erouy.ru

Josuslar 4 (kamolov) copy (2-sahifa)

Boshqalar

nima endi? Yo rahbarlari soqchilarni tekshirib ko'rishmoqchimi? Yoki kimdir taqiqlangan hududga kirib qolganmi?..

Har qanday vaziyatda ham mening ahvolim og'irlashishi tayin edi. Agar soqchilar meni ham sezib qolishsa…

Yaxshilab zavod hovlisidagi shovqinga quloq soldim. Tushunmadim. Ular qayoqqa otlanishayapti? Kimni tutishmoqchi?

Kutilmaganda darvoza tarafdan yorituvchi raketa havoga otildi. Va o'nlab mashinalarning chiroqlari baravariga yondi. Nima qilishni bilmay qoldim. Nahotki, meni payqab qolishgan bo'lsa?

Har bir mashinaning yonida ikki nafardan qo'riqchi atrofni kuzatib turardi. Yana bittadan odam tunda bemalol ko'ra olish imkonini beruvchi asbob bilan mashina tomiga chiqib oldi. Hammayoq yorishib ketgan. Bu ahvolda sira tashqariga chiqib bo'lmasdi.

Yo'q, men qo'rqmasdim. Bizning ishda qo'rqish ketmaydi. Bizda qo'rquv — bu o'lim degani.

Men xavfga o'zimcha baho berdim. Lekin to'polon ko'tarmadim. Ko'tara olmasdim ham. Faqat kutish va kutish qoldi xolos. Ertami-kechmi, meni topa olishmagach, baribir bas qilishadi bu ishni. Hozirgi joyimdan yaxshirog'i yo'q. Axir, haftalab shu yerda turib kuzatishmaydi-ku!..

Oradan bir soatcha vaqt o'tib mashinalarning ba'zilari jo'nab ketishdi. Ularning o'rniga boshqalari kelib qatorga qo'shilishdi. Projektorlar yoqildi. Eng yomoni, ikkita ZIL zavod hovlisidan chiqib kelib men yashiringan joy yaqinida to'xtadi. Ular shunchalik yaqin ediki, tupursam, tupugim g'ildiraklariga bemalol tegardi. Haydovchilar va yana bir necha qurollangan erkaklar mashinalar atrofida aylana boshlashdi. Gap-so'zlaridan bildimki, qidiruv ular uchun ham kutilmaganda boshlanibdi. Hozir buyruqni kutishayapti ekan.

* * *

Tong otdi. Mashinalar hamon joylarida qotib turishardi. Faqat odamlar soni kamaydi.

Yo'q, nimadir qilishim kerak. Bu taxlit yana bir kunni o'tkazishni sira-sira istamayman. Emaklab ko'zdan g'oyib bo'lishim ham qiyin edi. Kuzatuvchilar shundoqqina yonimda izg'ib yurishibdi.

Kechasi unchalik katta bo'lmagan ilonni tutdim. Soqchilardan biri men yotgan chuqurga yaqin kelib qolganda ilonni oyoqlari ostiga irg'itdim. Soqchi birdan orqasiga o'girildi-yu, ro'parasida zaharli ilon boshini ko'targancha qotib turganini ko'rib mashina tomon chopdi. Sheriklari uning ustidan rosa kulishdi.

To'g'ri, bu ishim o'zim uchun ham sal bo'lmasa fojiali tugayozdi. Jahl otiga mingan boyagi qo'riqchi ortga qaytdi-da, ilonga qarata avtomatdan o'q uza boshladi. Xudo ko'rsatmasin, ilon men yotgan chuqurga tushsa…

Ko'z ochib yumguncha o'q ovozini eshitgan rahbarlari chopib kelishdi. Soqchini jazolashdi ham…

Kelasi tun men idishimdagi suvning so'nggi tomchilarini ichib tugatdim. Juda uyqum kelardi. Nima bo'lsa bo'lar dedim-u, uxlashga qaror qildim. Yo'q, qotib uxlash bizga umuman taqiqlangan. Shuning uchun kursda zarur bo'lib qolganda ora-sirada besh-olti daqiqadan uxlab olishga o'rgatishgan. Jussamni xurrak otmaydigan holatga keltirib oldim-da, ko'zlarimni yumdim. Baribir o'rganganimdek, har besh daqiqada ko'z ochar, va atrofni kuzatgan bo'lib qaytadan uyquga ketardim.

