erouy.ru

Josuslar 2 (kamolov) copy (2-sahifa)

Boshqalar

mushaklarim qotib qoldi. Oyoqlarimdagi barmoqlar uvisha boshladi. Belimda og'riq turdi. Miyamda bo'lmag'ur xayollar charx ura boshladi.

Balki xato qilgandirman qaerdadir? Nahotki, birinchi o'qishda hech narsaga o'rgana olmagan bo'lsam? Nahotki, o'shanda ko'ksi to'la ordenlar bilan o'tirgan polkovnik behuda meni maqtagan bo'lsa?

— Zo'r! — degandi u mening shaxsiy delomni varaqlayotib. — Kursingizda natijalar zo'r ekan!

Balki, o'shanda faxrlanishga haq bo'lgandirman? Garchi o'shanda otishmalar, qochish, jinoyatchilar to'dasi orasidagi hayotim tufayli baholarimni biroz pasaytirgan bo'lsam-da, keyinchalik xatolarimni to'g'riladim-ku!.. O'zimning kim ekanimni, nimalarga qodir ekanimni isbotlay oldim-ku!..

— O'h-ho', ichki ishlar vazirligi nomidan tashakkurnoma ham olgan ekansiz-ku! — kuldi polkovnik. — Xavfli jinoyatchilar to'dasini qo'lga olishda ishtirokingiz uchun. Yaxshi. Endi sizga bir gapni aytay. Hali hammasi oldinda. Qarangki, kursingizdagilar ichidan faqat sizni o'qishni davom ettirish uchun olib qolishga ahd qildik. Sizning vazifangiz bitta. Yo ha, yo yo'q deb javob berish.

— Qolganlar-chi? — so'radim shoshilib.

— Qolganlar uy-uylariga tarqatib yuboriladi. Bizning chaqirishimizni kutishadi. Siz esa, yaqin orada boshlanadigan janglardan birida qatnashasiz. Bu juda xavfli jang. Haqiqiy erkaklar jangi bo'ladi…

Kamerada o'tirib xuddi shu suhbat haqida o'yladim. Vaqt esa, o'tib borardi. Ana, yetti soat, sakkiz, to'qqiz soat…

Ekranda turli figuralar sakrashadi, ko'zlarim achisha boshlaydi, a'zoyi badanim uvishib boradi. Sezdirmasdan, tovushsiz mushaklarimni harakatga keltiraman. Hozir eng asosiysi, nimaga qodir ekanimni, bu sinovlar men uchun hech narsa emasligini ko'rsatib qo'yish. Yana men ekrandagi o'z figuramni vaqtida ilg'ashim, ular necha marta ko'ringanini sanab borishga ulgurishim, vaqtni his etishim, charchoq, uyqu bilan kurasha olishim lozim. Orqaga yo'l yo'q…

Xayollarim qaytadan yaqin o'tmishga tomon yo'l oladi. Yana o'sha kungi suhbatlarni, kelishuvlarni o'ylay boshlayman…

— Bizning taklifimizga rozimisiz? — so'radi polkovnik mendan.

— Ha.

— Yaxshilab o'ylab ko'ring!

— O'ylab ko'rdim.

— Unda manavi yerga imzo cheking.

Qog'ozdagi yozuvlarga ko'z yugurtiraman.

— «Xizmatim to'g'risida hech kimga og'iz ochmayman. Xato qilgan taqdirimda meni eng shafqatsiz qonunlarga tayangan holda jazolashlariga roziman…»

Imzo chekaman.

Navbatdagi yozuvga qarayman.

— «Har bir harakatim to'g'risida hisob beraman. Xatoga yo'l qo'ysam…»

Imzo qo'yaman.

Keyingi qog'ozni qo'limga tutqazishadi.

— «Yaqin hamda uzoq qarindoshlarim, tanishlarim bilan aloqani uzaman. Xatoga yo'l qo'ysam…»

Imzo chekaman.

— Siz bilib qo'ying, — deya ogohlantiradi polkovnik. — Bu shartnoma. Shunchaki qog'ozbozlik emas. Shartnoma buzilgan taqdirda jazo o'sha lahzaning o'zidayoq kuchga kiradi.

