Josuslar 2 (kamolov) copy
So'ngra men ish joyimni tayyorladim. Polga polietilen qopni yirtib yoydim.
Ertalabga yaqin ko'zlangan birinchi g'ishtni chiqarib olishga erishdim. Ora-orada jismoniy tarbiy bilan mashg'ul bo'ldim.
Ertalab uxlab qolgandim. Tepamda paydo bo'lgan Bugayning ovozidan uyg'onib ketdim.
— Ja dangasa ekansan. — dedi Bugay. — Mendan ko'p uxlayapsan. Qoch!
U meni oyog'i bilan bir chetga surdi va tishlarini tozalashga tushdi.
Sezmadi. Ko'zgu ortidagi ochiq joyni harqalay payqamay chiqib ketdi. Ketidan Qariya kirdi. Vannaxonani sinchiklab ko'zdan kechirgan bo'ldi.
— Xo'sh, shikoyat bormi? — so'radi mendan.
— Ha, ovqat beringlar!
— Bu yer senga dam olish uyi emas.
U chiqib ketgach, yengil nafas oldim. Negaki, u qolganlarga nisbatan ancha hushyor edi. Xudo ko'rsatmasin, bilib qolsa bormi, hammasi tamom bo'lardi.
Endi asosiy ishga o'tish, ya'ni, juftakni rostlash kerak. Kechasi ochiq joydan qo'shnining vannaxonasiga o'tish, hech kimga bildirmay tashqari eshigini ochish-u, qochish. Ammo nimadir meni ushlab turgandek tuyulaverdi. Nima? Qariyadan qo'rqyapmanmi? Qurolmi? Yo'q, qochsam hammasi rasvo bo'ladi. Qariya ortimdan quva boshlaydi. Qon to'kiladi. Natijada ularning jinoyatiga men ham sherik bo'lib qolaman.
Ehtiyotkorlik bilan g'ishtlarni joy-joyiga qo'yib chiqdim. Qirg'oqlarini ko'chgan suvoqlar bilan qaytadan suvadim. Ustini tish pastasi yordamida bo'yadim.
Bizni kursda bir narsaga o'rgatishgandi. Hech qachon hech qanday jinoyatga e'tibor qaratmasligimiz shart. Nahotki, yomon o'quvchiman men? Taqiqlangan ishga qo'l urdim. Jinoyat sodir etish uchun tayyorgarlik ko'rayotganlarga aralashib qoldim. Xo'sh, qo'llari bog'liq, qorong'i, berk vannaxonada o'tirgan mahbus nima qila oladi? Besh nafar qurollangan odamga qarshi chiqadimi? Yo'q, bu mumkin emas. Bu kvartirada jinoyatchilar yashirinib yotishganini boshqalarga qay yo'l bilan yetkazsa bo'ladi? Pechkalarni taqillatish kerakmi? Qanday yo'l tutsa bo'ladi? Ko'chaga xat yozib tashlasinmi? To'g'ri, oshxona derazasi ochiq. Lekin u yergacha yetib borish-chi? To'xta, qog'oz pulni ingichka qilib… Xuddi trubaga o'xshatib olib… Avval ichiga kerakli jumlalarni yozib, ana undan so'ng boshqa qog'oz pulni trubaga o'xshatib o'sha orqali otaman. Maktabda shunday yo'l bilan boshqa bolalarning qulog'iga qog'oz otardik. Aniq nishonga tegardi.
Pul topish qiyin kechmadi. Vannaxonada Qariyaning shimi osig'liq turardi. Cho'ntagidan qog'oz pullarning to'rttasini chiqardim.
Hammasi tugagach, oshxonaga chiqish yo'lini qidirdim. Baxtimga ular cho'miladigan bo'lishdi-yu, meni yo'lakka chiqarib qo'yishdi. Sekin sudralib oshxonaga kirdim va «rogatkam»ni qo'limga oldim. Derazaga to'g'rilab otdim. Orqamda Chandiq o'tirgandi. G'alati ovoz qulog'iga chalinib men tomon o'girildi. Baribir hech narsaga tushunmadi.