Ertasi kuni issiqdan azoblana boshladim. Terlamasdim. Ichimda ortiqcha suyuqlik qolmagandi terlashga. Faqat isitmam qirqqa chiqa boshladi. Agar yana ikki kun shu taxlit yotsam, o'lib ketishim hech gap emasdi. Bazo'r ochilib yumilayotgan ko'zlarim bilan ko'rdimki, qurollangan kishilar nimanidir aniqlashgan va soqchilar sonini yana ko'paytirishgan…

* * *

Shu ko'yi kunni kech qildim. Juda chanqagandim. Nima qilay?.. O'ylay-o'ylay, oyoqlarim, qo'llarim atrofida o'rmalab yurgan qo'ng'izlarni tutib so'rdim. Maqsadim chanqoqni sal bo'lsa-da qondirish edi. Hayotga bo'lgan qiziqishim ham so'nib borardi. Lekin anavilarning qo'lida emas, yaxshisi, mana shu yerda, mana shu ahvolda o'lishni afzal deb bilardim. Shunday ekan, chidashga majburman.

Afsuski, ular boshqacha yo'l tuta boshlashdi. Zavod hovlisidan traktor olib chiqib, orqasiga og'ir bir temirni mahkamlashdi. Traktor o'rnidan qo'zg'aldi. Uning orqasiga mahkamlangan temir yo'lida uchragan jonli-jonsiz narsani yo'q qilib borardi.

Ha, ular mening qaerdaligimni bilganga o'xshaydi.

Xo'sh, endi nima qildim?.. Biror yo'lini topmasam, hozir-hozir traktor chuqurni yer bilan bitta qilib ketadi. Yo soqchilardan birini imi-jimida yo'q qilib kiyimlarini kiyib olaymi? Yo'q. Uni yuzidan taniydi hammasi. Chuqurni yanada ichkariroqqa qarab kovlaymi? Traktorni qo'lga olaymi? Qaysisiningdir avtomatini tortib olib hammani baravariga o'qqa tutaymi? Ha, topdim. Mashinalardan birini olib qochaman. Buning uchun chuqurni boshqa joydan, iloji bo'lsa, mashinalarga yaqin yerdan kovlab, o'sha yerga berkinishim va qulay fursatni kutishim lozim.

Chuqurdan chiqdim-u, mashinalar tomon emaklay ketdim.

Ana, uch metrlar naridan bittasi o'tib ketdi. Meni sezmadi. Agar hatto bir millimetrga tezroq emaklaganimda sezib qolishi aniq edi. Yaxshiki, kursda o'rgatilganidek, juda sekinlik bilan emaklayotgandim.

Mana, nihoyat mashinaga yetib keldim. Shundan so'ng emaklash tezligimni oshirdim. Endi hammasi qanday himoya nuqtasini o'ylab topishim bilan bog'liq.

Mashinaning yonginasidan tor qilib chuqur kovlay boshladim. Kovlab bo'lgach, chuqurga tushdim. Boshimni tuproq bilan berkitdim. Faqat nafas olib turish uchun ingichka teshik qoldirdim…

* * *

Chuqurda o'tirganimcha hech bir harakatsiz tosh qotaman. Bu holat ayniqsa, necha kunlab chuqurda qimirlamay o'tirishlardan so'ng oson kechmasligi aniq. Bilaman, odam uzoq chidash bera olmaydi. Chidashi uchun o'z holatini xuddi qish bo'yi uxlaydigan hayvon tusiga kiritishi lozim. Men yurak urishimni sekinlashtirishim, tomirlarimda oqayotgan qon tezligini kamaytirishim kerak. Faqat quloqlarimnigina tinch qo'ysam bas. Chunki, ular menga tashqaridagi tovushlarni yetkazib, nimalar bo'layotganidan ogoh etib turadi. Qolgan a'zolarim, mayli, uxlashsin.