— Kursant, mahkam bo'l! — deya yelkamga qoqdi kadrlar bo'limi boshlig'i. — Seni oldinda katta ko'ngilsizliklar, sinovlar kutyapti. Tayyormisan?

— Ha.

— Yodingda bo'lsin. Endi sen o'tmishga qayta olmaysan. O'zingdan voz kechasan. Endi sen shu bugundan tashkilotning mulki hisoblanasan. Ixtiyoringga quloq tutishga haqqing yo'q. Sen uchun kecha degan so'z yo'q endi. Faqat buguning haqida o'ylaysan. Qarindoshlik hislari degan tuyg'ular senga begona.

— Tushunaman! — javob qilaman bosh egib.

— Hech baloni tushunmaysan. — jerkib beradi kadrlar bo'limi boshlig'i. — Qabrga kirguningcha seni sinashadi, kuzatishadi. Sendan faqat harakat, ish kutishadi. Har bir harakating ortga qaytadigan yo'lingni yo'qqa chiqarib boradi.

— Tushunaman.

— Xo'sh, o'tmishingdan voz kechishga rozimisan?

— Ha.

— U holda o'limingga tayyor tur!

Kelishilganidek, bir haftadan so'ng meni o'ldi deb e'lon qilishdi. Ha, bu yorug' dunyo, oilam, do'stlarim, balki, o'zim uchun ham men o'lgan hisoblandim.

Men olamdan o'tdim.

Onajonimning qo'liga harbiy komissariatdagilar kichkinagina qog'oz keltirib berishdi. U yerda quyidagi so'zlar yozilgandi:

— O'g'lingiz xizmat vazifasini o'tayotib ko'ngilsiz hodisa tufayli halok bo'ldi…

Baland bo'yli askarlar hovlimizga mening jasadim joylangan temir tobutni olib kirishadi. Onamning tobut atrofida aylanib yig'lashini, kichkinagina, nozikkina singilchamning yig'iga jo'r bo'lishini ko'z oldimda gavdalantiraman. Ha, shu voqealar yozib olingan tasmani menga keltirib berishgandi. Qayta-qayta aylantirib tomosha qildim. Operator juda ustalik bilan ularni suratga tushiribdi…

Tobutni ochishga ruxsat etishmadi… Xonamning o'rtasiga qo'yishdi. Askarlar tobutni qattiq qo'riqlab turishardi.

— Siz yana o'ylab ko'rishingiz mumkin. — degandi o'shanda instruktor qulog'imga shivirlab. — Agar istamasangiz, hammasini…

Onajonimning, yaqinlarimning achchiq ko'z yoshlarini ko'rib turib yuragim alamga to'lgandi. Ammo nomus kuchli. Ortga qaytishga g'urur yo'l bermaydi. Qolaversa, bularning oldida o'zimning ojizligimni namoyish qilishni istamasdim. Shu sababli sukut saqlardim. Indamasdim. Bu roziligimdan dalolat edi.

Bir kun o'tib turli grimlardan so'ng men o'zimning dafn marosimimda qatnashish uchun jo'nashim lozim edi. Bu birinchi topshiriq. Yuz tuzilishimni o'zgartirish, yaqinlarimga kim ekanimni sezdirmaslik mening muammoim. Bu rahbarlarni umuman qiziqtirmaydi. Qaytganimdan so'ng ko'rganlarimni ipidan ignasigacha gapirib berishim shart.

Men bu o'yinning shartlarini yaxshi bilardim. Har bir harakatim uchun alohida baho qo'yiladi. Tobutimga qancha yaqin tursam, shuncha ko'p baho olaman.

