Josuslar (kamolov) copy (2-sahifa)
shahardan chiqib ketdim. Endi mening yangi familiyam, ismim, uy manzilim, xotinim bor. Kunduzi sotib olgan yangi kiyimlarim o'zimga juda yarashib turar, cho'ntagida esa, turli katmonlarni kovlashtirib o'margan pullar joylangan, qo'limda «xotinim» pishirgan mazali ovqatlar-u, yo'lga kerakli mayda-chuyda narsalar solingan kichik jomadoncha bor edi.
Poezda chiqdim.
— Qaerga ketayapsiz? — qiziqsinib so'radim kupeda o'tirgan qo'shnimdan. — Ha, yo'limiz bir ekan. Keling, tanishaylik!
* * *
Poezd meni navbatdagi topshiriqni bajarish uchun belgilangan geografik hududga olib ketdi. Lekin biz manzilga naq olti soatga kechikishimiz ma'lum bo'lib qoldi. Yo'lovchilar so'kinib baqir-chaqir qila boshlashdi. Kuzatuvchilar ularga poezd bundan-da tezroq yura olmasligini uqtirishardi. Ammo ishga, mehmonga shoshilayotgan odamlarning qulog'iga bu uqtirishlar kirmasdi. Men bo'lsam xotirjam edim. Chunki, meni begona shaharda hech kim kutayotgani yo'q. Ishga ham kechikmayman. Faqat… Baribi tezroq o'sha joylarga yetib olishga oshiqardim.
Etib ham bordim o'sha shaharga. Endi oldimda katta muammo ko'ndalang turardi. Qaerda yashayman? Qaerda ishlayman? Nima yeyman buyog'iga? Jomadondagi ovqatlar ham tamom bo'lgan. Yaxshiyam pulim bor hozircha.
Mehmonxonaga joylashdim. Hammasi risoladagidek. Xo'sh, endi buyog'iga nima qilaman? Mehnat daftarcham yo'q. Ishga joylashmasam bo'lmaydi. Ko'chada odamlar mehnat daftarchasi ko'tarib yurishmaydi. Tashkilotlar esa, unaqan hujjatni temir sandiqlarda saqlashadi. Cho'ntak kesish bilan negadir shug'ullangim kelmasdi. Boshqa yo'l qidirmasam bo'lmaydiganga o'xshardi. To'g'ri, har qanday tashkilot rahbarini ham pul evaziga ko'ndirsa bo'ladi. Biroq qaysi tashkilotga boraman? Tetrgami? Yo'q. Kino ham to'g'ri kelmaydi. Faqat restorangagina borsam bo'ladi.
Shahardan shovqini kamroq, unchalik katta bo'lmagan restoran topib ichkariga kirdim. O'tirganda ham yaxshi kiyingan, ko'rinishidan madaniyatli odamlarning ro'parasidan joy oldim. Ovqatni qo'shnilardan ayamadim. O'zimcha ularni ichkilik bilan mehmon qilgan bo'ldim. Oxiri maqsadimga erisha boshlagandek sezdim o'zimni. Qo'li ochiqligimdan quvonib ketgan bir erkak meni savolga tutdi. Kimligimni, nega xomushligimni surishtirdi.
— Xotinimni boshqa bir erkak bilan tutib oldim. — darrov bahona topdim unga. — Uydan ketganman. Hayotdan to'ydim. Chidolmaganimdan, mana, restoranga kirib alamimni ichkilikdan olyapman.
— E, qo'y o'sha iflosni! — deya meni yupatdi u. — Bizning shaharda qol. Ishga kir. Shahrimiz ajoyib. Go'zal qizlar tiqilib yotibdi.
— Mehnat daftarcham, harbiy biletim yo'q. Kim ham meni ishga olardi?
— Bu muammo emas. Mening tanishlarim ko'p. Amallasa bo'ladi.
Ana shunday qilib men yangi tanishimning yordami bilan ertasi kuniyoq zavodga ishga joylashdim. Yotoqxonadan joy berishdi…
* * *
Eh, tinchgina ishlab yurgandim. Nega o'sha kecha yana vokzalga bordim. Hanuz tushunolmayman.