Kunduz. Shu atrofdan traktor o'tib ketdi. Mashinaning motorini o'chirishdi. Adashmasam, balonlarini damlashdi. Eng asosiysi, haydovchi ahmoqlik qilib mashinani yurg'azib yubormasa bo'ldi. Yo'qsa, meni yer bilan bitta qilib ketadi.

Tun. Sekin o'rnimdan turib mashinani kuzatdim. Xayriyat, haydovchi yo'q ekan. Motor buzilganiga amin bo'lgach, chuqurga qaytdim.

Kunduz. Yana uyoqdan-buyoqqa yurishayapti. Kelayotgan hidlarga qaraganda, sigaret chekishayotganga o'xshaydi. Ularga yaxshi. Men-chi? Shunchadan beri chuqurda och-nahor o'tiraverib, o'n kiloga ozib ketdim-ov!..

Tun. Ehtiyotkorlik bilan mushaklarimni ishga soldim va shu ko'yi jismoniy mashqlar qilishga urinib ko'rdim.

Kunduz. Azbaroyi chanqaganimdan tez-tez hushimdan ketib qolayapman. Lekin bilamanki, zahirada yana kuchim bor. Hali tirikman.

Mashinalar deyarli ketishdi. Faqat darvoza ro'parasida oxirgilari qoldi. Ular mening «Zil»larimning yonidan joy egallashdi. Ertaga ular ham ketishsa, tamom! Men bu jangda mag'lub bo'laman. Afsuski, orqaga yo'l yo'q. Kuchim ham qolmagan. Axir, besh kundan beri xuddi o'lik shaklida yotdim! Nimayam qilardim? Ajal men uchun juda qadrdon bo'lib qoldi. U meni qo'rqitmay qo'ydi, dahshatga solmaydi. Hatto, o'zimning ham o'rnimdan turgim kelmaydi.

Shunda dushmanim menga yana bir imkon yaratib qo'ydi. Ha, xato qildimi, yo atayin shunday yo'l tutdimi, ishqilib, mashinalarni ketishga buyurdi. Traktorni ham hovliga olib kirib ketishdi. Faqat mening tepamdagi buzuq mashinagina qoldi. Bu imkoniyatdan foydalanib qolmaslik g'irt ahmoqlik bo'lsa kerak. Ha, yo chuqurni o'zgartirishim, yo…

Atrofni ko'zdan kechirdim. Hammayoqqa chiroq qo'yib tashlashgani sabab, kuzatish juda osonlashgandi. Ohista borib mashinaning ostki qismiga mahkam yopishgancha osilib oldim. Buning hayron bo'ladigan joyi yo'q edi. Negaki, ertalab chuqurdan chiqish xavfli. Ko'rib qolishlari hech gap emas.

Shu ko'yi tunni o'tkazdim. Baxtimga erta tongda kimlardir mashinani uzoq vaqt kovlashtira-kovlashtira, oxiri tuzatishdi. Motorga o't qo'yildi. Men bo'lsam, xursandligimdan qo'llarimning uvishib qolganini ham butkul unutgandim.

Nihoyat mashina o'rnidan qo'zg'aldi. «Zil» darvozadan o'tib to'xtadi. Qo'riqchi kabinadagi haydovchi bilan nimalarnidir gaplashgach, bortni, ballonlarni tekshirgan bo'ldi.

— Hayda!

Mashina ayvonga kirib boshqa mashinalar yonida to'xtadi. Haydovchilar so'kina-so'kina ichkariga yo'l olishdi.

Jimlik.