Bilardim. Bu topshiriq bahona men tashkilot rahbarlariga qanchalar yuz tuzilishimni, ovozimni birov payqamaydigan darajada o'zgartira olishimni, kiyim tanlay bilishimni ko'rsataman. Ana shundan keyingina asosiy topshiriq beriladi…

Xayollardan chekinib tag'in ekrangan qaradim. O'n ikkinchi soat o'tib boryapti. Ekranlar jim. Qarshilik ko'rsatmasam bo'lmaydi. Mushaklarimni harakatga keltirishim lozim. Uyquni yaqinimga keltirmasligim kerak. Mayli o'ylasam ham. Faqat uxlab qolmasam bas.

Dafn marosimimni eslay boshladim. Tobutni o'n kishi qabristonga ko'tarib kelishdi. Qiziq, ichiga nima solishgan ekan? Yo boshqa odamning murdasimikan? Yo'q, bizning tashkilotdagilar usta bunaqa ishlarga. O'zim ham ular qatoridaman-ku! Agar o'z dafn marosimimda sira o'zimni yo'qotmay, o'zimni tanitmasdan jimgina tursam, albatta men ham ustamonlarning biriman.

Tobutni qabr tepasiga olib kelishgach, to'xtashdi. Hamma jim. Kimdir mashinada unutib qoldirilgan kursilarni olib kelishga chopdi. Bu lahzalarda o'zimni ushlab turishim juda og'ir edi. Go'rkovlar qabrni qazib bo'lishibdi. Yuz-ko'zlaridan ter quyilyapti. Men ularni shundoqqina yonlarida turgancha bemalol kuzatardim. Ana, sinfdoshim ham kelibdi. Men u bilan yarim yil bitta partada o'tirib o'qiganman. Bolalikdan do'st edik. Faqat u hozir meni tanimaydi. Shunchalar ustamonligimdan faxrlanib ketdim.

Nihoyat tobutimni qabrga tushirishdi. Onajonim dodlagancha o'zini tobut ustiga otdi. Shu payt kutilmaganda hushidan ketib yiqildi. Uni yon-atrofdagi erkaklar ushlab qolishdi. Otam darrov tepasiga keldi…

Alam qilarkan. Ota-onamning yonginasida tursam-u, xuddi spektakl tomosha qilayotgan odamdek indamay turaversam…

Go'rkovlar tobutni qabrga tushirib, ustidan tuproq tortishgach, askarlar baravariga avtomatlardan o'q uzishdi. Ota-onamga boqdim. Ular achchiq-achchiq yig'lashardi. Alam qildi menga. Axir, nega bu marosimni to'xtatib qo'ya olmayman? Nega indamasdan, xuddi arvohdek bemalol ularning azoblanishlariga tik boqib turibman? Nega?. Yo'q, men adashdim. Bu, axir, tashkilotning buyrug'i! Hammasi hal bo'lgan. Men o'ldim, tamom!..

Seskanib boshimni ko'tarib ekranlarga boqdim. O'sha-o'sha. Mana, o'n yettinchi soat ham o'ta boshladi. Xudoyim, ekranlarda uchburchaklar buncha ko'p bo'lmasa! Mushaklarim, suyaklarim, tomirlarim, balki qonim ham qimirlamay o'tirishimga qarshidek tuyulardi.

Shu ko'yi yigirma birinchi soatni ham ekranga tikilib o'tkazdim. Kutilmaganda shunday buyruqni eshitdim:

— Sparringga tayyorlaning!..

Shu mahal eshik taraqlab ochilib ostonada qo'l jangi instruktori paydo bo'ldi. U kulardi! Ko'zlari quvonchdan porlardi!..

Ha, unga o'z kuchini namoyish etish yoqadi. Shundan maza qiladi. Mushtlashishni sog'inib yashaydiganlardan biri.

Men katta qiyinchilik bilan o'rnimdan turdim. Ko'z oldim qorong'ilashib borardi. Ana shu lahzada jag'im aralash musht kelib tushdi. Aslida badanga kelib tushgan bunday zarbalar uvishib qolgan qonni qaytadan harakatga keltirib, odamni hushyor torttiradi…

Men bu zarbadan so'ng yiqilishim lozim. Nafas rostlab olish, o'zimda qo'shimcha kuch yig'ish uchun yiqilishim kerak. Yiqildim. Haqiqatan, mushaklarim harakatga keldi.