Men maqsadga erishishim uchun ikkinchi «o'q»ni ham tashqariga otishim lozim. Biroq ular odamlar o'tadigan joyga tushadimi-yo'qmi, Xudo biladi. Eh, nima qilsam bo'ladi? Yo vannaxonaga kirib pastdagi qo'shnilarnikiga suv toshiraymi? Ha, kanalizatsiyani tiqiltirib qo'ysam, qo'shnilarnikiga axlat aralash suv toshadi. Ular slesar chaqirishadi. Slesar trubalarni tozalayotib xatimni topishi mumkin. Yo'q. Bu reja ham xom. Slesar shuncha axlat orasidan kichkinagina qilib taxlangan pulni payqamaydi. Men qo'lga ilinadigan narsa topishim zarur. Masalan, soat!
Jinoyatchilarning qo'lini kuzatdim. Yigitchada yo'q. Uy egasida cho'ntak soat. Qariyaga yaqinlashish xavfli. Chandiq!.. Ha, o'sha to'g'ri keladi!
Men vannaxonaga olib kirishganda Chandiqdan o'rnimdan turg'azib qo'yishini so'radim. U turg'azayotganda sekin oyog'ini ezdim. U so'kinib oyog'iga andarmon bo'lib turganda, sekin bilagidagi soatni yechib oldim.
Chandiq meni jahl bilan devorga qarab itarib yubordi va chiqib ketdi.
Kechasi pol artadigan latta va kostyumimning astaridan ajoyib qopqoq yasadim. Unga soatni pishiq ip bilan mahkam boylab, ustidan o'zimning xat yozilgan qog'ozimni mahkamladim.
Kunduzi qopqoqni og'zimga solgancha tishlarim bilan nimadir yeyotgan bo'lib hojatxona tomon sudrala boshladim. Unitazga qopqoqni tashlagach, uch marotaba suvni tortib oqizdim.
* * *
Kechqurun Chandiq soati yo'qolganini sezib qoldi.
— Qiziq, soat qaerga g'oyib bo'ldi? — sheriklaridan so'radi u kvartirani ko'zdan kechirarkan.
— Oxirgi marta soatingni qachon ko'rganding? — so'radi Qariya.
— Ertalab. Yo tushlik vaqtidamidi? Yo'q, ertalab. Aniq esimda!
— Menga yoqmayapti bu narsa. — dedi Qariya. — Bu yerda nimadir bo'lyapti. Eslab ko'r-chi!
— Ertalab uyg'onib, sigaret chekdim, hojatxonaga kirdim, keyin vannaga… Jin ursin, esimda yo'q.
— Hamma oshxonada to'plansin! — buyurdi Qariya. — Hamma keldimi? Xo'p, unda gap bunday. Men tasodiflarni yoqtirmayman. Ayniqsa, ikki marta takrorlansa. Soat qaerga g'oyib bo'lishi mumkin? Bu narsa igna emaski, hech qaysimiz payqamay qolsak. Oramizda kimdir o'yin qilyaptimi deb qo'rqaman. Hoziroq chorasini ko'rmasak, yomon bo'ladi.
— Siz bizlardan gumonsirayapsizmi? — gap tashladi Chandiq.
— O'zimdan boshqa hammadan gumon qilyapman. Hozir bir ish qilamiz. Agar kimningdir cho'ntagidan yo'qolgan soatni topsak, yo gumonsirashga olib keladigan sirli narsa topsak, xafa bo'lish yo'q.
Vannaxonada o'tirib ularning hamma gaplarini eshitdim. Qo'rqa boshladim ham. Chunki, avval boshida ular kvartirani tintib chiqishadi. So'ngra vannaxonaga kirishadi. Ko'zguni ko'tarib ko'rishadi-yu, teshilgan joyga ko'zlari tushadi. Yana mixlar-chi?.. Yo'q, bunga yo'l qo'yib bo'lmaydi.
