha yoqqa, haqiqiy dunyo tomon yo'l olasiz. Yoningizda na ovqat, na pul, na kiyim, na hujjat, na turar jon bo'ladi. Hatto, oddiy taroq ham bo'lmaydi. Hammasiga o'zingiz erishishingiz lozim. Mana shu imtihonning asosiy sharti. Biz orangizdan kimningdir surati dastlabki kunlardanoq militsiya postlari tepasida osilib tursa, yo kimgadir qidiruv e'lon qilinsa, qutqarishga kafolot bermaymiz. O'zingiz harakat qiling.
Ikki oydan keyin ishingizni tekshirib ko'ramiz. Kim rostakam afsonaviy ishni uddalay olsa, o'sha imtihondan o'tgan hisoblanadi. So'ngra bemalol uyiga yo'l oladi. Biz maxsus topshiriq uchungina uni chaqiramiz. Bu balki besh yil, balki, o'n yil, balki bir yil davom etar. Shu muddat ichida u odamni ortiqcha bezovta qilmaymiz. Endi qolgan shartlarni eshiting:
— Siz belgilangan geografik hududni tashlab ketmaysiz. U yerdan chiqish, qarindoshlardan, yaqinlardan yordam so'rash, kimgadir xat yozish, qo'ng'iroq qilish taqiqlanadi. Bizning telefon raqamimizni hech kimga bildirmaysiz. Mabodo qonun bilan o'rtangizda kelishmovchilik yuzaga kelsa, o'zingiz vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilasiz. Biz yordamga kelmaymiz. Eplolmadingizmi, turmada kelgusi tekshiruv muddatigacha o'tiraverasiz. Hech qachon bizning tashkilot haqida birovga gapira ko'rmang. Bu davlat sirini fosh etgan hisoblanadi va o'sha odam jinoyat qonunlariga asosan jazolanadi.
Mening navbatim to'rt kun deganda yetib keldi.
Talabga ko'ra, cho'ntagimdagi barcha narsalarimni chiqarib stol ustiga qo'ydim.
— Dastro'molchangni yonigda qoldirishing mumkin. — deyishdi menga. — Hadeb burningni tortaverma. Ba'zilarni qip-yalang'och holda plyajlarga olib borib tashlaganmiz. Senga yana po'stin beryapmiz. Xursand bo'lgin.
— Meni qaerga jo'natishadi? — so'radim instruktordan.
— Kim bilsin? Mamlakat keng. Balki, tundraga, balki Sochiga jo'natishar. — yelka qisdi u. — Bor, hozircha kechki ovqatni tanovul qil. Yaqin kunlarda ovqat ko'rmasliging aniq.
Ovqatni men negadir o'zimni majburlab yedim. Ishtaham yo'qolgandek edi.
Kechasi meni yuk samolyotiga chiqarib noma'lum tomonga olib ketishdi.
— Hadeb o'ylanaverma. — tinchlantirgan bo'ldi instruktor. — Uzoqqa olib ketishmaydi. Bir yili senga o'xshagan bittasini bir yarim soat samolyotda aylantirib, shundoq kursimizning devori ostiga tashlab ketishgan. Shunaqasiyam bo'lib turadi.
Nihoyat samolyot qo'ndi. Meni samolyot ichidayoq hammayog'i berk mashinaga o'tqazib yana uch soatlar chamasi olib yurishdi.
— Chiq, yetib keldik! — buyurdi menga instruktor.
Chiqdim. Qarshimda o'rmon.
— Ikkita shart bor. — uqtirdi u. — Bu yo'ldan o'z maqsading yo'lida foydalanmaysan va ajaling yetmaguncha o'lmaysan. Omadingni bersin!
O'sha mahal maydalab yomg'ir yog'ardi. Qarshimda esa, poyonsiz o'rmon. Ovqat ham yo'q. Butkul notanish, kimsasiz joylar. Qaerga yurishni bilmay qoldim. Shunda instruktorning so'zlari yodimga tushdi:
— Agar qaerga borishni bilmasang, suv omborini qidir! Qaerda katta suv bo'lsa, o'sha yerda uylar ham albatta bo'ladi. Odamlar suvsiz hayot kechira olishmaydi.
To'g'ri, egnimda po'stin bor xolos. Ich kiyim ham yo'q. Agar katta suvni topsam, o'zimni tashlashim, shunda odamlar meni cho'kyapti deb o'ylab qutqarib olishlari mumkin. Bizning odamlar rahmdil. Cho'kayotganlarga qo'l ko'tarishmaydi.
Men eng baland daraxtni topib ustiga chiqdim-da, uzoq-uzoqlarga nigoh tashladim. Yo'q, hech narsa ko'rinmaydi.
Faqat katta yo'lni ko'rdim.
* * *
Daraxtdan tushib mo'ljalim bo'yicha ketaverdim. Bir yarim soat deganda o'sha yo'lga yetib keldim. So'ngra kun bo'yi ko'zdan pana joyda berkinib yotib yo'lni kuzatdim. Eng asosiysi, bu yaqin atrofda harbiy qism bor-yo'q ekanini aniqlashim lozim edi. Negaki, birinchi harakatdayoq ularning qo'liga tushish g'irt ahmoqlik.