Bir yumalab o'zimni chetga oldim. Ammo turmadim. Kutishim zarur uning yaqinlashishini.

To'g'ri-da, hozir u bir kishi. O'tgan gal oshxonada baravariga uchtasi menga tashlanishgandi. Hali yodimdan chiqqanicha yo'q o'sha kun.

Instruktor hayron bo'lib asta men tomon yaqinlashdi-da, ahvolimni tekshira boshladi.

— Nega qarab turibsan? — xayolan undan so'ragan bo'ldim. — Yaqinroq kelmaysanmi? Balki, kursantning jag'i sinib ketgandir? Jag'i singan bo'lsa, tamom, safdan chiqdi hisob. Kelaver!..

Bilaman. Men oddiy kursantman. U esa, qo'l jangi bo'yicha katta mutaxassis. Demak, men uni o'lasi qilib kaltaklay olmayman. Shunga qaramay, bir marta bo'lsa-da, uni tepib olishni juda-juda istardim.

Shunday qildim ham. Poylab turib yotgan yerimda yuzi aralash tepdim. Instruktor yuzlarini berkitib pastga engashdi. Men ovozimning boricha qichqirib oyog'im bilan uning tizzalariga ketma-ket zarba berdim. Mushtim esa, qo'llariga borib tushdi. Instruktor yiqildi. Biroq shu zahoti o'rnidan turib zarba berishga oshiqdi. Men navbatdagi zarbaga qo'l cho'zdim. Afsuski, shu payt chiroqlar yonib o'chib, «To'xtat!» degan buyruqni eshitdim. Qo'llarim havoda muallaq qoldi. Instruktor kulimsiragancha menga qo'l cho'zdi.

Xullas, jang tugadi.

— Meni boplading, yigit! — bilaklarini uqalagancha kuldi instruktor. — Rostakamiga boplading!

Men sekin tashqariga yo'l oldim. Yo'l-yo'lakay atrofni kuzatdim. Yo'laklarda tirik jon ko'rinmasdi.

Moviy osmonga boqdim-u, yana mehribon onajonimning dod solib qabrim tepasida yig'lashi ko'z o'ngimda gavdalanib, asab tomirlarim taranglashdi. Qalbimni muz qoplagandek bo'ldi. Bu muz a'zoyi badanimni toshga aylantirgandek edi…

Armonni, nafratni, tushkunlik balosini bazo'r jilovlab, lablarimda titroq tuydim. Azbaroyi alamim kelganidan xayolan bo'lsa-da, yana bir karra onamdan uzr so'radim:

— Men ahmoqni, toshbag'ir o'g'lingizni kechiring, ona!

* * *

Aslida-ku, bir yildan ko'proq shu yerda o'qib bunaqangi holatlarga ko'nikib ketganman. O'qish har bir kursant uchun alohida olib boriladi. Kursant kabinetda faqat muallim bilangina o'tiradi. Shu tartibda darslar o'tiladi. Sababi, kursantlar bir-birlarini ko'rmasliklari, tanimasliklari talab etiladi.

Ilgari bu kursda faqat mengina ta'lim olaman shekilli, anavi muallimlar, instruktorlar, sport zallari yolg'iz o'zim uchun xizmat qiladi deb o'ylardim. Adashgan ekanman. Boshqa kursantlar ham borligini ba'zan yo'lakda ketayotib payqaydigan bo'ldim. Polda ko'pincha qog'oz parchalari uchrab qolar, goho pechkani kimlardir taraqlatib qo'yardi. Bu kursantlar edi.

— Xayriyat, — deb qo'yardim o'zimga o'zim. — Qiynalayotgan bir men emas ekanman. Shunisigayam shukr. Alam qilmasa ham bo'larkan.