Men o'ylay boshladim. Bu mahal oshxonada tintuv boshlab yuborilgandi. Jinoyatchilar norozilanib bo'lsa-da, Qariyaga itoat etishardi. Hech narsa qolmadi. Mebel, stol, ishqilib, hammayoqni tekshirib chiqishdi. Men bo'lsam, vannaxona eshigi ochilib, ichkariga ular kirib kelishini xavotir aralash kutardim. Ana, qulfga kalit solinib, ichkariga Yigitcha mo'raladi. Uning ortida kvartira egasi turardi. Chamasi, tintuvni ikki kishilashib o'tkazishyapti.
— Mana buniyam tintib ko'ramizmi? — so'radi Yigitcha.
— E, qo'li boylangan-ku! — dedi Chandiq. — Kun bo'yi vannaxonada o'tiribdi.
— Uni o'zim tekshirib ko'raman. — qichqirdi Qariya. — Senlar xonalarni qidir!
Qariya ular tekshirgan joylarni qaytadan ko'zdan kechirardi.
Men shosha-pisha cho'ntagimdan yarimtaki piskani chiqardim. Yigitcha kvartira egasi nazoratida vannaxona tomon egilib pol ustilarini paypaslab ko'rardi.
Sekin-sekin borib bilagimga piska tortdim.
Yigitcha qo'limdan qon tizillab oqayotganini ko'rdi-yu, o'zini orqaga tashladi
— Ih, iflos! Tomirini kesdi!.
Shu zahoti vannaxonaga Qariya chopib kirdi va meni ko'tarib oldi.
— Nima qilib qo'yding, ahmoq? Nega tomiringni kesding!
U epchillik bilan qaerdandir latta topdi-da, yaramni mahkam bog'ladi. Kesilgan joy uncha qo'rqinchli bo'lmasa-da, qon to'xtamasdi.
— Nima, ajalingdan besh kun burun o'lmoqchimisan? — deya shang'illardi Qariya. — Hoy, bunga valerianka keltiringlar!
— Menda valerianka yo'q. — javob qildi kvartira egasi.
— Unda ichkilik keltir! Tez!
Qariya polda yotgan yarimtaki piskani topib oldi. oldi.
— Buni qaerdan olding, it? — U mening javobimni kutib o'tirmay, tashqaridagilarga baqirdi. — Necha marta aytganman soqol olgandan keyin piskalarni tashlab yuboringlar deb! Ana, qaysidir yaramas yo'qotgan, ikkinchisi topgan.
Ichkilik keltirishdi. Qariya majburlab og'zimga ikki stakan ichkilik quygach, polga yotqizdi.
— Vannaxonani tekshirib ko'rdilaringmi? — so'radi sheriklaridan.
Yigitcha va kvartira egasi «ha» degandek bosh chayqashdi.
— Qarab turlaring, keyin tekshirib ko'raman.
Men yengil nafas oldim. Tintuv tugagandi. O'zimni o'ldirishga urinishim hammasiga chek qo'ydi.
— Shuni tinchitib qo'ya qolsak-chi? Nima keragi bor endi uning?
— Kerak. Sendan so'rayotgani yo'q hech kim.
Men vannaxonada yotgancha oshxonadagi suhbatni tinglardim.
— Tinchitish qiyin emas. Murdani qaerga berkitamiz? Axlat idishga tashlasang, sasib ketadi.
— Bu yerdan tezroq daf bo'lmasak ish chatoq. Hammamiz aqldan ozamiz.
Ular uzoq gaplashib o'tirishdi. Oxirgi so'zni Qariya aytdi.
— Soatni-ku, topolmadik. Buniyam tasodif deb umid qilamiz. Ishni boshlash payti yetdi. Anavindan ko'z uzmanglar. Vannaxona eshigini yopmanglar. Qurol men bilan Volniyda turadi. Bugungi o'tirishimiz birinchisi va oxirgisi bo'ladi. Tamom!
Ertasi kuni ertalab suvni o'chirishdi.
— Kanalizatsiya tiqilib qolib birinchi qavatni suv bosibdi. — tushuntirdi kvartira egasi. — Endi ertaga ertalabdan vaqtli suv kelmaydi.
— Ablahlar! — so'kindi Chandiq. — Devorlarga «Hamma narsa odamlar uchun» deb yozishni bilishadi.