Endi buyog'iga qanday yo'l tutishni o'ylab ko'rish kerak. Kunzudi bu yerda qolib ketib bo'lmaydi. Darrov payqab qolishadi. Xo'sh, qanday qilib tashqariga chiqaman? Hammyoqda projektorlar nur taratib yotgan bo'lsa. Devorlar atrofida itlar izg'ib yurishibdi. Devor ustilariga bo'lsa, signalizatsiyalar o'rnatib tashlashgan. Ustiga chiqish uyoqda tursin, ikki metr qolganda siganllar chor tarafdan chalinib ketadi. Mayli, hozir hech narsa o'ylab topa olmayman. Yaxshisi, berkinish yo'lini qidiraman. Men ko'mir yuklangan mashinani esladim. Ha, ko'mir borki, demak, o'rtalarida berkinsa bo'ladigan joy albatta bo'ladi.

Sekin pastga tushdim-da, yelkamga sal narida yotgan qo'riqchilar kostyumini tashlab oldim. Endi yashirinib yotishning zarurati yo'q.

Yorug'likka chiqmasdan pechkaxonagacha yetib oldim. U yerga ko'mirni uyib tashlashibdi. Shosha-pisha orasini yorib kirdim-u, ustimga ko'mirlarni torta-torta berkindim…

Kunduzi sekin ko'mirlar orasidan chiqdim. Kiyimlarim qop-qora edi. Panalab-panalab borib jangarilar uchun ajratilgan kazarmani, sal narida rahbarlar turadigan xonalarni ko'rdim. Ha, xuddi shu yerda tobutlarni safarga tayyorlashadi.

Kechga borib mashinalar birin-ketin jo'nab keta boshlashdi. Lekin men ularga yashirina olmasdim. Har bir mashinani sinchkovlik bilan tekshirib keyin tashqariga chiqarishayapti. Qaytadan ostiga yopishib olsammikan? Biroq tunda jo'naydiganini qanday aniqlayman? Katta yo'lda tezlikni oshiradi. Men ostiga yopishib olgancha qancha chidab bora olaman? Orqadan kelayotganlari chiroqlarini yoqib olishadi. Ular ko'zidan o'zimni qanday pana qila olaman?

Xo'sh, qaysi mashinalarni birinchi bo'lib tashqariga chiqarishadi tunda? Rahbarlarnikinimi? Yo'q, adashmasam, benzin tashiydiganlarini. To'xta, shulardan birontasini yoqib yuborsam-chi? To'liq yonib bo'lguncha turib berisharmikan? Yo shu zahoti o'chirib tashlasharmikan? Xo'p, yonidirb yubordim ham deylik. Bunday ishni go'yoki ko'ngilsiz hodisa ro'y bergan kabi amalga oshirish zarur. Men ekanimni zinhor bilmasliklari lozim. Qanday amalga oshiraman? Portlovchi moddani benzin to'ldirilgan mashinaga o'rnatish… Balki, shu yo'l ma'qulroqdir.

Buning uchun odam bashara bo'lib olishim talab etiladi.

Tezda egnimga boyagi qo'riqchilar kostyumini qaytadan kiydim. Shimimni mahkamroq tortib mahkamladim. So'ngra tashqariga chiqib olib, benzin to'ldirilgan mashinalardan biriga yaqin borgancha ostiga plastik portlovchi moddani yopishtirdim. Lekin portlatuvchi tugmachani bosmadim. Orasiga ikki dona to'pponcha o'qidan tiqdim. Tashqariga chiqib kran tepasida yonib turgan lampochkani bo'shatib oldim-da, mix bilan avaylab bir chetini teshdim va ichini benzinga to'ldirdim. Uni patronga mahkamladim. Bomba tayyor. Yerga ham benzin sepib chiqqach, o'zimni chetga oldim. Ana endi haydovchi kelib kranga yaqinlashadi. Shunda yerga sepilgan benzinga sirg'anib ketadi. Shunda lampochkada varanglab portlaydi. Ozgina uchqun yerga tushsa bas. Ko'ribsizki, bomba portlagach, yong'inning haqiqiysi boshlanadi.

Men tezlik bilan berkinishim shart. Qidira-qidira, bir chetda turgan qutini ko'rib qoldim. Bu ichkariga ochiqdan-ochiq kirib olishim uchun qo'l kelardi. Qutini yelkamga oldim. Juda og'ir ekan. Chayqala-chayqala darvozaga yaqin bordim.