Yo'lakda ketayotganimda meni militsioner to'xtatdi.
— Nima bo'ldi o'zi?
— Pasportni ko'rsating.
— Nega ko'rsatishim kerak?..
To'g'risi, qochib ketsam ham bo'lardi. Ammo orqamda yana bir militsioner turardi. Noiloj pasportni unga uzatdim.
— Ana, aytmaganmidim? — quvonib ketdi militsioner sherigini turtib. — Ha, xotiram hech qachon pand bermaydi. Familiya boshqa, pasport va ro'yxatga olish ayni qidiruv e'lon qilingan joyniki…
Jonim chiqib ketayozdi.
— Yigitlar, bu nimasi? — dedim hovliqib. — Men sizlarga jinoyatchimidim? Yaxshilab qarang. Men jinoyatchiga o'xshaymanmi-a? Xudodan qo'rqsalaring-chi!
— Biz bilan yuring! — qo'ltig'imdan oldi orqada turgani.
— Qaerga olib boramiz buni? — so'radi yonidagisi.
— Hozircha bo'limga.
Bu mening dastlabki mag'lubiyatim edi. Meni vokzaldagi kichkinagina xonalardan biriga olib kirishdi. Bildimki, ular hozir kamera ajratishadi. Bu yerda atigi uchta kamera bor edi xolos. Birida hoynahoy ayollar, ikkinchisida yo g'irt mast yo'lovchilar, bo'lmasa, o'smir bolalar o'tirgan bo'lishsa kerak. Demak, uchinchisiga meni qamashadi.
Kamariga bir dasta kalit osib olgan militsioner uyqusirab men tomon o'girildi. Qara-ya, tartib umuman yo'q ekan-ku bu yerda! Xizmatni unutib uxlashlari-chi!.. Shu tobda militsionerning basharasiga bir tushirgim kelib ketdi. Uxlamaydigan bo'lardi.
— Qani, kir! — buyurdi menga boshqasi.
— Ie, nachaylik, bu yer to'la. — ichkaridan ovozlar eshitildi. — Bir-birimizning ustimizda arang o'tiribmiz-ku! Nariroqqa qamay qolinglar!
— O'lmaysan. — g'udranib qo'ydi militsioner. — Sig'asan hammang. Bu yer senga mehmonxona emas joy tanlagani.
— Bu yerda joy yo'q, deyapman! — baqirdi ovoz egasi.
— O'chir ovozingni! Qani, kir!..
Itoatkorona ichkariga qadam qo'ydim. Ko'zlarim qorong'ilikda bir qamashganday bo'ldi-yu, tez orada hamma narsani bemalol ko'ra boshladim. Kamerada ikki qavatli to'rtta karavot bor edi. Mendan tashqari to'rt kishi o'sha karavotlarda cho'zilib yotardi. Kursimizda o'rgatishganidek, avval «bo'lg'usi dushman»larimning bo'ylarini, yoshini, sof og'irligini, asosiy belgilarini, laqabini aniqlab olishim lozim edi. Bu ishni ko'z ochib yumguncha qoyillatdim.
* * *
«Qariya» — qirq yoshlarda, ko'rinishidan bu kamerada asosiy odam.
«Chandiq» — yuzida pichoq izlari qolgan bir yigit.
«Bugay» — aftidan yo kurashchi, yo og'ir atletikachi.
«Yigitcha» — ularning orasida eng yoshi kichigi.
Endi kim birinchi bo'lib so'z boshlashini kutdim.
— Bizga shu yetmay turuvdi o'zi. — nihoyat g'udrandi Chandiq.
— Qo'yaver, — uni tinchlantirgan bo'ldi Qariya. — Buyam o'z xohishi bilan kelmagandir. Vey, yigit, bor, kursiga o'tir! Qani, kim bo'lasan o'zing?
Men indamay kursiga cho'kdim.
Haqiqatan, kimman o'zim? Hech qanday jinoyatda tajriba orttirolmagan, turmadan qochgan mahbusmanmi? Yo harbiy qismi yo'q askarmi? Omadi chopmagan o'g'rimi?