Bugay nazorati ostida vannaxonada o'tirib o'zimcha taxmin qilardim. Xo'sh, ishim natija berarmikan? Yozganlarimni topishdimikan? Qog'oz qaerga tushdi ekan? Santexniklar ko'risharmikan?
Shu kun juda qiyin o'tdi. Qulog'imni ding qilib ko'chada nimalar bo'layotganini tinglashga urinardim. Qariya esa, nimanidir ko'ngli sezgan ko'yi yo'lakda uyoqdan buyoqqa yurib, tez-tez vannaxonaga mo'ralab qo'yardi. U asabiylashardi. Faqat nimaga bu qadar asabiylashayotgani sababini topolmay qiynalardi. U shunchaki… Xavfni xuddi yovvoyi hayvonlar singari oldindan his etib turardi.
Kunduzi kimdir kvartira eshigini taqillatdi. Men hayajon ichida tashqariga quloq tutdim. Boshlandi shekilli! Jinoyatchilar qurollarini hozirlab, yo'lakka ohista yugurib chiqishdi. Ularning ortidan Bugay ham chiqdi. Men o'rnimdan turdim.
Afsus. Kimdir adashib taqillatgan ekan. Polga bo'shashgancha o'tirib qoldim.
— Sen qaerda bo'lishing kerak? — Bugaydan do'q aralash so'radi Qariya.
— Vannaxonada.
— Unda bu yerda qand yeb o'tiribsanmi?
— Men…
— Bor, joyingda tur! Kerak bo'lsang, o'zimiz chaqirib olamiz.
Ertasi kuni tushga yaqin hovlida mashinalar signali eshitildi.
— Yana remontchilar. — dedi kvartira egasi. — Ikkita mashinada kelishibdi.
— Kvartirang bexosiyat ekan. — dedi Chandiq. — Qachon qarasa, ko'ngilsizlik.
Shu payt tag'in eshik taqilladi.
— Kim u? — so'radi kvartira egasi.
— Santexnikman. Oching. Men truba almashtirishim kerak.
— Menga shu santexniging yoqmayroq turibdi-da! — shivirladi Qariya. — Ochma!
— Men santexnik chaqirmaganman. — yo'lakdan turib qichqirdi kvartira egasi. — Keting!
— Oching!
Va kuch bilan eshikni taqillata boshladi.
— Bular militsionerlar! — dedi Qariya. — Chunki, ta'mirchilar hech qachon ikkita mashinada kelishmaydi. Qani, hamma joyini egallasin!
— Oching, militsiya! — eshik ortidan baqirdi kimdir.
— Itdan tarqaganlar! — so'kindi Chandiq va qo'liga pichoq oldi. Bugay ham biroz o'ylanib turgach, qirqma miltiqqa yopishdi.
Vannaxona eshigini ochib qo'yishgandi. Faqat Bugay vannaxonaga orqa qilgancha meni qo'riqlardi. Qaytadan o'z hissiyotlarimga quloq tutdimmi, beixtiyor Bugayga shivirladim:
— Qochib qaerga borarding?
— Nima? — Bugay to'polonda ovoz qay tarafdan kelganini payqamadimi, balkon tarafga qarab qichqirdi.
— Orqada! — dedim kulgim qistab.
U shoshib orqasiga o'girildi. Menga ayni shu kerak edi. Uni tepib yubordim. Boshqa oyog'im bilan qurol tutgan qo'liga zarba berdim. Bugay ko'ksi bilan vannaxonaga quladi.
— Sen?.. — turishga urinardi-yu, sira bu ishni eplay olmasdi. — Iflos!..
Men allaqachon o'rnimdan turib navbatdagi zarbani tayyorladim. Bugay bir amallab oyoqqa turishi hamono bir tepib yo'lakka itqitdim. U hushidan ketib yiqildi. Shundan so'ng orqaga tislanib turdim-da, katta tezlikda yugurib borib devorni tepdim. G'ishtlar har tarafga sochilib ketdi. Yana bir zarba bilan qolgan g'ishtlarni ham qulatgach, qo'shnining vannaxonasida hozir bo'ldim. Orqada esa, miltiq, to'pponchalarning, itlarning ovozi eshitilib turardi.