— Qaerga? — so'radi qo'riqchi.

— Menga… Qutini… Olib kirishimni buyurishdi. — dedim biroz tutilib.

Qo'riqchi esnay-esnay ortga qaytdi.

Bino ichiga kirib oldim-u, o'zimga kerakli eshikni darrov topdim. Xuddi shu xonada tobutlarni yo'lga hozirlashadi. Ana shu yerda jimgina turishni va kutishni lozim topdim. Taxminan yarim soatlar o'tib hovlida kuchli portlash ovozi eshitildi. Bunaqasini, to'g'risi, kutmagandim. Osmonga ko'tarilgan yong'in alangasi darvozagacha yetib bordi. Hammayoq shovqin-suronga to'ldi. Kimlardir baqirib kimnidir chorlagan, kimlardir so'kingan…

Men bu gal xotirjam hovliga chiqdim. Hovlida uyoqdan-buyoqqa chopayotgan qo'riqchilar ham, jangarilar ham e'tibor berishgani yo'q. Sezganlarida ham sir boy bermagan bo'lardim.

Shoshilmasdan tobutlar joylashgan xonaga kirdim.

Endi mening oldimda jirkanch bir ish turardi. Tezda o'zimga to'g'ri keladigan tobutni topib ichiga kirish va berkinish. Chunki, bunday to'polonda tobutlarni tekshirib o'tirish hech kimning xayoliga kelmaydi. Mashinaga tez-tez ortishadi-yu, olib ketishadi. Menga aynan shuniki kerak.

Tobutni topgach, ichidagi murdani ko'tarib olib ko'zdan panaroq yerga yashirdim-da, o'rniga kirib yotdim va ustimga qopqoqni yopdim. Tobutning ichida formalin hidi anqib ketgandi.

Ammo bizning ishda ham ba'zi kutilmagan voqealar sodir bo'lib turarkan. Buni men ayni damlarda his etdim. Xatoga yo'l qo'yganimni anglab yetdim.

— E, bu axlatni boshingga urasanmi? — chamasi kimdir tobutlarni olib chiqish uchun kelgan shekilli, sheriklaridan biri qaytargan bo'ldi. — Tashlasang-chi! Hozir bu xonayam portlab ketishi mumkin. Kech bo'lmasdan daf bo'lishimiz zarur…

Yana jimlik hukm sura boshladi. BOyagilar allaqachon xonani tark etishgandi.

Qiziq. Nega tobutlarni tashlab qochishayapti? Axir, bu ularga suv va havodek zarur-ku!.. Ha, ularga hayoti ko'proq kerak. Nazarimda yong'in tobora kuchayib borayapti-yu, hammalari tipirchilab qolishgan.

Shartta qopqoqni olib tashladim-u, tobutdan chiqdim.

— O'la, — derdim o'zimga o'zim. — dushmanni chalg'itaman deb qovun tushirdim!.. Tag'in superagent emish. Qanaqa superagentman?..

Haqiqatan butun bino yonardi. Shu jumladan men turgan xona ham tutunga to'lgan. Yugurgancha tashqariga chiqdim. Boshimga qo'riqchilar kostyumini tashladim-da, yong'in orasida chopib ketdim. Maqsad bitta edi. Darvozaga yetib olish.

Mashinalar ham bir-birini qisgancha darvoza tomon ketib borardi.

Nega bular shoshilishayapti-yu, yong'inni o'chirishmayapti?.. Nimalar bo'layapti o'zi?..

— Senga nima? — o'zimni o'zim urishgan bo'ldim xayolan. — Indamay ketavermaysanmi?! O'z vazifangni ado etding. Yana nima kerak senga?

Mashinalar, yugurgancha tashqariga intilayotgan odamlar meni ilgarilab borishardi. Endigina tashqariga chiqqan ham edimki, navbatdagi binolardan birining tepasida alanga paydo bo'lib, kutilmaganda kuchli portlash sodir bo'ldi. Jonholatda yerga yotib kostyum bilan boshimni berkitdim.