— Men bu yerga tasodifan kelib qolgandim. — xotirjam javob qildim. — Shunchaki… O'tib ketayotgandim.
— Mayli, tushundim. Yot, o'tkinchi odam! Hozircha dam ol!
Yigitcha bu gapni eshitiboq bir sakrab karavotidan tushdi va beton ustiga yonboshladi. Bildimki, u men uchun joy bo'shatdi.
Hammasi tushunarli edi. Bular tasodifiy tanishlar emas. Yo bu kamerada anchadan beri yashashadi, yo bir-birlarini anchadan beri bilishadi. Har qanday vaziyatda ham men qulog'imni ding qilib yotishim zarur edi.
— Hoy, tepadagi! — qichqirdi Qariya.
Men indamay o'zimni uxlaganga solib yotaverdim.
— Qani, qarab ko'r-chi! — buyurdi Qariya. Chandiq qo'liga sham olib yoqdi-da, yuzimga yaqin olib keldi.
Kursda bizni qanday qilib o'zini qattiq uxlaganga solishni ham o'rgatishgandi. Xuddi shu usulni qo'lladim.
— Uxlab qopti. — dedi Chandiq.
— Yaxshisi bu bola uyida uxlasa bo'lardi. — g'imirladi Bugay.
— Kelinglar, ishga o'taylik. — dedi Qariya.
— Unda bugun. — shivirladi Chandiq. — Ertaga bizni shahar bo'limiga olib borishadi. U yerdan chiqib bo'pmiz.
— Bu yerdan-chi?
— Harakat qilib ko'rsa bo'ladi. Agar yo'lakka chiqib olsak, u yerdagi panjarani buzish mumkin. E, bir turtsa qulab tushadi.
— Yo'lakka qanday chiqamiz?
— Avval o'ylaganimizdek.
Payqadimki, ular qochishmoqchi. Mening to'satdan paydo bo'lishimni kutishmagan bo'lsa kerak. Xo'sh, qanday yo'l tutisharkin? Qochishni boshqa kunga qoldirishadimi, yo meni tinchitishadimi? Ha, oxirgisi aniqroq. O'zimning jonimni asrash to'g'risida o'ylashim lozimga o'xshaydi.
«Uyqu» orasida yonboshimga ag'darilib oldim. Agar pastdan turib urishsa, mana, oyog'imni shundoq uzataman-u, tepaman.
Ular yana bir marta mening uxlagan-uxlamaganimni tekshirib olishgach, tinchlanishdi.
Nima qilish kerak? Shovqin ko'tarishimga yo'l qo'yishmaydi. Demak, militsionerlarni ogohlantira olmayman. Qochishayotgan paytda o'zimni himoya qilishdan bo'lak choram yo'q. Ular men bilan uzoq vaqt olishib o'tirishmaydi. Vaqtlari yetmaydi. Bundan kelib chiqadiki, hali imkoniyatim bor.
— Boshla! — buyurdi Qariya.
Ulgurmay qoldim. Kimningdir qo'llari tepamda aylanib-aylanib iyagim aralash boshimdan changalladi. Nafasim bo'g'ila boshladi. Hozir ularning qo'lida mixmi, pichoqmi, ishqilib, shunga o'xshash qurol bo'lsa, bemalol so'yib yuborishlari mumkin edi. Sal o'tmay, bo'ynimni nimadir tilib o'tgandek bo'ldi va qon oqa boshladi.
Darrov kursda eshitgan gaplarimni esga oldim:
— Agar dushman seni darhol o'ldirib yubormasa, demak, tirik qoldiradi. Ularga keraksan.
— Ts-s! Jim bo'l, ahmoq, yashashni istasang, ovozingni chiqarma! — shivirladi Chandiq.
Ana shu tobda kimdir eshikni taraqlata boshladi. Chandiq burilib kim ekanini aniqlash maqsadida tomog'imni sal bo'shatgan bo'ldi. Yigitcha taraqlatibdi. Qariya ko'rinmasdi. Bugay deraza tepasida boshini eggancha osilib turardi.