Vannaxonada o'rta yashar bir erkak cho'milayotgan ekan. Meni ko'rib dodlashni ham, indamay o'tiraverishni ham bilmay tosh qotib qoldi. Uni qo'rqitib yubormaslik niyatida mayin jilmayish qilib garchi qo'llarim bog'langan bo'lsa-da, basharasi aralash yengilgina kalla qo'ydim. Bu zarbadan keyin erkak bir necha daqiqa hushini yo'qotadi. Buni yaxshi bilaman.
Shu yerning o'zida piskani mahkam tishlab qo'llarim boylangan arqonni yechdim. So'ngra jonholatda eshik zulfinini sug'urdim. Yo'lakda ayollar qiy-chuv qilishar, faqat yuqoridagi otishmadan qo'rqqanlari uchun bo'lsa kerak, vannaxonaga kirishga yuraklari betlamagandi.
— Tez vannaxonaga kiirnglar! — baqirdim ularga. — Eringizning ahvoli yomon!
Ayollar mening kimligimni, bu yerda qanday paydo bo'lganimni surishtirishga ulgurishmadi. Balki, o'siq soqolimni, vajohatimni, egnimdagi kiyimni ko'rib o'zlarini yo'qotishgandir…
Xullas, hovliqqanimcha zinalardagi qo'shnilarga-da e'tibor qilmay pastga tushib, tinchgina tashqariga chiqib oldim. Qo'shni podyezd ro'parasida militsiya mashinasi, sal narida iskovuch itlar turardi. Yuqori qavatdan esa, hamon otishma ovozlari kelardi. Bu ahvolda odamlar ko'ziga ko'rinib bo'lmaydi.
Panalab-panalab katta ko'cha tomon ketdim. Shundan keyingina yengil nafas oldim.
Ha, men ozod edim.
* * *
Egnimga plashchimni tashlab, xuddi zerikkanidan ko'cha aylanib yurgan odam kabi shoshilmasdan bekatga yetib bordim. Odamlar o'siq soqolimga, kiyimlarimga qarab-qarab qo'yishardi. Ammo hech kim menga yaqin kelib so'z qotmasdi. O'zimni erkinroq tutib tramvayga o'tirdim-da, boshim oqqan tarafga qarab jo'nadim. Eng asosiysi, ikki hafta menga azob bergan shu joylardan uzoqroq bo'lsam bas edi…
Endi bu shahardan ketishim lozim. Tezlik bilan! Hoziroq! Lekin hujjatsiz ketish xavfli. Bunday otishmalardan so'ng militsionerlar jiddiylashishlari tayin. Vokzallar, aeroportlar, yo'llar qurshab olinadi. Yo'q, yaxshisi, bir nechta pasport topaman. Shunisi qulay. Faqat yangitdan aloqa bo'limlari, kassalarda aylanish ham qiyin. Tavakkal qilsammikan?
— Buvijon, — so'radim birinchi yo'limda uchragan kampirdan. — Harbiy komissariatga qanday borsam bo'ladi?
Kampir ahvolimni ko'rib qo'rqa-pisa bo'lsa-da, yo'l ko'rsatdi. O'zi rahmat aytishimniyam kutib o'tirmay, qadamini tezlatdi. Sezdim. Har o'n-o'n besh qadam yurgandan so'ng orqasiga o'girilib meni kuzatgan bo'lyapti… Men kulimsiragancha ko'rsatilgan manzil tomon jo'nadim.
Harbiy komissariatda armiyaga chaqiriluvchi yosh yigitlar to'da-to'da bo'lib uyoqdan-buyoqqa yurishardi. Hojatxonaga berkinib olgancha avval kiyimlarimni tartibga keltirdim, vannaxonadan ehtiyot shart yap-yangi ustara ham topib olgan edim. O'sha bilan soqolimni qirtishladim. Harqalay, harbiy komissariat! Ko'ribsizki, hojatxonadan toza, odambashara ahvolda tashqariga chiqdim. Eng quvonarlisi, meni hech kim payqamadi. Yo payqashsa ham e'tibor qilishmadi.