Ha-a, bomba deganlari hazilakam narsa emas. Hammayoqni ostin-ustun qilib yubordi-ya!.. Yaxshiyamki, shu fikr miyamga kelgan ekan. Yong'in borib-borib qurol-yarog' saqlanadigan xonalarni egallagan-u, manavinaqangi portlashlarni keltirib chiqargan.

Bu ham mayli. Ish bitdi. Shahargacha qanday yetib olaman?

Tavakkal yo'lga tushdim. Biroq manavi qop-qorayib ketgan kiyimda uzoqqa borib bo'lmaydi. Odamlar yashaydigan uylarga yaqin borgach, birinchi uchragan kiyim ilgichdan kimlarningdir yuvib, quritilgan ust-boshini o'g'irlab kiydim. O'shalarda do'konga kirib o'zimga yangi kiyimlar sotib oldim. Hojatxonaga kirib sotib hozirgina sotib olgan piskada o'sib ketgan soqolimni oldim. Xullas, bir amallab odam qiyofasida shaharga yetib keldim-u, uyga yo'l oldim.

Afsuski, yetib kelganimda birdan to'xtadim. Men yashayotgan uyga kimdir yaqinlashib kelgandek tuyulaverardi. Negadir xavotirga tusha boshlagandim.

— Doimo yuragingizga quloq tuting. — yodimga bir paytlar instruktor aytgan gaplar tushdi. — Esingizda bo'lsin, ko'zlarimiz biz his etadigan narsalarga nisbatan ko'proq narsani ko'radi. Agar tevaragingizda qandaydir xavfni his eta boshlasangiz, darhol hushyor torting. Balki, allaqachonlar yodingizdan chiqib ketgan narsani krgansiz-u, keyinroq buni payqab qoldingiz.

Nima bo'ldiykin?

Zinalardan ehtiyotkorlik bilan ko'tarilib borarkanman, ko'rdimki, eshigimning tutqichi pastga tushirib qo'yilgan. Agar hammasi joyida bo'lsa, yonga qarab turishi lozim edi.

Shu payt yuqori qavatdan qadam tovushlari eshitildi. Avvaliga yuqori qavatda yashaydigan kampir bo'lsa kerak deb o'ylagandim. Bunday bo'lib chiqmadi. Ro'paramda ikki nafar gavdali, kelishgan yigitlar jilmayib turishardi. Ana shu lahzalarda yuragim nega g'ash tortganini, nega xavotirga tushganim sababini tushunib yetdim.

Tag'in instruktorning so'zlarini esladim.

— Agar dushmanni qon to'kmasdan yengmoqchi bo'lsangiz, uni o'z uyingizga joylashtiring!

O'zingizga nisbatan unda ishonch tuyg'ularini uyg'otish g'alaba qilishning antiqa usuli hisoblanadi.

Yo'q, men bunga ulgurmasdim. Bu zo'ravonlar yuqorida yashaydigan kampirning kvartirasini nishonga olishganini payqadim. Ko'zlangan eshikka yetishlariga to'qqiztagina zina qolgandi. Ulardan oldin borib eshik qo'ng'irog'ini bosishga ulgurdim.

— Salom Zina xola! — deya baland ovozda hol so'radim menga eshikni ochib endigina tashqariga qadam bosgan kampirni qornim bilan turtib ichkariga yo'llarkanman. — Sog'lig'ingiz yaxshimi?

Shu asnoda ustalik bilan sumkamdagi ko'zdan yosh oqizuvchi ballonchani qo'limga oldim-da, podyezd tomon qaratib tugmachasini bosdim va o'zimni ichkariga oldim. Ko'z ochib yumguncha podyezdni baqir-chaqir, yigitlarning so'kingan tovushlari bosib ketdi. Men bo'lsam, balkonga chiqdim-u, devorni yondab o'tgan trubaga osilib pastga tusha boshladim. Yo'l-yo'lakay kampirga tayinlashni ham unutmadim.