Ie, nega? Bugay nega o'zini osdi?
— Ochinglar! — baqirdi Yigitcha.
Nihoyat militsioner eshik oldiga kelib so'radi:
— Nima bo'ldi?
— Tez oching! Mahbus o'zini osib qo'ydi!
Militsioner eshik tirqishidan yaxshilab tekshirib oldi-da, qichqirdi:
— Tez hammang karavotingga yotib, qo'llaringni orqaga qil!
O'zi eshikni ochib ichkariga kirdi. Sekin borib endigina Bugay osilgan arqonga qo'l cho'zgandiki, u kutilmaganda boshi aralash musht tushirdi. Militsioner yerga quladi. Bugay jonholatda arqonni bo'ynidan olib tashlab pastga sakradi. Yigitcha ham pastga tushib har ehtimolga qarshi hushdan keta boshlagan militsionerning og'zini yopdi.
Ha, jinoyatchilar hammasini puxta o'ylashibdi. Yo'qsa, militsioner odamgarchilik qilib bir o'zi kameraga kirmasdi.
— Biz anavini garovga oldik, eshitdingmi? — Qariya asta o'ziga kela boshlagan militsionerning tepasiga kelib menga ishora qildi. — Tushundingmi? Yarim soat ovozingni o'chirib turasan! Agar aytganimni qilmasang, uni o'ldiramiz!
Qariya militsioner meni yaxshiroq ko'rishi uchun tepamga keldi-da, tomog'imdan bo'g'di.
— Tushunarlimi? Biz uni o'ldiramiz! O'ldiramiz!
U militsionerni boshi aralash bir tepdi. Sho'rlik qaytadan hushini yo'qotdi.
Bu nimasi? Endi men bu qochoqlarga xizmat qilishim kerakmi? Ular mening panamda militsionerlardan himoyalanishadi. Nega anavi serjantni garovga olishmadi? Ha, militsionerni garovga olsa, o'ladi, menga o'xshagan oddiy odamlar uchun esa, shunchaki turmaga tiqishadi. Yana… Mabodo o'ldirmasdan shunchaki chalg'itmoqchi bo'lishganda serjantni garovga olib qo'ya qolishardi.
— Ketdik. — buyurdi Qariya.
— Sen tushundingmi? — do'q aralash so'radi Chandiq.
Men bosh irg'itdim.
— Agar qochmoqchi yo baqirmoqchi bo'lsang, bilib qo'y, o'lasan.
Chandiq shunday deb tomog'imdan qattiqroq bo'g'di. Men zo'rg'a og'riqqa chidab turardim.
Chandiq qo'llarimni qayirib, tomog'imdan bo'g'gancha sheriklari ortidan yurdi. Biz eshikdan chiqib yo'lak oxiriga yetdik. Bugay bir sakrab tepaga chiqdi-da, temir to'siqni ochdi. Shundan so'ng hamma pastga sakradi. Meni ham Chandiq majburan o'zi bilan birga sakratdi.
Sal narida mashina signal berdi. Demak, ularni kutishayotgan ekan. O'ylaganimdek, jinoyatchilar mashinaga o'tirishdi.
— Bu kim? — so'radi haydovchi men tomonga ishora qilib.
— Bizning himoyachimiz. — javob qildi Qariya. — Ketdik!
Orqadan militsiya hushtagi eshitildi.
— Kechikdilaring! — hiringlab kuldi Chandiq. — Kech uyg'ondilaring!
Mashina joyidan qo'zg'aldi.
— Sekinroq hayda! — dedi Qariya qovog'ini uyib. — Tezlikni oshirganing uchun to'xtatib qolishlari mumkin. Bunisi ortiqcha.
Biz elliginchi yillarda qurilgan eski uy ro'parasida to'xtab ikki xonali kvartiraga kirib bordik. Bu yerda hamma sharoit muhayyo edi. Gaz, suv, vanna, chiroq. Lekin men garchi bu taxlit issiq, qulay joylarni ancha yillardan beri ko'rmagan bo'lsam-da, hozir o'sha kazarmadagi hayotni afzal deb bilardim.