Yo'lak bo'ylab bordim-da, duch kelgan birinchi eshikni ochdim. Ichkarida bir ayol o'tirardi.
— Kechirasiz, — dedim unga muloyim ohangda. — Sizda bittagina toza qog'oz topilmaydimi? Yana bitta. Rahmat.
Ortga qaytdim.
Qarang, tuzilishim xuddi shu yerda ishlaydigan odamnikiga o'xshabdi shekilli, bir yigitcha kelib so'rab qoldi.
— O'n ikkinchi kabinet qaerda?
— Qani, chaqiruv qog'ozini bering! — sovuqqonlik bilan uning qo'lidan qog'ozni oldim men. — Siz soat o'n birda kelishingiz lozim edi-ku! Nima qilib yuribsiz shu paytgacha?
— Ulgurmadim. — o'zini oqlay boshladi yigitcha. — Tramvay…
— Bu oxirgisi bo'lsin! — ogohlantirdim men. — Endi ikkinchi qavatga ko'tarilib, yo'lak oxiriga borasiz.
Xullas, kun yarimlaguncha o'zimni harbiy komissariat xodimi qilib ko'rsatgan holda ikki-uchta kerakli hujjatlarni qo'lga kiritdim. Ana endi ko'rinishimni o'zgartirmasam bo'lmaydi. Kursdagi grim darslarini yodga olgan holda o'zimga oro bera boshladim. Ko'z ochib yumguncha yuz ko'rinishim qo'limdagi hujjatlardan birida kulib turgan baqaloqnikiga o'xshadi qo'ydi.
Ammo… Shaharda kutilmaganda o'zimga tanish bo'lgan o'sha serjantni ko'rib qolsam bo'ladimi… Jon-ponim chiqib ketayozdi. Jinoyatchilar orasida o'tirganimdagi qo'rquvlar yana qaytalangandek, tizzalarim titrab, tilim aylanmay qoldi.
— Siz nega bir joyda turib qoldingiz? — Men serjantning ovozidangina o'zimga keldim. — O'ting, odamlarga xalal bermang!
Sekin-sekin qadam tashlab perron tomon keta boshladim. Xayolimda esa, go'yo hozir-hozir serjant tanib qoladi-yu, orqamdan yetib kelib qaytadan kameraga tiqadigandek edi.
Xayriyat, kelmadi. Tinchgina perronga yetib oldim. Bu yerda meni notanish joylarga olib ketuvchi poezd shay turardi. U yerda esa, shubhasiz, yangi ish, yangi tanishlar, do'stlar, dushmanlar orttirishim aniq.
Ortga o'girilishga qo'rqib past ovozda shivirlab qo'ydim:
— Alvido o'tmish! Alvido yoshlik! Mening poezdim hozir ketadi. O'n besh daqiqadan keyin ketadi. Alvido militsiya!
Keyin poezdga chiqdim. Oynalari terlab ketgan vagondan tashqarini tomosha qila boshladim…
Nihoyat poezd joyidan jildi. Men yanada xotirjam tortdim. Xayolan xudoga shukr qildim…
Atrofim to'la odam. Biroq hech kimni sirlarimga sherik qila olmayman. Bu jangda yolg'iz mengina jangchiman. Shunga qaramay, faqat men yutishim va yutishim lozim.
Og'ir xo'rsinib oyna yonidan nari ketdim.
— Chida, yigit! — dedim o'zimga o'zim. — O'zingni qo'lga ol! Hammasini boshidan boshlash payti yetdi.
Sekin kupe eshigini ochdim. Va kimsasiz kupe ichkarisini bir muddat ko'zdan kechirib olgach, o'zimga o'zim ohista shivirladim:
— Salom! Siz qaerga? Keling, tanishaylik!
IKKINChI YoZUV
YaNGI AYLANA BO'YLAB
Men birinchi imtihondan o'tolmadim deb xayol qilgandim. Yo'q, qismga yetib kelganimdan keyin meni iliq kutib olishdi. Harqalay, kamchiliklarim bo'lsa ham baribir ko'rsatkichlarim yomon emasligini aniqladim. Chunki, men talab qilingan narsalarning barchasini qo'lga kiritgandim. Buni o'zim ham yaxshi bilardim.