Tunda berkingan joyimdan chiqdim-u, daraxtlarni panalab-panalab ketaverdim. Birinchi chorrahaga yetganda yana berkindim. Bu yerda mashinalar ko'proq edi.
Yotish asnosida chiroqlar yorug'ida mashinalarning davlat raqamlariga razm soldim. Bildimki, men Ural-Sibir hududida ekanman. Nimayam qilardim? Boshlanishi yomon emas…
O'qib yurganimizda aytib berishgandi. Bir bechora kursantni samolyotdagilar adashib tundraga tashlab ketishibdi. Kursant odamlarni qidirishga tushadi. Uyoqdagilar esa, xato tufayli uni tashlab ketishganini anglab qolishadi. Sababi, kursant tashlab ketilgan joydan ming-bir yarim ming chaqirim uzoqlikdagina odamlar yashasharkan. Tezda qutqaruv otryadi ishga tushgan. Ikki hafta qidirib ham kursantni topa olishmagan va uni o'ldi deb e'lon qilishgan.
Oradan sakkiz oy o'tib kutilmaganda telefon jiringlaydi. Qo'ng'iroq qilgan o'sha kursant edi. U sakkiz yuz chaqirim ovqatsiz, suvsiz o'rmon kezib odamlarni qidiradi. Nihoyat bir kuni kiyik ovlovchilarga ro'baro' bo'ladi-yu, joni orom topadi. Ovchilar uni ovqatlantirishadi, kiyintirishadi…
Ha, menga rostdan ham omad kulib boqqanga o'xshaydi. Ural tundra emas.
* * *
Tunda sekin yurib ketayotgan yuk mashinasiga chiqib olib sakson chaqirimlar yo'l bosdim va aholi punktiga yetib oldim. Katta posyolka ekan. Piyoda, berkinib, militsionerlarning e'tiboriga tushib qolmaslik maqsadida ehtiyotkorlik bilan posyolkaga kirib bordim. Yo'q, bu yer ancha xavfli edi. Tez orada ko'ngilsizlik yuz berishi mumkin. Tramvay bekatining oxirgisiga yetganda unchalik katta bo'lmagan zavodga ko'zim tushdi. Ichkariga kirdim. O'ylaganimdek, menga hech kim e'tibor bermadi. Zavod hovlisini bir aylanib o'tdim-da, bino ichiga kirdim. Bu yerda erkaklar yechinish xonasi bo'lishi kerak edi. Zinalardan tez yuqoriga ko'tarildim-da, o'sha xonani topib egnimdagi po'stinni tashlab yubordim. Yaxshilab yuvingach, shkaflardan birini ochib u yerga ilingan kiyimlarni kiydim. Juda tez harakatlanishim lozim edi. Xudo ko'rsatmasin, birov kirib qolsa…
Kiyimlardan tashqari, o'zim uchun picha pul, tramvay chiptasi, bloknotga o'xshagan narsalarga ham ega bo'lgach, tashqariga chiqib o'yladim. Xo'sh, endi hujjatni qanday to'g'rilayman? Tag'in instruktorning gaplarini esladim:
«Hujjat doim pul bilan yonma-yon yuradi. Masalan, aeroportlarning jamg'arma banklari, kreditga savdo qiluvchi do'konlarning bo'limlari orasida…»
Oxirgisini tanladim.
Bir necha soat turli aloqa bo'limlari atrofida daydib yurishim avvaliga ish bermadi. Menga o'zimning bo'yimga mos, ko'rinishi ham o'xshab ketadigan odam zarur edi. Izlay-izlay, oxiri o'sha odamni topganday bo'ldim.
«Mijozim» navbatda tura-tura, zerikdi shekilli, pasportini cho'ntagiga tiqdi-da, tashqariga yo'l oldi. Men ham orqasidan chiqdim.
Shoshilmasdim. Xotirjam edim. Ertami-kechmi, Xudo xohlasa, o'sha pasport meniki bo'lishini bilardim.
Kinoteatr yoniga yetganda, u olomon orasiga kirdi. Men ham darrov yetib olib unga judayam yaqin bordim va bir qo'lim bilan tirsagiga urib qo'ydim. Maqsadim, uni chalg'itish edi. Chalg'ita oldim. Orqaga burilganidan foydalanib boshqa qo'lim bilan cho'ntagidagi pasportni oldim. Bu ishni qandaydir soniyalar ichida bajardim desam ham bo'ladi.
— Kechir, og'ayni, bilmay qoldim. — turtganim uchun uzr so'ragan bo'ldim-da, o'zimni chetga oldim.
— Hechqisi yo'q. — dedi u xotirjam ohangda.
Pasportning ichida pul bor ekan. Sanab ko'rdim. Shahardan chiqib ketishga yetmas ekan. Buncha pulga ega bo'lish uchun shahar transportida bir necha soat daydib yurishga to'g'ri keldi. Begona katmonlarni kovlashtirganimda vijdonim umuman qiynalgani yo'q. Kursimizda shunga o'rgatib tashlashgan. Faqat topshiriqni bajarish to'g'risida o'yladim. Axir, doim ortga o'girilaversangiz, oldinga bosib bo'lmaydi.
Kechqurun shahardan chiqib ketdim.