— Qani, nari tur! — yelkam aralash musht tushirdi Bugay. Chandiq esa, o'zini divanga tashlab chuqur nafas oldi. Qariya bu orada eshikni tambalab, menga yaqin keldi.
— Gap bunday. — dedi hammaga bir-bir qarab chiqarkan. — Hech kim bu yerdan bir qadam nari chiqmaydi. Derazadan mo'ralamaysan, eshikni ochmaysan. Ichkilik ham taqiqlanadi. Tushunarlimi? Manavindan ko'z uzmalaring. Ma, ol!
Qariya Chandiqqa arqon tutqazdi. U qo'llarimni shu qadar mahkam bog'ladiki, badanlarim zirqirab ketdi.
— Sekinroq-da! — norozi g'udranib qo'ydim men.
— Chidaysan.
— Men-ku chidarman. Lekin qo'llarim uzilib tushsa, sizlar nima qilasizlar?
Qariya tepamga kelib ko'zlarimga tikildi.
— Esingda bo'lsin, sening gapirishga, ovoz chiqarishga haqqing yo'q. Sen bu yerda go'yoki kar-soqovsan. Uqdingmi? Agar gaplasha boshlaganingni eshitsam, tilingni sug'urvolaman.
U kutilmaganda lablarim aralash chunonam tushirdiki, qon oqa boshladi.
— Arqonni bo'shroq qo'y. — Chandiqqa buyurdi Qariya. — Bizga murdamas, garovdagi tirik odam kerak. Bo'pti, endi hamma dam olsin!
* * *
Shu lahzadan boshlab kallamda beixtiyor «qochish kerak» degan fikr aylana boshladi. Chunki, men hozir imtihonlarni, yo qo'shimcha xizmat muddatini emas, hayotimni boy berayotganimni anglab yetdim. Harakatimni qilmasam bo'lmaydi.
Qutulish yo'li to'rtta edi. Xonalardagi derazalar va kirish eshigi. Eshikka, albatta yaqin yo'latishmaydi. Derazadan tashlab, juda bo'lmaganda gavdam bilan oynalarni sindirib sakrashim mumkin. Lekin to'rtinchi qavatdan sakrasam meni pastda nima kutadi? Beton, asfalt, qilichday o'tkir panjara. Yo'q, bu yo'lni keyinroqqa suraman. Hayotimni asrayman deb bir umr gipsda yotish ham g'irt ahmoqlik.
Yaxshisi, eshik masalasiga qaytaman. U ichkariga qarab ochilarkan. Demak, bir zarba bilan buzib bo'lmaydi. Qulf kalit bilan yopiladi. Bir yopganda qulflanib qoladigan emas. Qolaversa, anavi to'rttalasi bilan olishishning o'zi bo'lmaydi. Uchtasini bir amallab yengguningcha to'rtinchisi seni holdan toydiradi. Quruq qo'l bilan hech narsaga erishib bo'lmaydi.
Bo'pti, baribir qo'llarim boylab tashlangan. Ha-a, birinchi ishim qo'llarimni arqondan bo'shatish!
— Hoy, menga toza havo yetmayapti! — deya qichqirdim meni qorovullayotgan Yigitchaga.
— Nima deysan? — men tomon burilib so'radi u.
— Hojatxonaga olib kir. Chiday olmayman ortiq.
— Chidaysan.
— Chidolmayman. Senlardan uyalib chidaymanmi? Kim bo'psanlar? Agar ishtonim sasib ketsayam o'tiraveramiz desang, menga baribir.
Atayin Yigitchaning jig'iga tegayotgandim.
— Mayli, yur!
Yo'lakda battar jig'iga tega boshladim.
— Sen achchiqlanma. Sening ishing kichkina. Meni hojatxonaga olib borish.
Shu zahoti ortiqcha gapim uchun qovurg'am aralash musht kelib tushdi.