To'g'ri, komandirlarning ba'zilari ola qarash ham qilishdi. Bu hoynahoy meni vahimaga solish, hayajonlanishga majburlash bo'lsa kerak deb o'yladim. Tavakkal so'nggi kabinetga kirdim. Xayriyat, u yerdagilar meni navbatdagi imtihon bo'ladigan joyga olib ketishdi…
Eshik. Yana eshik. Yo'lak. Vestibyul. Elektron tablo. Vaqt 14. 37. 16.
O'ttiz soniyalik sukunat. Hozir meni kuzatishyapti. Elektron asboblar orqali kamerani teshib yuborgudek bo'lishyapti. Vaqtni teshib yuborgudek bo'lishayapti. Agar olti soniya kech qolinsayam jarima ball to'planadi. O'n soniya esa, sanksiya degani. Bir daqiqa kechikilsa, o'z-o'zidan haydalasiz.
— Kirishingiz mumkin!
Yo'lak. Maxsus tekshiruv hududi.
— Kursant Zevas, kod raqami 24 SJ yetib keldi!
— O'ting!
Uyog'ida eshiklariga turli notanish raqamlar yozib tashlangan uzun yo'lak. Bu eshiklarning mayin tutqichlarida qandaydir yoqimsiz, qo'rqituvchi nimadir bor. Ularga ko'z ham o'rgana olmaydi.
Yigirma qadam. So'ngra kirish lozim bo'lgan eshik ro'parasida to'xtaysiz. Kutasiz. Qaerdadir, yo'lak oxirida ko'rinmas navbatchi dars jadvalini tuzib chiqadi. So'ngra kodlarni tekshirib, qandaydir tugmachalarni bosadi. Eshik ochiladi.
— Kiring!
O'quv xonasida jihozlar ham, deraza ham yo'q. Devorlarga katta ekranlar o'rnatilgan. Men ana shu yerda qimirlamasdan, ekranlarga tikilgancha bir, yoki ikki kun o'tirishim shart. Nega? Dushman qurshab olgan taqdirda ham xuddi g'oyib bo'lgan odam kabi o'zimni tutishga o'rganish uchun.
Polga o'tiraman-da, oyoqlarimni ko'ksimga olib kelaman. Bu mashg'ulot kamroq joyni band qilish maqsadida amalga oshiriladi. Qo'l-oyoqlarimni qimirlatib gavdamni qulay holatga keltiraman. Bo'shashaman. Qotaman. Bu aytishga oson. Qotib qolish juda mushkul. Ko'p mashqlar evazigagina ko'nikiladi.
Ko'p bor men o'rmalab yuruvchi qumursqalarni kuzatdim. Ularning atrofida pashshalar bemalol uchib yurishardi. Shu payt qumursqa bir zarb bilan pashshani tutadi. Ko'ribsizki, hozirgina parvoz qilayotgan pashsha qumursqaning og'zida paydo bo'ladi. Eh, men ham shunday hujumkorlikka o'rgansaydim!..
Ekranlarni kuzata boshlayman. Bu mushaklar ortiqcha harakat qilmasligi uchun qo'shimcha dars hisoblanadi.
Bir, ikki, uch soat shu taxlit o'tiraman. To'satdan ekranda geometrik shakllar hosil bo'ladi. Shakllar ichidan o'z shaklimni topishim lozim. Ana, meniki cho'ziq uchburchak. U istalgan mahal, istalgan ekranda namoyon bo'lishi mumkin. Men uni o'z vaqtida anglay olishim zarur. Qancha ko'p anglay olmasam, shuncha o'zimga yomon.
O'ngdagi ekranda — bor. Chapdagida — bor. Yana. Ro'paramda. Chapda. O'ngda. Bu mashg'ulot boshni uyoq-buyoqqa burmasdan, faqat ko'z yordamida bajariladi.
Oqibatda mushaklarim qotib