O'z xonamga yetib keldim. Eshik o'z-o'zidan ochildi. Ichkariga kirdim. Ortimdan eshik yopildi. Men o'zimni karavotga tashladim. Ha, bu yerda o'zimga o'zim xo'jayinman. Tashkilot qonunlari bo'yicha hatto rahbarlar ham kirib kela olishmaydi xonamga. To'g'ri, qaerdadir yashirin kamera orqali kuzatishlarini bilaman. Biroq bu narsa meni tashvishga solmaydi. Shuning uchun sekingina «niqob»ni yechaman. Nima qilay? Shu niqobsiz tashqariga chiqishim mumkin emas. Kulishga ham haqqim yo'q. Muallimlar ham shu qoidaga qat'iy amal qilishadi.

Yigirma soatdan ortiqroq qimirlamay ekranga tikilib o'tirish jonimni olib qo'yayozgandi. Tushlik olib kelishgandan keyin ham ma'lum muddat o'rnimdan turmay yotdim. Buyoqda qornim ham ochgan. Charchoq va ochlik bir-biri bilan kurasha boshladi.

Yotgan yerimda ovqat ustiga yopilgan matohni ko'tardim. Bugun ikki baravar ovqat berishibdi.

* * *

Eh, bizning tashkilotda ovqatdan qismaganlari yaxshi narsa. Nafaqat ovqat, balki, qolgan narsalardan ham kamchilik yo'q bu yerda. Alohida xona. Kitob o'qishni istab qolsang, darhol keltirishadi. Kino ko'rging kelsa, marhamat, bir quti filmlar tasmasi yoningda bo'ladi. Kommunal xizmatlar joyida. Uzoqqa borib o'tirmaysan. Xuddi dam olish uyiga o'xshaydi. Faqat oylab instruktorning kaltagini yeyish yoqmaydi.

Haftasiga ikki marta qaysidir joylarga dam olish uchun ham ruxsat berishadi. Shunda ham oynasiz mashinaga o'tqazishadi-da, qandaydir raqs maydonchasiga olib borib tashlashadi. Qaerdan kelding, qaerga olib ketishadi, anglab bo'lmaydi. Aytishga uyat-ku, lekin men hamon kursimiz, tashkilotimiz qaerda joylashganini bilmayman.

Diskotekada qizlar bilan maza qilib raqs tushgach, aytilgan joyda hozir bo'lish kerak. Bir soniya ham kechikib bo'lmaydi.

Bu bizning shaxsiy hayotimiz deb ataladi.

Aytgancha, ta'til ham berishadi. Men oxirgi ta'tilimni qandaydir o'rmonda o'tkazgandim. Shunaqa, xizmat sizga shakar emas. O'ziga yarasha qiyinchiliklari ko'p.

Bo'pti, uxlash kerak. Bugun kitob ham o'qigim kelmayapti.

— Xayrli tun! — dedim o'zimga o'zim va yostiqqa boshimni qo'ydim.

* * *

Ertalab meni yana «syurpriz» kutib turardi. Radio orqali yoqimli ovozda menga murojaat etishdi:

— Xayrli tong! 24 SJ raqamli kursant soat 9: 44da B korpus, 7 sinfxonaga yetib borsin!..

Nima?.. Yana qimirlamay o'tirishmi? Yana-ya?.. Jinni bo'lishganmi o'zi bular?.. Istamayman! Bosh tortaman!

Ammo majburman. Aytilgan soatda o'sha sinfxona ro'parasida turgancha mashg'ulot nimaligini tinglay boshladim. Xayriyat, bu gal DUEL ekan. Lekin bu ham o'yinchoq emas. Qarshingda tirik raqib bo'ladi. Shart bitta. Rahm qilib o'tirilmasligi lozim. Xona butkul qorong'i. Topshiriq shundan iboratki, raqib aniqlanib, «jazolanib», qurolsizlantiriladi. Har birimizga tekshiruv to'pponchasi beriladi. To'pponchadan o'q o'rnida ingichka yorug'lik taraladi. Mana shu narsa bizning o'q. Faqat bir marta o'q otishga ruxsat etiladi. Shu o'q yordamida topshiriq bajarilishi zarur.

Men sinfxonaga kirib bordim-da, darhol meni topish qiyin bo'lgan joyni tanlashga tushdim. Xo'sh, burchakka berkinaymi? Yo markazgami? Ha, eshikka ro'para bo'lgan devor osti ma'qul.