— Ih, manavi ishing bo'lmadi. — dedim inqillab. — Arazlasam, hech qayoqqa bormay turvolaman. Xo'sh, unda nima bo'ladi? Masalan, kir yuvmayman. Negaki, qo'llarim boylab tashlangan. Boshliqlaring ham hech bir ishga qo'l urishmaydi. Ana unda seni majburlashadi. Sababi, sen kichkina va zaifsan ularning oldida.
Yigitchaning ojiz tomoni shunda ediki, u ham boshqalar singari kuchli bo'lishni istardi. Doimo buyruq bajaraverish aftidan joniga tekkandek edi. Xuddi shu xislati menga hozir qo'l kelishi mumkin…
Ha, Yigitcha, jahl otiga minaver, har bir zarbang menga ishonch bag'ishlayapti. O'z ixtiyoringni qancha ko'p yo'qota borsang, seni boshqarish shuncha osonlashadi.
Hojatxonada uni yana bir tasodif kutardi.
— Shimimni yech! — talab qildim men.
— Nima-a?
— Eshitganing. Bo'l tezroq!
Yigitcha bu gapim uchun jag'imga tushirdi. Yiqilib tushdim. Nimadir taraqlab ketdi. Uyoqdagilar o'rinlaridan turib baqira ketishdi.
— Nima qilyapsanlar? Aqldan ozganmisan?
— Anavi… anavi, — pastroq ovozda meni ko'rsatdi Yigitcha. — Iflos! Yaramas!
— Men yordam so'radim xolos. — dedim boylangan qo'llarimga ishora qilib.
— Itdan tarqagan! Men senga ko'rsatib qo'yaman!
Ruhiy g'alayonim o'z natijasini berdi. Hozir Yigitcha mening shimimni yechishdan ko'ra, Qariyadan pichoq yeb o'lishni afzal ko'rardi.
Qariya buni tushundi.
— Xo'p, qo'llarini oldinga qilib boyla! — dedi u Yigitchaga. — Lekin bilib qo'y, yana shovqin ko'tarsang, ikkalangniyam o'ldiraman.
Qo'llarimni oldinga qilib boylashgach, ancha erkin tortdim. Yigitchaga nisbatan munosabatimni o'zgartirdim.
Burchakda g'ujanak bo'lib olgancha indamay yotaverdim…
Savollarga ham javob qaytarmasdim. Faqat yotardim! Yigitcha vaqt o'tgan sari menga kamroq e'tibor berar, tez-tez ko'cha tarafga tikilar, hojatxonaga borib kelar, qisqasi, meni aksar hollarda yolg'iz qoldirardi. Bilmasdiki, shu qisqa vaqt yolg'iz qolganimda sekin tizzalab uy ichlarini titkilardim. Hatto, yarimtaki piska, qalam, mix topib gilam ostiga berkitishga-da ulgurdim…
***
Shu tobda men If qal'asi mahbusidan ham boyroq edim.
Ba'zan Yigitchani sheriklaridan kimdir almashtirib turardi.
— Haliyam yotibdimi? — so'rashardi undan.
— Ha, bir qop go'ngga o'xshab yotibdi haliyam.
— Qara, ancha aqli kirib qoldi shekilli. Boshida sakrayotgandi. Mayli, yotaversin. Ishqilib, muddat yetguncha o'lib qolmasa bas…
Kunlar shu taxlit o'tib borardi. Qo'riqchilar juda zerikishdi. Shunga yarasha men ularni yaxshilab o'rganishga erishdim. Mixlardan birini bosh kiyimim ichiga joylashtirishga ham muyassar bo'ldim. Ikkinchisini esa paypoqqa berkitdim. Shunchaki berkitmagandim. Agar boshimga urishsa, yoki men ularni tepsam mix dushmanning tanasiga kirib o'ldirishi ham mumkin edi.
Bir hafta ichida qochishning turli yo'llarini qidirdim. Tasavvurimda yarimtaki piska bilan Yigitchani yo'ldan chiqarib ko'rdim, oyog'im bilan qorovulni tepib o'ldirdim. Lekin boshqalaridan o'zim ham yetarlicha kaltak yedim.
Kursilar bilan deraza oynalarini sindirib ko'chadagilarni yordamga chaqirib ko'rdim. Baribir, ular kelib ulgurmay meni pichoqlab tashlayverishdi.