— Zina xola, tez militsiyaga qo'ng'iroq qiling! Podyezdda bezorilar bor!

Yergacha tushib o'tirmadim. Buning iloji ham yo'q edi. Atigi ikki-uch soniya ichida bezorilar tashqariga chiqib ulgurishlarini bilaman. Qolaversa, hozir militsionerlar yetib kelishsa, qo'lga tushishim aniq. Bu holatda uzoqqa qochib bora olmayman.

Xayriyatki, cho'ntagimda tutun hosil qiluvchi shashkachalar mavjud edi. Podyezdlardan biriga shoshilinch kirdim-da, ularni ishga soldim. Bir zumda butun uy atrofi tutunga to'ldi.

— Yonayapti! — qichqirdim kvartiralaridan chopib chiqayotgan odamlarga. — Tez o'chirish kerak! Yong'in!

Shu ko'yi kvartiralardan biriga kirib bordim. Ichkarida uy bekasigina bor ekan. Meni ko'rib ranglari oqardi, oyoq-qo'lida titroq turdi.

Men uning lab bo'yog'ini olib lablarimni yaxshilab bo'yadim. Egnimdagi kiyimlarni yechib tashlab, ayolning xalatini egnimga ildim. Boshimga yasama soch kiydim.

— Men hozir qaytaman, kechiring!..

Bu orada o't o'chiruvchilar bilan birga «Tez yordam» mashinasi ham yetib kelgandi. O'zimni ayol ko'rinishida ko'rsatib, ovozimni ham o'zgartirib baqira boshladim.

— Voy-voy-ey-y!.. Nafasim bo'g'ilib ketayapti!.. Yordam beringlar!..

— Xola, o'zingizni bosing! Hammasi yaxshi bo'ladi!..

Zambil ko'targan ikki sanitar shu zahoti qarshimda hozir bo'ldi va meni zambilga yotqizib mashinaga yuklashdi. Shunda ham o'zimni xuddi tutun tufayli ahvoli og'irlashib qolgan ayol kabi tutar, tinimsiz qichqirar, inqillardim.

Mashina o'rnidan qo'zg'alib, tez orada katta yo'lga chiqib oldi. Endigi niyatim yarim yo'lda mashinadan tushib qolish. Buyog'iga Xudo poshsho. Asosiysi, militsionerlar ko'zidan panadaman.

— Yigitlar, mening ahvolim yaxshi. — dedim yalingan ohangda. — Shu yerda tushib qolay! Ertaga kasalxonaga o'zim borib sizlarni zo'r vino bilan mehmon qilaman.

Haydovchi ikkilana-ikkilana mashinani to'xtatdi.

— Bo'pti, xavotir olmanglar, men yaxshiman! — deya baqirdim yurib ketayotgan mashina ortidan…

Ana, endi do'kon topib yangi kiyim sotib olmasam bo'lmaydi. Chunki, bu ahvolda meni odamlar ko'rsa, psixbrigadani chaqirib yuborishdan ham toyishmaydi. Jinnixonadagilardan esa, osonlikcha qutulib bo'psan.

* * *

Eh, bugungi kun g'alati bo'ldi! Baravariga ikkita yong'in!.. Keyingisi yong'in bo'lmasa-da, baribir jonimni saqlab qolishim uchun qo'l keldi. Zo'r ish bo'ldi!..

Men kerakli kiyimlarni xarid qilib avtobus bilan ikki soat deganda mehmonxonaga yetib bordim. Shu yerda tunadim. Ana endi bittagina ish qoldi. Rezidentning o'lik mushuk ichidagi konteynerini qo'ltiqqa qisgancha doimiy yashash joyimga yetib borish. Faqat… Samolyotga qanday chipta olaman? Yo poezdga olsammikan? Yo'q, buyam menga to'g'ri kelmaydi. Yuk tashiydigan poezdga chiqib olsam-chi? Ayniqsa, ko'mir tashiydigani bo'lsa, yana yaxshi.

Buning ham ilojini topdim. Vagonlardan biriga ko'mir