Endi qay holda kutib olaman raqibni? Yotib olsam to'g'ri keladimi? Balki, uni bir hafta, ikki hafta kutarman. Birdan paydo bo'lib qolsa, ovoz chiqarmasdan turish qiyin kechadi. O'tirib olsammikan?

O'ylab turib tizzalab o'tirishga qaror qildim. Shundan so'ng radio orqali so'rashdi:

— Tayyormisiz?

— Tayyorman!

Chiroq o'chdi-yu, devor ohista yuqoriga ko'tarilib, o'rtada bo'shliq paydo bo'ldi.

Bosh qotira boshladim.

— Kim ekan u? Instruktormi? Yo o'zimga o'xshagan kursantmi? Ular necha kishi? Bir kishimi? Ikki kishimi? Balki, o'nlab raqiblarni berkitib qo'yishgandi bu yerga?..

Qimirlamasdan o'tiribman. Nafas olishim ham tovushsiz. Buni ham eplay olish kerak. Hatto, yuragim ham sekinroq ura boshlagandek. Yana bunday holatlarda yo'talishdan ham o'zingizni tiya bilishingiz shart. To'g'ri-da, aksiga olgandek, yo'talish kerak bo'lmaganda, tutib qoladi. Bundan tashqari, oshqozonni ham guldirashlardan tiyishingiz talab etiladi. Tupuk yutishni-ku gapirmasa bo'ladi.

Aytishlaricha, menga o'xshagan bir kursantni uchinchi daqiqada oshqozoni guldirab qo'ygani sababli o'qishdan haydashgan ekan…

* * *

Jimjitlik. Balki, qo'shni xonada hech kim yo'qdir? Muallimlarimiz ba'zan shunday hazillarni xush ko'rishadi. Hozir yashirin kamera orqali meni kuzatib rosa kulishayotgandir?

Oradan olti soat o'tdi. Bu taxlit o'tiraverish jonimga tegdi. Axir, raqib bo'lsang, chiq-da! Bo'ynimni bilinar-bilinmas o'ngga, keyin chapga burdim. Xuddi atayin qilgan kabi og'zim tupukka to'lib ketavergani-chi!.. Ammo ahmoq emasman. Tupuklarimni yutish o'rniga og'zimdan chiqarib yuboraverdim. Ortiqcha ovoz chiqmasa bas. Ha, estetikaga to'g'ri kelmasa kelmasin. Menga ishimning natijasi muhimroq. Yashash joniga tekkan ahmoqlar yutaversin tupugini…

Uf-f!.. Jonga tegdi!.. Mayli, yutqazsam yutqazay. Lekin ortiq o'tira olmayman. O'zim raqibni qidirishga tushdim.

Sekin tizzalab o'tirdim-da, bir daqiqadan oshiqroq muddat tosh qotdim. Nafas olishim, tomir urishimni o'zgartirmadim. Qo'llarimni polga tiradim-da, ikki oyog'imni ko'tarib o'ng oyoqni sekin polga qo'ydim. Shu ahvolda yana tosh qotdim. So'ngra ohista o'rnimdan turib qaddimni rostladim. Ana endi bir qadam tashlab to'xtadim. Hozir kiyimlarim ham tovush chiqarmasligi talab etiladi. Shundagina dushmanimning qaerdaligini aniqlab olishim mumkin. Yana bir qadam tashladim. Yarim soat qulog'imni ding qilib turib qoldim.

To'xta!.. Qaerdadir shu atrofda harakatni sezyapman. Diqqat bilan tinglay boshladim. Ha, dushman shu yerda. Bunga aminman. To'pponcha tutgan qo'limni oldinga cho'zdim. Taxminim bo'yicha u mendan besh-olti qadam naridadek tuyulardi.

Quvonib ketdim. Men baribir yutgandim. Faqat o'q uzishgina qoldi. Sekin oldinga yurdim. Shunda bildimki, dushman bir kishi emas.