To'rtinchi qavatdan arqonga osilib tushdim. Lekin kimdir arqonni qirqib tashlashga ulguraverdi.
Boshim bilan devorni buzsam-chi?..
Bu reja kutilmaganda miyamga keldi.
Ha-da, devor nima bo'pti? Orasida g'isht, sement. Ikki marta ursam, ko'ribsizki, devor teshiladi-qo'yadi. Biroq xona devorlarini tesha olmayman. Bilib qolishadi. Vannaxona ayni muddao. Ana, endi qaysidir yo'l bilan vannaxonaga kirib olishim qoldi. Faqat… Bu rejam ham barbod bo'lish arafasida qoldi.
— Bu yerda suvaraklarga o'xshab o'tiraveramizmi? — deb qoldi bir kuni Chandiq. — Shahardan chiqib ketmasak bo'lmaydi.
— Hujjatsiz, pulsiz-a? — norozi to'ng'illadi Bugay. — Birinchi postovoydayoq qo'lga olishadi bizni.
— Qaerda o'tirish baribir emasmi? Bu yerda o'tirding nima-yu, turmada o'tirding nima. Turmada harqalay muddating ozayib boradi. Yo'q, ketish kerak!
— Kutasan! — dedi Qariya.
— Nimani kutamiz? Qo'shnilarning militsiyaga borib chaqishinimi? Yo tasodifan uchastkovoy kelib eshik taqillatishinimi?
— Vaqti kelganda bilib olasan. Hozir esa, kut!
Chandiq g'udrana-g'udrana jim bo'ldi.
Uch kundan so'ng kutish vaqti tamom bo'ldi. Chandiq Qariyaning qo'lidagi miltiqni ko'rib oh ortib yubordi.
— Qurol-ku!
— Ha, qurol. — kuldi Qariya.
— Yigit, kuning bitdi. — menga qarab xoxolab kuldi Yigitcha. — Otamiz seni!
Ana endi mening barcha rejalarim barbod bo'lishi tayinligini seza boshlagandim. Ularning hammasida qurol bor. Uchi o'tkirlangan mix bilan ularga qarshi borib bo'lmaydi. Faqat devorgina yordam berishi mumkin.
Tez orada ularning rejasini bilib oldim. Pul tashiydigan mashinani qo'lga olishmoqchi. Men bo'lsam, tag'in ularga go'yoki nishon vazifasini o'tashim zarur bo'ladi. Ular yutib chiqadimi-yo'qmi, baribir men o'qqa uchrashim aniq. Yo militsiya otib tashlaydi, yo manavilar. Jinoyatchilar ishni bitirgach, meni sudrab yurishmaydi…
Ha, vaqtim juda oz qoldi.
Mix uchini o'tkirlayverishni bas qilib, ogohlantirishlarga qaramay, xonada sudrala boshladim. Bir gal meni deraza oldiga sudralib borayotganimda Yigitcha ko'rib qoldi.
— Senga kim ruxsat berdi? — o'dag'ayladi u.
— Toza havodan nafas olishga haqqim bor. — javob qildim men. — Toqatim toq bo'ldi. Chidolmayman.
— Xafa bo'laverma, tez orada o'lasan, tinchiysan.
— O'ldir! — baqirdim men o'zimni telbalikka solib. — Nega qarab turibsan? O'ldirmaysanmi?
Kursda o'qib yurgan vaqtlarimda bizni aktyorlik san'atiga teatr bilim yurti talabalaridan ham yaxshiroq o'rgatishgandi.
— Ja yaxshi san'atkor chiqadi sendan. — kuldi Yigitcha. — Buni kechirsa bo'ladi. Biroq spektaklni rasvo qilasan. Unda rolingdan ham, mukofotdan ham mahrum bo'lasan.
Men o'lishni istamasdim. Ko'zlarimda yosh bilan bor ovozda qichqirgancha derazaga yaqinlashib kelardim.
— Ovozini o'chirib vannaxonaga qamanglar! — buyurdi Qariya.
Bugay