Josuslar (kamolov) copy (3-sahifa)
— buyurdi Qariya.
Bugay ovozimni ustalik bilan o'chirdi. Qovurg'am aralash kelib tushgan tepkidan so'ng qichqira olmasdim.
Unim o'chdi…
Shunga qaramay, asosiy maqsadga yetishimga bir bahyagina qolgandi.
Nihoyat meni vannaxonaga qamab eshikni tashqaridan qulflab qo'yishdi.
«Yangi turma» meni ancha tinchlantirgandi. Eng asosiysi, jinoyatchilarning tepkilari, qo'rqitishlaridan uzoqman. Faqat bu taxlit jim o'tiraverishim ham to'g'ri emas.
Kechqurun ishni boshladim. Katta ko'zguni bir tarafga surdim-da, mix bilan devorni tekshirdim. Agar bitta g'ishtni chiqarib olsam, qolganlarini yo'ldan olib tashlash oson kecharkan…
***
Shu tobda beixtiyor o'tmishim, beg'ubor bolaligim, otam, onam, opa-ukalarim, qondoshlar-u, qo'shnilar ko'z o'ngimda gavdalandi…
Afsus, men josuslikka ularning barchasini almashtirdim. Barchalarining qaynoq mehridan voz kechdim. Yakkamoxov bo'lib umr kechirishni afzal deb bildim. Sog'inch bag'rimni kalamush kabi ayovsiz kemirsa-da, chidadim. Chiday olmagan lahzalarimda o'zimni tentakka soldim. Telba kabi so'zlana-so'zlana, kula-kula g'amlarni aritgan bo'ldim…
Kechiringlar, menga allaqachon aza ochib ulgurgan, unutib, ismimni qabrda qoldirib ketgan mehribonlarim! Sizlarni ko'rish, qo'ng'iroqdek tovushlaringizni eshitish, har so'zingizdan lazzatlanish menga endi yot. Kechiringlar!..
(davomi bor)