Kuzatuvchilarga dushman turgan tarafni ikki barmog'imni oldinga cho'zgan holatda ko'rsatdim. Shu bilan «o'yin»ni to'xtatsa ham bo'lardi. Biroq otgim kelaverdi. Xo'sh, qay birini nishonga olaman?

Bir qadam ortga chekindim. Dushman menga orqa o'girib turardi. Eh, aqldan ozganmi bu? Men o'n santimetrgina narida bo'ynini mo'ljalga olib turgan bo'lsam!..

Otdim!..

O', bir o'q bilan ikkoviniyam qurolsizlantira oldim!.. Men yutdim!..

Yuragim hapriqib ketdi. O'zimni xuddi Amerika kinolaridagi qahramon kabi his etib gerdaydim. Afsuski, kutilmaganda orqadan kimdir boshimga to'pponcha tiradi. Shunda bildimki, ular uch kishi ekan. Xo'sh, endi nima qildim? Nahotki, yutqazgan bo'lsam?.. Kim o'zi u? Kimligini bilsaydim. Ammo buning iloji yo'q.

— Jang tugadi! — degan ovoz keldi radiodan. — Hamma joyiga borsin!

Devor joyiga qaytdi. Chiroq yondi. Xonada bir o'zim turardim.

* * *

Endi sinfxonadan ostona hatlab tashqariga qadam qo'ygan edimki, ko'zimga to'pponcha nuri qadaldi. Ko'zim oqib tushsa kerak deb o'ylagandim. Xayriyat, shu zahoti notanish bashara to'pponchani tortib oldi.

— Xo'sh, yana bir marta otaymi? — so'radi u.

Indamadim.

Bunisi holva ekan. Kutilmaganda qarshimda o'ndan ortiq barvasta yigitlar paydo bo'lishdi-da, meni tepa ketishdi. O'zimni o'nglashga ulgura olmasdim.

Bilmadim. Bunaqangi tepkilardan nechtasini yedim. Ular birdan ikki qo'limni qayirib yo'lak oxiriga sudrashdi. Ishonasizmi, shuncha payt bu yo'lakdan o'tib yurib pastga tushadigan zinapoya borligini bilmagan ekanman.

— Oyog'ingni tezroq qimirlat, itdan tarqagan! — baqirdi menga yigitlardan biri zina tomon itarib.

Pastga tushdik. Qarshimda temir eshikli xona paydo bo'ldi. Yaqin borishimiz bilan eshik sharaqlab ochildi. Yigitlarning boshqasi orqadan turib meni chunonam tepdiki, xonaga uchib kirib ketdim va beton pol ustiga quladim.

Ana shundan so'ng haqiqiy kaltak yeyishlar boshlandi. Meni u burchakdan bu burchakka itqitib tepishar, ba'zan kursiga borib urilardim. Bu turmani eslatardi.

— Qo'llaringni stol ustiga qo'y! — baqirdi menga notanish yigit. — Tez bo'l!..

Qo'llarimni stolga qo'yganim hamono ko'zimga devor tarafdan juda yorug' chiroq nuri urildi.

Nima bo'lyapti o'zi? Meni o'ldirishmoqchimi? Unda nega kaltaklashyapti? Yo biror narsani aniqlash niyatidami bular? U holda nima uchun so'rashmaydi? Faqat kaltaklashadi?..

— To'g'riga qara! — baqirdi bittasi yuzimga musht tushirish asnosida.

Zarba kuchliligidan yuzimdan qon oqa boshladi.

— Iltimos, chiroqni o'chiringlar! — dedim zo'rg'a.

— Marhamat!

Navbatdagi zarba jigarim aralash kelib tushdi. Yo'q, yana shunaqangi zarbalardan ikki-uchtasini qabul qilib olsam, tamom. Hayot bilan bemalol vidolashaverishim mumkin.

— To'g'riga qara! — baqirishdi qaytadan.

To'g'riga bo'lsa, to'g'riga-da! Nima farqi bor? Baribir chiroq nuridan bo'lak hech narsa ko'rib bo'lmaydi.

To'g'riga qaradim-u, ular kaltaklashdan to'xtab